Chinikulov G‘ayrat Rasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Bukantog‘ va Tomditog‘ uranma’danli hududlarida qumtosh turidagi uran ma’danlari shakllanishi xususiyatlari», 04.00.02 – Qattiq foydali qazilma konlarining geologiyasi, ularni qidirish va razvedka qilish. Metallogeniya va geokimyo (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/GM182.
Ilmiy rahbar: Sultonov Pulatjon Salimovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Geologiya va geofizika nistituti” DM.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Mineral resurslar instituti” DM, DSc.24/30.12.2019.GM.40.01.
Rasmiy opponentlar: Karabaev Mamatxan Sadirovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor; Razikov Odil Taxirdjanovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: «Regionalgeologiya» DM.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Bukantog‘ va Tomditog‘ uranma’danli hududlarida tarqalgan qumtosh turidagi uran ma’danlashuvining litologik-fatsial, strukturaviy, gidrogeologik va morfologik xususiyatlarini o‘rganish, qidirish me’zonlarini ishlab chiqish va istiqbolli maydonlarni ajratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ma’dan uyumlarining shakllanishida ma’dan qamrovchi gorizontlarning qalinligi, litologik-fatsial xususiyatlari, yotish sharoitlari va yotish burchaklari muhim ahamiyatga ega ekanligi asoslangan;
Bukantog‘ va Tomditog‘ uranma’danli hududlarda uranma’danli uyumlarning shakllanishi bilan bog‘liq bo‘lgan mahalliy va mintaqaviy tektonik strukturalarning tarqalish xususiyatlari aniqlangan;
yirik tektonik strukturalar kislorodli qatlamlararo erosti suvlarini uranga to‘yintirish, kichik mahalliy tektonik strukturalar esa ushbu suvlarning ma’dan qamrovchi gorizontlarda mo‘tadil sirkulyasiyasini ta’minlash uchun sharoit yaratib berganligi aniqlangan;
uranga boy ma’danlar braxiantiklinal strukturalarning pereklinal tugallanish qismida va strukturaviy burunlarda hosil bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Bukantog‘ va Tomditog‘ uranma’danli hududlarida tarqalgan qumtosh turidagi uran ma’danlari shakllanishi xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Bukantog‘ va Tomditog‘ uranma’danli hududlarida uranma’danli gorizontlarning stratigrafik, tektonik-strukturaviy va litologik-fatsial xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar “Navoiyuran” DK “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazining amaliyotiga joriy qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 13 noyabrdagi 08-4001-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, uranma’danli gorizontlarning stratigrafik, tektonik-strukturaviy va litologik-fatsial sharoitlarini batafsil tavsiflash imkonini berdi;
uranma’danli hududlarda tarqalgan uranma’danli gorizontlarning tarkibiy xususiyatlari va ularning uran ma’danlashuvi bilan aloqadorligi bo‘yicha ma’lumotlar “Navoiyuran” DK “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazining amaliyot ishlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 13 noyabrdagi 08-4001-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, uranga istiqbolli maydonlarni ajratish imkonini berdi;
bo‘r va paleogen davri yotqiziqlari bilan bog‘liq bo‘lgan foydali qazilmalarni bashoratlashning fatsial va strukturaviy mezonlari “Navoiyuran” DK “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazining qidiruv ishlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 13 noyabrdagi 08-4001-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rganilgan hududning shimoliy-sharqiy qismida Balxash ma’dan namoyoni va janubi-sharqiy qismida Jengeldi istiqbolli maydonini ajratish imkonini berdi.