Hamraev Ahmadali Xurrom o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Quljuqtov tog‘lari (Markaziy Qizilqum) bazit daykalari va nefelinli sienitlarining petrologik-geokimyoviy xususiyatlari», 04.00.03 – Geotektonika va geodinamika. Petrologiya va litologiya (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/GM160.
Ilmiy rahbar: Mamarozikov Usmonjon Dovronovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Geologiya va geofizika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Geologiya va geofizika instituti, DSc.24/30.10.2020.GM.125.01.
Rasmiy opponentlar: Axundjanov Raxmadjon, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Qurbonov Abduhakim Abdivakil o‘g‘li, geologiya-mineralogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Quljuqtov tog‘larida tarqalgan bazit daykalar va nefelinli sienitlarning petrologik-geokimyoviy xususiyatlarini hamda ma’danlashuvga aloqasini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Quljuqtov tog‘larida tarqalgan diabaz, lamprofir daykalarining, nefelinli sienitlarning o‘zaro geologik munosabatlari va petrografik xususiyatlari aniqlangan;
birinchi marta Quljuqtov tog‘laridagi bazit daykalarining va nefelinli sienitlarning jins hosil qiluvchi, aksessor minerallari va flyuidli hosilalarning uchrash shakllari hamda moddiy tarkiblari mikrozond usulida aniqlangan;
ilk marta mintaqadagi diabaz va lamprofir daykalarining asos tarkibli yagona magmaning evolyusiyasiga mansubligi – ularning geologik yoshining yaqinligi, petrokimyoviy va geokimyoviy xususiyatlarini mosligi bilan asoslangan;
Tozbuloq intruzivi nefelinli sienitlarini ishqorli jinslarning miaskitli turiga mansubligi, ularni nodir, radioaktiv va kamyob er elementlariga aksessor-mineralogik hamda geokimyoviy ixtisoslashganligi aniqlangan;
miaskitli nefelinli sienitlarni ko‘p maqsadli foydalanishga yaroqli alyuminiy-nodir metallariga (Al, Li, Zr va TR) istiqbolli kompleks xomashyo sifatida ilmiy baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Quljuqtov tog‘idagi bazit daykalar va nefelinli sienitlarning petrologik-geokimyoviy xususiyatlari aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Quljuqtov hududidagi diabaz va lamprofirlar daykalarining (spessartit, malxit, odinit, kersantit va kampto-spessartit) hamda nefelenli sienitlarining o‘zaro geologik munosabatlari, petrografik, mineralogik va geokimyoviy xususiyatlari “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 16 avgustdagi 08-2407-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur bazit daykalar va ishqorli intruziv jinslarning hosil bo‘lish sharoitlarini va ketma-ketligini, shuningdek formatsion mansubligini aniqlashga imkon bergan;
bazit daykalar va nefelinli sienitlarning jins hosil qiluvchi, aksessor minerallarning hamda flyuidli hosilalarning uchrash shakllari va moddiy tarkibi “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ amaliyot ishlari jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 16 avgustdagi 08-2407-son ma’lumotnomasi). Natijada, diabaz va lamprofir daykalarining temir, titan, mis, oltin, kumush, engil platinoidlarga, nefelinli sienitlarni esa nodir va noyob er elementlariga birlamchi ixtisoslashganligini ko‘rsatuvchi ma’dan elementlarini tashuvchi va jamlovchi (konsentrator) minerallarni mineralogik belgilar majmuasi sifatida tavsiflash imkonini bergan;
Tozbuloq intruzivi nefelinli sienitlarining petrologik-geokimyoviy xususiyatlari dunyoning boshqa mintaqalaridagi miaskitli nefelinli sienitlarining geokimyoviy va metallogenik ixtisoslashuviga mos kelishini asoslanganligi “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 16 avgustdagi 08-2407-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur hududdagi nefelenli sienitlarni alyuminiy sanoati, soda mahsulotlari va sement ishlab chiqarish uchun potensial xomashyo, shuningdek, nodir va noyob er metalli (Li, Zr, TR) ma’danlashuvga ham istiqbolli kompleks xomashyo sifatida ko‘rish imkonini bergan. Ushbu tog‘ jinslarni ko‘p maqsadli foydalanishga yaroqli alyuminiy-nodir metalli (Al, Li, Zr va TR) istiqbolli kompleks xomashyo sifatida baholashga imkon bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish