Karimov Nariman Abduvaxitovichning
dissertatsiya himoyasisiz ixtiro patenti asosida fan
doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonning tog‘ oldi hududlari sharoitida hovuz baliqchiligini jadallashtirish yo‘llari», 06.02.05 - Baliqchilik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.DSc/B169.
Ilmiy maslahatchi: Azimov Djalaliddin Azimovich, biologiya fanlari doktori, professor, akademik.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Zoologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.V.52.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: “Baliq uchun ozuqa tarkibi” (№IAP 05762); “Havzalarda baliq etishtirish usuli” (№IAP 06804); “Baliqlar uchun omuxta em” (№IAP 06808).
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonning tog‘ oldi hududlari sharoitida hovuz baliqlarini etishtirish texnologiyasini takomillashtirish, mineral o‘g‘itlar va suv resurslari sarf-harajatlarini kamaytirish, emlarning resepturasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonning tog‘ oldi hududlarida joylashgan hovuz baliqchiligi sharoitida bir va ikki yillik oq do‘ngpeshona baliqlarini birgalikda etishtirishni o‘z ichiga olgan yangi texnologiya ishlab chiqilgan.
hovuzning ozuqaviyligini oshirish, tabiiy ozuqa bazasidan to‘liq foydalanish orqali ularning baliq mahsuldorligini oshirishga qaratilgan hovuzlarning suv ta’minoti tizimi o‘zgartirilgan, hamda karpsimon baliqlar hovuz polikul`tura texnologiyasining mahsuldorligini oshirish yo‘llari aniqlangan (IAP 06804);
ozuqa qiymatini sezilarli darajada yaxshilaydigan va tannarxini pasaytiradigan yangi ozuqa resepturalari ishlab chiqilgan (IAP 05762; IAP 06808);
respublikaning tog‘ oldi zonalarida keng miqyosda sovuq suv baliqchiligini rivojlantirish va mahsuldorligini oshirish yo‘llari isbotlangan.
tog‘ oldi zonalaridagi suv havzalarining o‘ziga xos ekologik sharoitilarini hisobga olgan holda, baliq mahsulotlarini etishtirishning yangi standartlari ishlab chiqilgan;
O‘zbekistonning tog‘ oldi zonasi sharoitida baliq va baliq mahsulotlarini etishtirishda “chiqindi” suvlaridan qayta foydalanish orqali suv havzalarida uzluksizlikni ta’minlash usulini qo‘llash mumkinligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonning tog‘ oldi hududlari sharoitida hovuz baliqchiligini jadallashtirish yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
hovuz baliqchiligi sharoitida baliqlarini etishtirish yuzasidan ishlab chiqilgan omuxta em resepturalari Toshkent viloyati “Fayzli baliqlar” MChJ, Namangan viloyati Pop tumani “Namangan baliq” MChJ, “Bek oltin KOI” MChJ; Samarqand viloyati Payariq tumani “Oltin baliq” MChJ larida sinovdan o‘tkazilib, Chinoz omuxta em zavodining baliq emlari resepturasi tarkibiga kiritilgan va shu asosda PKVR-2 emlari tayyorlanib, amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq ho‘jaligi vazirligining 2023 yil 31 martdagi 05/05-05-1399-son ma’lumotnomasi). Natijada, bu PKVR-2 resepturasini to‘liq muvozanatli baliq emlarini ishlab chiqaruvchi boshqa sanoat tashkilotlariga tavsiya qilish imkonini bergan;
qishloq ho‘jaligi korxonalari chiqindilari qo‘shib tayyorlangan oziqa em resepturalaridan ikki va uch yillik oq do‘ngpeshona baliqlarni birgalikda etishtirish yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar Toshkent shahridagi “Aqua zone” MChJ da, Toshkent viloyatidagi “Ogonyok cluster” Qo‘shma korxonasi, “Damachi balik” MChJ faoliyatining amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2022 yil 12 oktyabrdagi 02/23-2081-son ma’lumotnomasi). Natijada, reseptura tarkibiga kiritilgan maxsar, paxta kunjarasi (shrot), uzum siqmasining uni va shampin`on qo‘ziqorinlari chiqindisini qo‘shish bo‘yicha etarli darajada granulalangan oqsillar va vitaminlar bilan muvozanatlangan omuxta em olish va ozuqaning o‘zlashtirish darajasini oshirish imkonini bergan.
baliqchilik ho‘jaliklarida omuxta em resepturasini boyitish va ularni qishloq ho‘jaligi chiqindilari asosida mahalliy hom ashyodan tayyorlash yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar Samarqand viloyati, Payariq tumani Payariq baliq ho‘jaligi, Qashqadaryo viloyati, Qoratepa qishlog‘i “Koratepa baliqlari” baliqchilik ho‘jaliklari faoliyatining amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligining 2023 yil 17 fevraldagi 03-02/7 445- son ma’lumotnomasi). Natijada, omuxta em resepturasini boyitish va ularni ishlab chiqarish uchun mahalliy hom ashyoning qishloq ho‘jaligi chiqindilaridan foydalanish, hovuzlardagi suvni keyingi vegetatsiya davrigacha saqlab qolish bilan kuzgi “qayta ishlangan” suv hajmini, mineral o‘g‘itlar sarfini sezilarli darajada qisqartirish imkonini bergan.