Mamedova Feruza Faxriddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘zaning rangli tolali namunalaridan foydalangan holda, tola sifati yuqori bo‘lgan seleksion ashyo yaratish”, 06.01.05-Seleksiya va urug‘chilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Qx836.
Ilmiy rahbar: Kurbonov Abrorjon Yorqinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
Rasmiy opponentlar: Babaev Yashin Amanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Miraxmedov Mirvaxob Sodiqovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi g‘o‘zaning turli rangli tolali kolleksion namunalaridan foydalangan holda, analitik va sintetik seleksiya usullari asosida tola sifati va miqdor ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan G.hirsutum L. turiga mansub rangli tolali duragay va seleksion ashyolarni yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor turli rangli tolali va qimmatli-xo‘jalik belgilari majmuiga ega bo‘lgan seleksion ashyolar yaratish uchun G.hirsutum L. turiga mansub g‘o‘za namunalarining biotik omillarga bardoshliligi baholangan;
turli rangli tolali g‘o‘za namunalarini Fusarium oxysporium vasenfectum zamburug‘i izolyatlari bilan inokulyatsiya qilish orqali bardoshli bo‘lgan boshlang‘ich ashyolar ajratib olingan va seleksiyaga jalb qilingan;
DNK markerlar asosida rangli tolali g‘o‘za namunalari orasidan genomida tola sifat belgilari bilan bog‘liq allellari mavjud namunalar tanlab olingan;
laboratoriya sharoitida olib borilgan tadqiqotlar natijasida rangli tolali namunalarni tuproq sho‘rlanishiga bardoshlilik darajasi yuqoriligi isbotlangan;
rangli tolali g‘o‘za namunalarini o‘zaro chatishtirish asosida olingan duragaylarda tezpisharlik, tola sifati va rangining o‘zgaruvchanligi, irsiylanishi va nasldan-naslga berilishining genetik qonuniyatlari aniqlangan;
ayrim rangli tolali F1 duragaylarida bosh poya balandligi, birinchi hosil shoxining joylashishi, tezpisharlik, mahsuldorlik, tola uzunligi, mikroneyr belgilarining ustunlik va o‘ta ustunlik holatida irsiylanishi isbotlangan;
rangli va oq tolali g‘o‘za namunalarida chigit tarkibidagi oqsillar miqdorining ortishi va tola rangining to‘q bo‘lishi o‘zaro ijobiy bog‘liq ekanligi aniqlangan;
SSR molekulyar markerlar asosida qimmatli xo‘jalik belgilarini nazorat qiluvchi allellari mavjud namunalarni tanlash natijasida tolasi qo‘ng‘ir rangli T-177 va yashil rangli T-212 tizmalari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘zaning rangli tolali namunalaridan foydalangan holda, tola sifati yuqori bo‘lgan seleksion ashyo yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
DNK markerlar asosida rangli tolali g‘o‘za namunalari orasidan genomida tola sifat belgilari bilan bog‘liq allellari mavjud namunalarni tanlash natijasida tezpisharligi 115-117 kun, bitta ko‘sakdagi paxta xom ashyo vazni 6,5-7,5 g, tola chiqimi 37,5-39,1%, mikroneyr ko‘rsatkichi 3,8-4,0, tola uzunligi 32,4-33,3 mm, tolasi pishiq bo‘lgan qo‘ng‘ir tolali T-177 va yashil tolali T-212 g‘o‘za tizmasi yaratilgan. Mazkur tizmalar G‘o‘za biotexnologiyasi laboratoriyasining «Gossypium L. turkumining dunyoviy bioxilma-xilligi molekulyar filogenetikasini va genetik potensialini o‘rganish, tashqi muhitning biotik va abiotik ta’sirlariga bardoshli donorlar panelini yaratish» dasturida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 2 dekabr 07/21-06/1422-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za genofondi tezpishar, tola chiqimi va sifati yuqori bo‘lgan yashil va qo‘ng‘ir tolali manbalar bilan boyitilib, fundamental va amaliy loyihalarda boshlang‘ich ashyo sifatida foydalanish imkonini bergan;
T-177 va T-212 tizmalari Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining ishlab chiqarish dala maydonida 1,5 gektar maydonga joriy etilgan bo‘lib, T-177 tizmasi bo‘yicha 38,0 s/ga, T-212 tizmasi bo‘yicha 36,5 s/ga hosildorlikka erishilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 2 dekabr 07/21-06/1422-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qo‘ng‘ir va yashil tolali T-177 va T-212 g‘o‘za tizmalarining rentabelligi mos ravishda 24,6 va 25,1 foizni tashkil etgan;
Yaratilgan tizmalar bo‘yicha Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining ishlab chiqarish dala maydonida urug‘chilik ishlari olib borilgan va 1,44 tonna yuqori sifatli original urug‘lik ashyo tayyorlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 2 dekabr 07/21-06/1422-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, davlat nav sinovi va yangi navlarning dastlabki urug‘ ko‘paytirish ko‘chatzorini yuqori sifatli original urug‘lik ashyo bilan ta’minlash imkonini bergan.