Sharipov Rustam Xusnitdinovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jadid adabiyotida yangilanish, islohot va mustaqillik uchun kurash g‘oyalarining aks etishi”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/Fil613.
Ilmiy maslahatchi: Karimov Naim Fotihovich, filologiya fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/25.08.2021.Fil.01.16.
Rasmiy opponentlar: Yakubov Islomjon Ahmedjanovich, filologiya fanlari doktori, professor; G‘aniev Ilhom Muzaffarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Tojiboeva Muqaddas, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi jadid adabiyotidagi yangilanish jarayoni, madaniy, ma’rifiy, adabiy, ilmiy islohotlarni hamda jadidchilarning milliy mustaqillik uchun kechgan fidokorona kurashini ularning badiiy, ma’rifiy va publisistik asarlari vositasida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jadidchilik harakati va jadid adabiyoti maydonga kelgan davrdagi tarixiy sharoit ilk bor shu davrda sodir bo’lgan mustamlakachilik siyosatining kuchayib borishi, mahalliy xalqni, milliy qadriyatlarini kamsitish, uning tarixini nazar-pisand qilmaslik, diniy e’tiqodiga rahna solish, maorif tizimini bosqinchilik mafkurasiga bo‘ysundirish kabi muhim siyosiy-ijtimoiy voqealar fonida ochib berilgan;
Cho‘lponning “Doktor Muhammadiyor”, “Qurboni jaholat” hikoyalari, “Go‘zal Turkiston”, “Sharq isyoni” sherlari, “Turkistonda matbuot” maqolasi, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush yoxud o‘qimagan bolaning holi”, “Munozara” asarlari, Hamzaning “Yangi saodat yoki milliy roman”, “Haqiqat kimda?” hikoyalari, “Turkiston muxtoriyatina” sheri, Fitratning “Oila”, “Rahbari najot” asarlari, “Hind ixtilolchilari”, “Abulfayzxon”, “Temur sag‘anasi” dramatik asarlarida jadid adabiyoti tomonidan ilgari surilgan Turkiston milliy davlatchilik yo‘lini tanlashi zarurligi, yurt kelajagini jaholat emas ma’rifat belgilashi, ilg‘or g‘oyalar targ‘iboti maydoniga aylana boshlagan milliy matbuotning rivojlanish yo‘llari, maorif islohoti, oilaning kelajakda sog‘lom jamiyatni barpo etishdagi roli kabi asosiy g‘oyalar mavjudligi asoslangan;
milliy dramaturgiyaning tug‘ilishi va shakllanishi hamda bu san’at turining yangilanish g‘oyalarini keng targ‘ib etuvchi minbarga aylanishida jadid adabiyoti namoyandalarining teatr san’ati poydevorini qurish, yangi istiqlolchilik g‘oyalarini o‘zida aks ettirgan dramatik asarlarni yaratish, rejissyorlik va aktyorlik mahoratini rivojlantirish jarayonlarida muhim o‘rin tutganligi isbotlangan;
yangilanish g‘oyalarini yanada kengroq yoyishga xizmat qilgan milliy matbuotning shakllanishida jadid adabiyoti vakillarining yangi gazeta va jurnallarni ochishda g‘oyaviy, ijodiy va tashkiliy xizmatlari muhim o‘rin tutganligi dalillangan;
jadid adiblarining o‘z asarlarida ilgari surgan g‘oyalari davlat boshqaruvi islohotlariga doir siyosiy-huquqiy hijjatlarda ham aks etganligi hamda ularning bu jarayonda faol ishtirok etganligi asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Jadid adabiyotida yangilanish, islohot va mustaqillik uchun kurash g‘oyalarining aks etishi bo’yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
Abdurauf Fitrat va Said Ahroriyning oila madaniyati haqidagi asarlari tahlili va bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan “Oila sog‘lom jamiyat poydevori” g‘oyasining adabiyotda aks etishi masalasi tadqiqi jarayonida olingan ilmiy natija va xulosalardan 2020-2021-yillarda O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “O’zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishga bag‘ishlangan veb-sayt va multimedia mahsulotlari (elektron lug‘atlar) to’plamini yaratish” mavzusidagi FZ-2019081663 raqamli fundamental loyihani bajarishda, xususan, “O’zbek folklor san’ati terminlarining qisqacha o’zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha izohli lug‘ati”ni yaratishda foydalanilgan (O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 2022-yil 6-iyundagi 1/04-22-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha tadqiqotida ilgari surilgan ma’lumotlar jadid yozuvchilari tomonidan tayyorlangan bir qator lug‘atlar, shuningdek o’zbek folklor san’ati yuzasidan bayon qilingan tahliliy fikrlar va yangi ilmiy dalillar bilan boyigan;
jadidchilik harakati vujudga kelishi omillari va jadid adabiyotining o‘z davri muhim ijtimoiy-siyosiy masalalariga munosabati, jumladan Turkiston milliy davlatchilik yo‘lini tanlashi zarurligiga oid tadqiqot natijalari va xulosalaridan O’zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi hamda O’zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan 2021-2022-yillarda “O’zbek milliy kinosi kunlari” doirasida Toshkent shahri va viloyatlardagi madaniy-ma’rifiy tadbir va kinonamoyishlarni o’tkazishda foydalanilgan (O’zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazining 2022-yil 7-iyundagi M-260-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Avloniy”, “Ibrat”, “Qo’qon shamoli” kabi davlat buyurtmasiga binoan tarixiy mavzuda suratga olingan to’liq metrajli badiiy filmlar namoyishi oldidan dissertatsiya xulosalari asosida jadid ziyolilari, ularning badiiy-estetik va siyosiy-huquqiy qarashlari haqidagi ma’lumotlar tomoshabinlarda o’sha tarixiy muhit haqida tasavvur hosil qilishga xizmat qilgan;
jadid adabiyotining shakllanish manbalari sirasiga kiradigan ichki va tashqi omillar, jumladan o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk alloma va mutafakkirlar, ularning ma’naviy-ilmiy merosi, shuningdek xorijiy manbalarni o‘rganish natijasida olingan ilmiy natija va xulosalardan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2021-2023-yillarda olib borilgan “Evropa fondlarida saqlanayotgan, O’zbekistonda mavjud bo’lmagan turkiy qo’lyozmalarning ma’lumotlar bazasini va “Evroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” mavzusidagi IZ-2020102832 raqamli innovatsion loyihani bajarishda, xususan, “Jadid adabiyoti shakllanishida manba bo’lgan asarlar va ularning Evropa fondlarida saqlanayotgan qo’lyozma nusxalari”ni yaratishda foydalanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2022-yil 20-iyundagi 04-04-01/1293-son ma’lumotnomasi). Natijada, jadid adabiyotining Evropa qo’lyozma fondlarida saqlanayotgan manbalar, qo’lyozma va toshbosma nusxalari to’g‘risida batafsil ma’lumot olishga erishilgan;
jadid adabiyotining yorqin namoyandalari Abdulla Avloniy, Isxoqxon Ibrat va Mahmudxo’ja Behbudiy hayoti, ijodi, teatr san’ati poydevorini qurish, yangi istiqlolchilik g‘oyalarini o‘zida aks ettirgan dramatik asarlarni yaratish, maorif islohoti haqidagi g‘oyalari va amaliy ishlari, ijtimoiy-siyosiy faoliyatini o‘rganish jarayonida aniqlangan yangi ma’lumotlar asosida ishlab chiqilgan xulosalardan “Avloniy”, “Ibrat”, “Mahmudxo’ja Behbudiy” nomli tarixiy filmlarni suratga olish jarayonlarida foydalanilgan (O’zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligining 2022-yil 27-iyundagi 01-05/08-954-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tarixiy filmlar ssenariylarining ilmiy – badiiy saviyasi boyigan;
jadid yozuvchi va shoirlari hayoti va ijodi, ularning milliy matbuot shakllanishi yo‘lida yangi gazeta va jurnallarni ochishda g‘oyaviy, ijodiy va tashkiliy xizmatlari, jadid adabiyotida istiqlolchilik g‘oyalarining aks etishi bo’yicha olib borilgan tadqiqot natijalaridan 2021-2022-yillarda O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Adabiy jarayon”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlarining ssenariylarini yozishda foydalanilgan (O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2022-yil 6-iyundagi 04-36-823-son ma’lumotnomasi). Natijada, jadid adabiyoti namoyandalarining tariximizda tutgan o’rni, hayoti va ijodining mazmun-mohiyati, ularning badiiy-estetik va siyosiy-huquqiy qarashlariga doir xulosalar ushbu eshittirishlarning mazmunini boyitib, badiiy saviyasini oshirishga xizmat qilgan.