Berdiev Sanjar Allanazarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Tarkibida azot, kislorod va oltingugurt bo‘lgan organik qo‘shimchalarning neft` mahsulotlari ekspluatatsion xossalariga ta’siri hamda ularni olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.14 – Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/T698.
Ilmiy maslahatchi: Djalilov Abdulaxat Turapovich, kimyo fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti, DSc.16/30.12.2019.K/T.87.01.
Rasmiy opponentlar: Beknazarov Xasan Soibnazarovnch, texnika fanlari doktori, professor; Saydaxmedov Shamshidinxuja Muxtarovich, texnika fanlari doktori; Siddiqov Ikromjon Iminjonovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: neft` mahsulotlarining ekspluatatsion xossalarini yaxshilovchi tarkibida azot, kislorod va oltingugurt bo‘lgan qo‘shimchalarni olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor mahalliy xom ashyolar asosida, neft` mahsulotlarining sifat ko‘rsatgichlarini oshiruvchi, mexanik emirilishga barqaror, moylash xossalariga ega bo‘lgan tarkibida azot, kislorod, oltingugurt va metall bo‘lgan organik qo‘shimchalar olingan, hamda ularning maqbul nisbatlari ishlab chiqilgan;
mahalliy xom ashyolar asosida sintez qilingan E-1, E-2, E-3 markali organik qo‘shimchalar va ular asosidagi E-4, E-5, E-6, E-7 markali sinergetik xususiyatli kompozitlarning fizik-kimyoviy xossalari hamda ularni yoqilg‘ilarning oktan soniga ta’sir mexanizmi aniqlangan;
tarkibida kislorod bo‘lgan E-1, E-2 va E-3 markali organik efirlar neft` yoqilg‘ilarining oktan sonini oshiruvchi qo‘shimchalar sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydalgan benzinda qo‘llanilganda, analoglarga nisbatan oktan soni OSM usulda 0,4 dan 1,82 birlikgacha, OST usulda 0,7 dan 2,5 birlikgacha yaxshilangan, hamda riformat namunadagi benzin fraksiyasining oktan sonini OSM usulda 0,1 dan 1,1 birlikgacha, OST usulda 0,2 dan 1,3 birlikgacha yaxshilanganligi asoslangan;
sinergetik xususiyatli E-4, E-5, E-6, E-7 kompozit tarkibli qo‘shimchalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydalgan benzin fraksiyasi namunasiga 5 % gacha qo‘shilganda oktan sonini OST usulida 9,6 dan 13,4 birlikgacha, OSM usulda esa 7,8 dan 11,4 birlikgacha oshirilganligi aniqlangan hamda riformat namunadagi benzin fraksiyasining oktan sonini OST usulida 8,4 dan 10,2 birlikgacha, OSM usulda esa 7,0 dan 9,3 birlikgacha yashilanganligi isbotlangan;
sintez qilingan, tarkibida azot va oltingugurt bo‘lgan oligomerlarning metall korroziyasini ingibirlash xususiyatlari mavjudligi aniqlangan va ularni neft` moylari uchun korroziya ingibitorlari sifatida qo‘llash usullari ishlab chiqilgan;
tarkibida azot, kislorod, oltingugurt va metall bo‘lgan E-1, E-2, E-3, NS-1 va NS-2 markali organik qo‘shimchalarni olish texnologiyasi ishlab chiqilgan hamda keng qo‘llanilayotgan analoglarga nisbatan neft` mahsulotlarini ekspluatatsion xossalariga ta’siri yuqori ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mahalliy xom ashyolardan neft` yoqilg‘ilarini fizik-kimyoviy xossalarini rostlovchi qo‘shimchalar olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sintez qilingan NS-1 markali oligomer qo‘shimchasi “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida, gazokondensat muhitida korroziyaga barqarorlik darajasini oshiruvchi qo‘shimchalar sifatida amaliyotga joriy qilingan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2023 yil 3 noyabrdagi 03-18-8-934-1-son ma’lumotnomasi). Natijada, gazokondensat muhitidagi metall konstruksiyalarini korroziyadan himoyalash darajasini 92,3 % gacha oshirish imkonini bergan;
sintez qilingan E-1, E-2, E-3 markali organik efirlar asosidagi E-4, E-5 va E-6 markali organik kompozitlari Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yoqilg‘ilarni oktan sonini oshiruvchi qo‘shimchalar sifatida amaliyotga joriy qilingan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2023 yil 3 noyabrdagi 03-18-8-934-1-son ma’lumotnomasi). Natijada, tarkibida kislorod bo‘lgan qo‘shimchalar olish texnologiyasini ishlab chiqish imkonini bergan;
sintez qilingan NS-2 markali oligomer qo‘shimchasi “Petromaruz Uzbekistan” Xorijiy korxonasida amaliyotga joriy qilingan (“Petromaruz Uzbekistan” XKning 2023 yil 8 noyabrdagi 01.445/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqarilgan NS-2 markali oligomer qo‘shimchasining iqtisodiy samaradorligini xorijiy analoglariga nisbatan o‘rtacha 69 % ga oshirish imkonini bergan.