Maxmudov Dilmurod Rozmetovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Harbiy xizmatchilarning davlat majburiy sug‘urtasini fuqarolik-huquqiy tartibga solish” (ingliz tili misolida) 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro’yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Yu273.
Ilmiy rahbar: Narmatov Nuriddin Soatmuradovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O’zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
IK faoliyat ko’rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.I.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Aminjanova Matluba Axmedovna, yuridik fanlar doktori, professor; Usmanova Muborak Akmaldjanovna, yuridik fanlar doktori, professor; Chiniev Dilshod Abdimuminovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molikligi.
II.Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida harbiy xizmatchilarning davlat majburiy sug‘urtasini fuqarolik-huquqiy tartibga solish bo‘yicha milliy qonunchilikni rivojlantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonida ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisa tufayli vafot etish va halok bo‘lish hodisasiga korxonalar va tashkilotlar hisobidan sug‘urta qilingan jismoniy shaxslarning merosxo‘rlari – sug‘urta puliga vorislik huquqini tasdiqlovchi guvohnoma, shuningdek, shaxslar – ularga yo‘lovchilarning majburiy sug‘urtasi yuzasidan sug‘urta summalariga hamda fuqarolarga qarashli mol-mulkning majburiy sug‘urtasi yuzasidan sug‘urta tovoni summalari bo‘yicha merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma taqdim etgan hollarda davlat bojini to‘lashdan ozod etish tartibini qonunchilikda belgilash zarurati asoslab berilgan;
Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga harbiy xizmatchilarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida to‘lanadigan sug‘urta summasi miqdorini tashkilot mavqeyidan emas, balki insoniylik tamoyilidan kelib chiqib bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilash zarurati asoslab berilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimidagi vazirlik (idora)larning oddiy askar, serjant yoki ofiserlar tarkibiga mansub lavozimlarda harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchining hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash bilan bog‘liq majburiyatlarini belgilash zarurati asoslab berilgan;
majburiy davlat sug‘urtasini o‘tkazish bo‘yicha mavjud monopoliyani bartaraf etish hamda xususiy sektorni keng jalb qilish asosida sug‘urta kompaniyalarini ushbu sohaga ochiq tanlovlar asosida jalb qilish tartibini belgilash yo‘li bilan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish zarurati asoslab berilgan;
sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlarini davlat ro‘yxatidan qayta o‘tkazilganda qonuniylikni ta’minlash, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olish, davlat bojini to‘lash tizimini joriy etish maqsadida bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 4 baravari miqdorida davlat boji to‘lanishini joriy etish zarurati asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Harbiy xizmatchilarning davlat majburiy sug‘urtasini fuqarolik-huquqiy tartibga solish tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonida ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisa tufayli vafot etish va halok bo‘lish hodisasiga korxonalar va tashkilotlar hisobidan sug‘urta qilingan jismoniy shaxslarning merosxo‘rlari sug‘urta puliga vorislik huquqini tasdiqlovchi guvohnoma, shuningdek, shaxslar – ularga yo‘lovchilarning majburiy sug‘urtasi yuzasidan sug‘urta summalariga hamda fuqarolarga qarashli mol-mulkning majburiy sug‘urtasi yuzasidan sug‘urta tovoni summalari bo‘yicha merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma taqdim etgan hollarda davlat bojini to‘lashdan ozod etish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 06 yanvardagi O‘RQ-600-son “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunining 11-moddasi 10 va 14-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020 yil 07 sentyabrdagi 02/3-147-son dalolatnomasi). Ushbu taklifni amaliyotga joriy etilishi notarial harakatlar amalga oshirilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladigan holatlarga aniqlik kiritilishida xizmat qilgan;
Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga harbiy xizmatchilarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida to‘lanadigan sug‘urta summasini bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilash bo‘yicha taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 13 martdagi PF-34-son “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining birinchi qismi “a” kichik bandi uchinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2024 yil 06 fevraldagi 10/309-son malumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimidagi vazirlik (idora)larning harbiy xizmatchining oddiy askarlar, serjantlar va ofiserlar tarkibiga mansub lavozimlarda harbiy xizmatni o‘tash davrida sug‘urtalanishini ta’minlash bilan bog‘liq majburiyatlarini belgilash bo‘yicha takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 sentyabrdagi PQ-4447-son “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida ofiserlar tarkibiga mansub lavozimlarda harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risida”gi kontraktning 3-qismi “v” kichik bandini hamda ushbu Nizomning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oddiy askarlar va serjantlar tarkibiga mansub lavozimlarda harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risida”gi kontraktning 3-qismi “v” kichik bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 10 yanvardagi PQ-4447-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni amaliyotga joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimidagi vazirlik (idora)ning harbiy xizmat jarayonida harbiy xizmatchining sug‘urtalanishini ta’minlash bilan bog‘liq majburiyatlarini belgilashga xizmat qilgan;
majburiy davlat sug‘urtasini o‘tkazish bo‘yicha eksklyuziv huquqlarni bekor qilish, shuningdek, sug‘urta kompaniyalarini ushbu sohaga ochiq tanlovlar asosida jalb qilish tartibini belgilash orqali shaffoflikni ta’minlash yuzasidan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 17 avgustdagi 454-son “Vazirlar Mahkamasining “Harbiy xizmatchilar va harbiy majburiyatli shaxslarning, oddiy askarlar hamda boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxsalarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi to‘g‘risida” 1994 yil 26 yanvardagi 38-son qaroriga eksklyuziv huquqlarni bekor qilish yo‘li bilan mavjud monopoliyani bartaraf etish hamda xususiy sektorni keng jalb qilishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarorining birinchi bandini va uning ilovasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 29 yanvardagi 12-15-10-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi harbiy xizmatchilar va harbiy majburiyatli shaxslarning, oddiy askarlar hamda boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxsalarning davlat tomonidan majburiy shaxsiy sug‘urta qilinishida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish yo‘li bilan mavjud yakka monopoliyani bartaraf etishga hamda xususiy sektorni keng jalb qilishga xizmat qilgan;
sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlarini davlat ro‘yxatidan qayta o‘tkazishda davlat bojini to‘lash tizimini joriy etish, xususan, qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganda bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 4 baravari miqdorida davlat boji to‘lanishini amaliyotga kiritishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 20 maydagi “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-619-sonli qonunning 7-moddasi 6-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 21 avgustdagi 15-son ma’lumotnomasi). Taklifning joriy etilishi sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlarini davlat ro‘yxatidan qayta o‘tkazishda davlat bojini to‘lash tizimini yo‘lga qo‘yishga xizmat qilgan.