Sharifov Kamolidin Faxridinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Piyoz etishtiriladigan dalalarda tarqalgan begona o‘tlar va ularga qarshi kurash tadbirlarining samaradorligi (Samarqand viloyati sharoitida)”, 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx993.
Ilmiy rahbar: Rizaev Shuxrat Xudoyberdievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Don va dukkakli ekinlar ilmiy−tadqiqot instituti, PhD.05/31.03.2023.Qx.159.01.
Rasmiy opponentlar: Nasirov Baxtiyor Saloxiddinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xasanova Feruza Marifovna, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand viloyatining sug‘oriladigan o‘tloq bo‘z tuproqlar sharoitida piyoz maydonlaridagi begona o‘tlarning oilasi, turlari va tarqalishini aniqlash orqali ularga qarshi kurashishda tuproqqa ishlov berish va maqbul gerbisid me’yorlarini uyg‘unlashgan holda qo‘llashni ilmiy asoslash hamda ishlab chiqarishga tavsiyalar berish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Samarqand viloyatining o‘tloq bo‘z tuproqlari sharoitida piyoz etishtiriladigan maydonlarda tarqalgan 63 turdan ortiq begona o‘tlar turlari aniqlanib, ular oila va biologik guruhlarga ajratilgan;
viloyatning piyoz etishtiriladigan Toyloq, Bulung‘ur va Kattaqo‘rg‘on tumanlari  piyoz ekiladigan maydonlarining turli biologik guruhdagi begona o‘tlar bilan zararlanish ko‘rsatkichlari aniqlanib, ifloslanganlik darajalari bo‘yicha baxolangan va hududlar bo‘yicha bug‘doydoshlar (Poaceae), qoqio‘tdoshlar (Asteraceae Bercht), sho‘radoshlar (Chenopodiaceae), karamdoshlar (Brassicaceae Burnett), burchoqdoshlar (Fabaceae) oilasiga mansub begona o‘tlar turlari eng ko‘p zarar keltirishi aniqlangan;
piyoz maydonlaridagi begona o‘tlarga qarshi kurashishda qo‘llanilgan tuproqqa turli (shudgorlash 30-35 sm. Yuza 18-22 sm.da chizellash) ishlov berish usullari va chuqurligi hamda gerbisidlar (Selekt 120 KE 0,5-1,0 l/ga, Goal 2E 0,5-1,0 l/ga) me’yorlarining begona o‘tlarga, tuproq agrofizik (donadorligi, zichligi, g‘ovakligi va suv o‘tkazuvchanligi) hamda agrokimyoviy xossalariga ta’siri aniqlangan;
piyoz maydonlarida tarqalgan begona o‘tlar urug‘larining tuproq qatlamlari bo‘yicha tarqalishi tuproqqa turli ishlov berish usullari va chuqurligiga uzviy bog‘liqligi aniqlanib, tuproqqa asosiy ishlov berishni 30-35 sm chuqurlikda o‘tkazilganda begona o‘tlarning asosiy qismi
(61,0-70,7%) 25-35 sm chuqur qatlamga tushib, unuvchanligini yo‘qotishi ilmiy asoslangan.
tuproqqa asosiy ishlov berish 30-35 sm shudgorlanib, tarkibi kletodim bo‘lgan Selekt 120 KE gerbisidi 0,5 l/ga me’yorda qo‘llash piyoz urug‘i va ko‘chatidan parvarishlashda o‘sishi, rivojlanishi, ko‘chat soniga ijobiy ta’sir etib, yuqori tovarbop piyoz hosili (70,7-73,6 t/ga) va iqtisodiy samara (170,4-187,8%) berishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Samarqand viloyatining o‘tloq bo‘z tuproqlari sharoitida piyoz maydonlarida tarqalgan begona o‘tlarga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
Sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer va tomorqa xo‘jaliklari uchun «Piyoz urug‘i va ko‘chatidan etishtirishda begona o‘tlarga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyalar» nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 20-sentyabrdagi 04/22-05/4770-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma bugungi kunda fermer va dehqon xo‘jaliklarida piyoz etishtirilayotgan maydonlarda begona o‘tlarga qarshi samarali kurashishda muhim ko‘rsatma bo‘lib xizmat qilmoqda;
Begona o‘tlarga qarshi kurashishda tuproqqa ishlov berish va maqbul gerbisid me’yorlarini uyg‘unlashgan holda qo‘llash texnologiyasi ishlab chiqarish sharoitida Toyloq tumanida 13,1 gektar, Jomboy tumanida 11,0 gektar, Pastdarg‘om tumanida 34,7 gektar, jami 58,8 gektar maydonga joriy etilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 20-sentyabrdagi 04/22-05/4770-son ma’lumotnomasi). Natijada, piyozni urug‘idan ekilgan maydonlarda (2-3 chinbarg davrida) begona o‘tlarga qarshi Selekt 120 KE gerbisidini 0,5-1,0 l/ga me’yorlarida qo‘llanilganda bir yilliklarni o‘rtacha 84,7-91,1%, ko‘p yilliklarni 66,2-79,7% hamda piyoz ko‘chatidan parvarishlanganda (3-4 barg davrida) esa, bir yilliklarni 83,3-94,2% va ko‘p yilliklarni 67,8-81,3% ga kamaytirib, yuqori biologik samaradorlikka erishilgan.
piyoz etishtirishga ajratilgan maydonlarni kuzda 30-35 sm chuqurlikda shudgorlanib, piyoz mart oyining birinchi o‘n kunligida urug‘idan ekilganda 2-3 barg chiqarish davrida, piyoz aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida ko‘chatidan ekilganda 3-4 barg chiqarish davrida Selekt 120 KE gerbisidini gektariga 0,5 litr me’yorida qo‘llash texnologiyasi Toyloq, Jomboy, Pastdarg‘om tumanlarida joriy etilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 20-sentyabrdagi 04/22-05/4770-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu texnologiyani qo‘llash orqali piyoz an’anaviy usulda etishtirilgan maydonga nisbatan har gektaridan 33,3-35,1 t/ga qo‘shimcha piyozbosh hosili olinib, rentabellik darajasi 122,6-158,4 foizgacha o‘sishiga erishilgan.
 

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish