Hamidov Azizbek Olimjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Sud qarorlari ijrosini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish masalalari”, 12.00.07 -“Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura” (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Yu803.
Ilmiy rahbar: Xabibullaev Davlatjon Yulchiboevich, yuridik fanlar nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Raximov Faxri Haydarovich va yuridik fanlari nomzodi Olimova Kamilaxan Kamalitdinovna.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sud qarorlari ijrosini tashkil etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ijro ishini yuritishga oid bugungi kunda amaldagi qonun va qonunosti normativ huquqiy hujjatlarni mujassamlashtirgan holda ijro ishi yurituvining mukammal, mustahkam huquqiy asosini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ijro ishi yuritish kodeksini qabul qilish asoslantirib berilgan;
sud hujjatlari asosida berilgan ijro varaqalarini ijroga topshirish muddatini sohani tartibga soluvchi asosiy qonun hujjatida uch yil etib belgilash asoslantirilgan;
aliment undirish haqidagi ijro hujjatlari ijrosi ustidan idoraviy nazoratni yanada takomillashtirish maqsadida aliment undiruvlarini tashkil etish va ijro qilishning shaffof tizimini joriy qilish, ya’ni aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimini yaratish asoslab berilgan;
har bir undiruvchiga to‘lanayotgan, shu jumladan ish haqidan ushlab qolinayotgan aliment pullari ularning nomiga maxsus ochiladigan bank hisob kartalari orqali amalga oshirilishi va bu jarayonni taklif etilayotgan yagona axborot tizimi bilan integratsiya qilish asoslantirib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sud qarorlari ijrosini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish masalalari mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
ijro ishini yuritishga oid bugungi kunda amaldagi qonun va qonunosti normativ huquqiy hujjatlarni mujassamlashtirgan holda ijro ishi yurituvining mukammal, mustahkam huquqiy asosini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ijro ishi yuritish kodeksini qabul qilish haqidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4236-sonli Qarori loyihasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2024 yil 11 yanvardagi 27/2-11-24-son dalolatnomasi). Mazkur taklifni amalga oshirilishi ijro to‘g‘risidagi qonunchilikni kodifikatsiya qilinishiga xizmat qilgan;
sud hujjatlari asosida berilgan ijro varaqalari – uch yil muddat ichida ijroga topshirish to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni 27-moddasi birinchi qismi 1-bandini qayta tahrir qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2024 yil 7 yanvardagi 24-son dalolatnomasi). Mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonun o‘rtasidagi qarama-qarshilikni bartaraf etishga xizmat qilgan;
aliment undirish haqidagi ijro hujjatlari ijrosi ustidan idoraviy nazoratni yanada takomillashtirish maqsadida aliment undiruvlarini tashkil etish va ijro qilishning shaffof tizimini joriy qilish, ya’ni aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimini yaratish to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6118-sonli Farmoni loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2024 yil 11 yanvardagi 27/2-11-24-son dalolatnomasi). Mazkur taklifni amalga oshirilishi aliment undiruvlari bo‘yicha nazoratni amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilgan;
har bir undiruvchiga to‘lanayotgan, shu jumladan ish haqidan ushlab qolinayotgan aliment pullari ularning nomiga maxsus ochiladigan bank hisob kartalari orqali amalga oshirilishi va bu jarayonni taklif etilayotgan yagona axborot tizimi bilan integratsiya qilish haqidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6118-sonli Farmoni loyihasini tayyorlashda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2024 yil 11 yanvardagi 27/2-11-24-son dalolatnomasi). Ushbu taklifni amalga oshirilishi aliment pullari undiruvchilarga belgilangan muddatlarda to‘lab borilishining haqqoniyligini ta’minlashga xizmat qilgan.