Odinaev Bekqul Imamqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek nutqiy muloqotining lingvopragmatik xususiyatlari (Erkin A’zam asarlari misolida)”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Fil1830.
Ilmiy rahbar: Pardaev Azamat Baxronovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Maxmaraimova Shoxista Tuxtashevna, filologiya fanlari doktori, professor; Yuldashev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi muloqot lingvopragmatikasi masalalarining Erkin A’zam asarlarida xususiy voqelanish omillarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nutqiy faoliyatning turli sharoit, vaziyatlarda o‘rinli va maqbul tarzda amalga oshishi nutqiy ifodaning salomlashish, shikoyat, xayrlashuv kabi ochiq, ishora, shama, qochirim kabi yashirin ma’nolari kontekstda namoyon bo‘lishi aniqlangan;
badiiy asarda lisoniy shaxs xususiyatlarini aniqlashga xizmat qiluvchi ziddiyat, kontrast, emotsiya kabi vositalarning nutqiy aktlar orqali Erkin A’zamning “Turmush”, “Manana”, “Bir daqiqa ko‘zingni yum”, “Hulo‘l” hikoyalaridagi tabrik, kechirim so‘rash singari ijobiy, maqtanchoqlik, haqorat kabi salbiy hamda afsus, maslahat singari neytral baho munosabatlari ochib berilgan;
muloqot jarayonida lisoniy vositalar yordamida yuzaga kelgan zavqlanish, mamnunlik, afsuslanish, qayg‘u kabi emotsional holatlarning asar motivini belgilash, personajlar portretini chizish, ularning xatti-harakatlarini tasvirlashdagi ruhiy holat, ma’naviy qiyofa, ijtimoiy mavqe kabi pragmatik ma’nolari asoslangan;
adib asarlaridagi presuppozision holatlar, individual neologizmlar, iboralarning “azozilning urg‘ochisi”, “ayni risolabop”, “sof soyaparvar” singari o‘zgarishli qo‘llanishi hamda iste’mol doirasi chegaralangan qatlamga oid qo‘sqi, o‘shak, bachchag‘ar, ukkag‘ar kabi dialektizm, varvarizm, vulgarizmlardan foydalanish mahorati dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi. O‘zbek nutqiy muloqotining lingvopragmatik xususiyatlari (Erkin A’zam asarlari misolida) mavzusida olib borilgan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
nutqiy muloqotning turli sharoit, vaziyatlarda o‘rinli va maqbul tarzda amalga oshishini nutqiy ifodaning illokutiv maqsadiga bog‘liq holda tadqiq etish, har xil ifodalarning turli kontekstlarda namoyon bo‘lishi, lisoniy vositalar yordamida nutqiy ifodalar shakllanishi xususidagi xulosalaridan Evropa ittifoqining Erasmus+ dasturi 585845-EPP-1-2017-1-ES-EPPKA2-CBHE-JP CLASS: “Developing Interdiceplanary Master Program on Computational Linguistics at Central Asian Universities” grant loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Samarqand davlat chet tillar institutining 2023-yil 26-iyundagi 1884/30.02.01-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning elektron platformasidagi Modullar kontentini shakllantirishda chet tili o‘qituvchilarining muloqot madaniyatini shakllantirishning ilmiy-nazariy jihatlari hamda magistratura mutaxassisligi o‘quv dasturidagi fanlarning o‘quv kotentini ishlab chiqish, fanning o‘quv materiallari mukammalligi ta’minlangan;
badiiy asarda lisoniy shaxsning namoyon bo‘lishi va nutqiy muloqot samaradorligini ta’minlashdagi o‘rni, adib asarlari misolida pragmalingvistik vositalarning lisoniy va badiiy-estetik asoslarini aniqlash xususidagi ilmiy xulosalar FA-F1-005 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” (2017-2020) nomli fundamental loyihaga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2023-yil 11-maydagi 308/1-son ma’lumotnomasi). Natijada fundamental loyiha doirasidagi maqolalar, monografiyalar hamda adabiyotshunoslik tadqiqi, badiiy asar tilini o‘rganish yuzasidan olib borilgan tadqiqotlar ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilgan;
muloqotning lisoniy tuzilishi, lisoniy vositalar yordamida yuzaga keladigan emotsional holatlar haqidagi xulosalaridan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida 2023-yil 6-iyun kuni efirga uzatilgan “Assalom, Samarqand!” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Samarqand viloyati teleradiokompaniyasining 2023-yil 27-iyundagi 01-07/224-son ma’lumotnomasi). Natijada tomoshabinlarning o‘zbekona muloqot xulqi, muloqot odobi, muloqot samarasi, milliy tafakkur tushunchalari mazmunini teranroq anglashida ijobiy samara bergan;
adib asarlarining pragmalingvistik xususiyatini ochib beruvchi presuppozision holatlar, dialektizm, varvarizm, vulgarizmlardan pragmatik maqsadda foydalanish mahorati xususidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi “Sadoqat” ijodiy to‘garagida badiiy asarni tahlil qilish, davra suhbatlari va ilmiy seminarlar o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2023-yil 17-iyuldagi 37-son ma’lumotnomasi). Natijada to‘garak a’zolarining badiiy asar tili, badiiy tasvir va ifoda vositalariga oid bilim ko‘nikmalarini oshirishda ilmiy asos vazifasini bajargan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish