Sherboev Murodbek Foziljon o‘g‘li
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Piyoz urug‘ini qatorlab ekadigan mashina konstruksiyasini ishlab chiqish va uni tadqiq etish», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T3360.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Turdaliev Voxidjon Maxsudovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon mashinasozlik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-qurilish instituti, PhD.03/30.12.2019.T.90.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor; Mansurov Muxtorjon Toxirjonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tekis dala maydoniga sug‘orish egatini ochadigan, trapesiyasimon pushta shakllantiradigan va uning ustki qismiga piyoz urug‘ini qatorlab ekadigan mashina konstruksiyasini ishlab chiqish orqali ekish sifatini oshirishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
urug‘ ekish me’yorini kamaytirish, ish unumi va sifat ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida, bir o‘tishda tekis dala yuzasiga sug‘orish egatini ochadigan, pushtaga trapesiyasimon shakl beradigan, pushtaning ustki qismini zichlab-tekislaydigan va piyoz urug‘ini qatorlab ekadigan mashinaning konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
tuproqning fizik-mexanik xossalari, tik bosim kuchini ta’minlaydigan purjinaning bikirlik koeffisienti va soshnik massasini inobatga olgan holda sirpanma soshnikning uzunligi hamda enini aniqlash imkonini beradigan analitik bog‘lanishlar ishlab chiqilgan;
egat chuqurligi, mashinaning qamrov kengligi, harakat tezligi, massasi va tuproqning zichligini inobatga olgan holda mashinaning umumiy tortishga qarshilik kuchini ifodalovchi matematik model o‘xshashlilik va o‘lchamlilik nazariyasiga asoslanib ishlab chiqilgan;
piyoz urug‘ini qatorlab ekadigan mashina g‘altakmolasi silindrsimon qismining diametri, sirpanma soshnigi tumshug‘ining egrilik radiusi va ularga beriladigan tik bosim kuchlarining optimal qiymatlari unga qo‘yilgan agrotexnik talablarni sifatli bajarilishini ta’minlash shartidan kelib chiqqan holda, tajribalarni matematik rejalashtirish usulida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Piyoz urug‘ini qatorlab ekadigan mashina konstruksiyasini ishlab chiqish va uni tadqiq etish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
piyoz urug‘ini qatorlab ekadigan mashinasining sanoat nusxasini ishlab chiqish uchun loyiha-konstruktorlik xujjatlari (dastlabki talablar va texnik topshiriq) «Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi» MChJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 5-apreldagi 05/05–1457–son ma’lumotnomasi). Natijada, ilmiy asoslangan parametrlarga ega energiya-resurstejamkor, bir o‘tishda tekis dala yuzasiga sug‘orish egatini ochib, trapesiyasimon pushta shakllantirib piyoz urug‘larini qatorlab ekadigan mashinaning sanoat nusxasini ishlab chiqarish imkonini bergan;
bir o‘tishda tekis dala yuzasiga sug‘orish egatini ochib, trapesiyasimon pushta shakllantirib piyoz urug‘larini qatorlab ekadigan mashina Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 5-apreldagi 05/05–1457–son ma’lumotnomasi). Natijada, piyoz urug‘ini qatorlab ekish mashinasi qo‘llanganda mavjud ekish mashinalariga nisbatan yonilg‘i sarfini 1,3 barobarga, mehnat sarfini esa 1,8 barobarga kamaytirish imkonini bergan.