Ruziev Yunus Samandarovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Zarafshon vodiysida yashovchi emizikli ayollarda essensial gemopoetik mikroelement-temir almashinuvi», 03.00.08–Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/B93.

Ilmiy rahbar: Miraxmedov Anvar Karimovich, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.V.38.01.

Rasmiy opponentlar: Kuchkarova Lyubov` Salijanovna, biologiya fanlari doktori, professor; Nurbaev Baxtiyor Shirinovich, biologiya fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot: Andijondavlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Samarqand va Toshkent viloyatlarida yashaydigan emizikli ayollar va ulardan tug‘ilgan bolalar organizmidagi temir almashinuvining fiziologik jarayonlarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

emizikli ayollar suti va qoni tarkibidagi temirning miqdori ular yashayotgan hududlarga bog‘liq holda farqlanishi aniqlangan;

sog‘lom va temir tanqisligi anemiyasiga chalingan emizikli ayollar suti va qonidagi temirning miqdori turlicha bo‘lishi qayta isbotlangan;

emizikli ayollar suti tarkibidagi temir miqdorining o‘zgarishi ulardan tug‘ilgan bolalar organizmidagi temir almashinuviga ta’siri aniqlangan;

qon zardobi tarkibidagi transferrinni turli xil molekulyar izoshakllarining miqdorini aniqlash imkonini beruvchi test-diagnostikum takomillashtirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Zarafshon vodiysida yashovchi emizikli ayollarda essensial gemopoetik mikroelement-temir almashinuvi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

turli hududlarda istiqomat qiluvchi emizikli ayollar suti va qoni tarkib jihatdan farqlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018 yil 28 maydagi 03-03/2-2634-con ma’lumotnomasi). Natijada turli biogeokimyoviy xududlarda istiqomat qiluvchi emizikli ayollar suti va qoni tarkibining ekologik omillar ta’sirida o‘zgaruvchanligi aniqlash orqali aholi salomatligiga ta’sir ko‘rsatayotgan ekologik omillarni qiyosiy baholash imkonini bergan;

temir tanqisligi gipomikroelementozni barvaqt aniqlash bo‘yicha tadqiqot diagnostikasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar F6-004 raqamli «Ul`tradispers temirning struktura-funksional o‘zaro bog‘liqligi va uning ta’sir mexanizmini o‘rganish» mavzusidagi fundamental loyihasida temirning ta’sir mexanizmini baholashda foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirish agentligining 2017 yil 28 dekabrdagi FTA-02-11/1381-con ma’lumotnomasi). Natijada oshqozon-ichak traktidagi absorbsiya jarayonlari, qon aylanishi va to‘qima-depo transportining aniqlanishi orqali organizmdagi metalloproteidlar katabolizmini baholash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish