Raximov Rustamjon Xamidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bo‘yicha moliyaviy tergov o‘tkazishning nazariy va amaliy muammolari», «12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi» (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu1193.
Ilmiy rahbar: Evgeniy Kolenko Vyacheslavovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Vaxabjan, yuridik fanlar doktori, professor; Bazarova Dildora Baxadirovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish holatlari bo‘yicha moliyaviy tergov o‘tkazishni joriy etish borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning prokuror sanksiyasi bilan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha organ rahbari tomonidan tasdiqlangan qaror asosida taqdim etilishi, prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar o‘z ish yurituvidagi jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha banklarda hisobvaraqlar mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bankning ma’lumotlar bazasidan avtomatlashtirilgan rejimda olishi mumkinligi to‘g‘risidagi takliflar ishlab chiqilib, qonunchilikda aks ettirish zarurligi asoslab berilgan;
bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning ma’lumotlar to‘plash tezkor-qidiruv tadbiri hisoblanishi, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘tkazilishiga prokuror sanksiyasi asosida yo‘l qo‘yilishi to‘g‘risidagi normalarning tezkor-qidiruv faoliyati qonunchiligida belgilanishi asoslantirilgan;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar atamasi, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni legallashtirish faktini isbotlashda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki bunday pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk nomiga rasmiylashtirilgan uchinchi shaxslarda daromadlarning qonuniy manbalari mavjud emasligidan dalolat beruvchi holatlar jinoyatning ob’ektiv tomonini tashkil etuvchi harakatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi dalillar majmui bilan birga inobatga olinishi lozimligi asoslab berilgan;
jinoyat natijasida legallashtirilgan noqonuniy daromadlar va boshqa mol-mulklar, bunday mol-mulklardan foydalanish orqali olingan har qanday foyda yoki naf, jinoyat predmeti yoki quroli yoxud ularning qiymati miqdoridagi mol-mulklarning tergov jarayonida to‘liq aniqlanishi va xatlanishini ta’minlash, ushbu toifadagi jinoyat ishlarining surishtiruvi va dastlabki tergovi ustidan alohida nazorat o‘rnatilishi, faoliyatning muvofiqlashtirib borilishi asoslantirilgan;
moliyaviy tergov tushunchasi, moliyaviy tergovni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni aniqlash hamda xatlash choralari, idoraviy hamkorlik o‘rnatish yuzasidan qo‘shma tartib ishlab chiqish zaruriyati asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiya tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning prokuror sanksiyasi bilan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga ularning ish yurituvidagi tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha organ rahbari tomonidan tasdiqlangan asoslantirilgan qaror asosida taqdim etilishi, prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha banklarda hisobvaraqlar mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bankning ma’lumotlar bazasidan avtomatlashtirilgan rejimda olishi mumkinligi yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunining 9-moddasini yangi tahrirda ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2023 yil 7 martdagi 04/2-09/964-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlar, pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkning aniqlanishi, davlat egaligiga o‘tkazish choralarining ko‘rilishiga, etkazilgan zararlarning undirilishiga, faoliyat samaradorligining oshishiga xizmat qilgan;
bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning ma’lumotlar to‘plash tezkor-qidiruv tadbiri hisoblanishi, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘tkazilishiga prokuror sanksiyasi asosida yo‘l qo‘yilishi to‘g‘risidagi takliflar mazkur Qonunning 14 va 16-moddalarini to‘ldirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2023 yil 7 martdagi 04/2-09/964-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi tezkor-qidiruv faoliyati organlari tomonidan jinoiy yo‘l bilan olingan daromlarning o‘z vaqtida aniqlanishi, jinoyat ko‘lami va barcha ishtirokchilarini fosh etilishiga yordam bergan;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar atamasi, jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish faktini isbotlashda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki bunday pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk nomiga rasmiylashtirilgan uchinchi shaxslarda daromadlarning qonuniy manbalari mavjud emasligidan dalolat beruvchi holatlar shaxs tomonidan JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning ob’ektiv tomonini tashkil etuvchi harakatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi dalillar majmui bilan birga inobatga olinishi lozimligi yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011 yil 11 fevraldagi «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida»gi 1-son qarorining 2.1 va 3.2-bandlarini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023 yil 21 fevraldagi 08/118-23-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning inobatga olinishi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid jinoyat ishlari bo‘yicha tergov va sud amaliyotida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni oldini olishga, aybni isbotlash, yagona amaliyotning shakllanishiga xizmat qilgan;
jinoyat natijasida legallashtirilgan noqonuniy daromadlar va boshqa mol-mulklar, bunday mol-mulklardan foydalanish orqali olingan har qanday foyda yoki naf, jinoyat predmeti yoki quroli yoxud ularning qiymati miqdoridagi mol-mulklarning tergov jarayonida to‘liq aniqlanishi va xatlanishini ta’minlash, jinoiy yo‘l bilan topilgan pul mablag‘lari va mol-mulkka egalik qilish, foydalanish va tasarruf qilish holatiga qonuniy tus berishga qaratilgan maqsadlarini tasdiqlovchi dalillar to‘planganligi, ushbu toifadagi jinoyat ishlarining surishtiruvi va dastlabki tergovi ustidan alohida nazorat o‘rnatilishi, tergov jarayonida jinoiy daromad orttirishga qaratilgan faoliyatning moliyaviy jihatlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilishi to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorning 2016 yil 22 fevraldagi «Jinoyatchilikka qarshi kurash, surishtiruv, dastlabki tergov va tezkor-qidiruv faoliyatida qonun ustuvorligi hamda shaxsning huquq va erkinliklari himoyasini samarali ta’minlash to‘g‘risida»gi 129-son buyrug‘iga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritilishida foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2023 yil 6 yanvardagi 30/5a-22-165-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish faktlarining aniqlanishi, noqonuniy daromadlarning o‘z vaqtida xatlanishi, davlat daromadiga o‘tkazilishi, faoliyatning muvofiqlashtirilib borilishi, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarning oldi olinishiga xizmat qilgan;
moliyaviy tergov tushunchasi, moliyaviy tergovni amalga oshirish mexanizmlari, jiinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni aniqlash hamda xatlash choralari, idoraviy hamkorlikni o‘rnatish yuzasidan tayyorlangan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi o‘rtasida 2021 yil 17 mayda tasdiqlangan «Tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatini amalga oshirish jarayonida jinoiy faoliyatning moliyaviy jihatlarini o‘rganish tartibi to‘g‘risida»gi qo‘shma ko‘rsatmani ishlab chiqishda foydalanilgan (Bosh prokuraturaning 2023 yil 6 yanvardagi 30/5-22-166-son dalolatnomasi). Ushbu qo‘shma ko‘rsatma huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan moliyaviy tergov o‘tkazishda yagona amaliyotni shakllashtirish, ular o‘rtasida tezkor ma’lumotlar almashinuvi, o‘zaro hamkorlikni ta’minlashga xizmat qilgan.