Radjapov Bekjan Salievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʼi nomi): “Ionlashtiruvchi nurlanishlarni qayd etuvchi o‘ta sezuvchan katta yuzali kremniy detektorlarini ishlab chiqish”, 01.04.10 – “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/T1503.
Ilmiy maslahatchi: Muminov Ramizulla Abdullaevich, fizika-matematika fanlar doktori, professor, O‘zR FA akademigi.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA Fizika-texnika instituti, DSc.02/27.02.2020.FM/T.110.01.
Rasmiy opponentlar: Yodgorova Dilbara Mustafaevna, texnika fanlari doktori, professor; Raxmatov Axmadjon Zaynidinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Yadro fizikasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yuqori sezgirlikdagi katta diametrli kremniy detektorlarini ishlab chiqish hamda ular asosida respublika hududidagi turli muhitlarda radonning hajmiy faolligini o‘lchaydigan va alfa zarralarini qayd etish uchun o‘lchov kompleksi bo‘lgan radonometrni ishlab chiqarishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
diametri (Ø=40÷110 mm) bo‘lgan kremniy plastinalarni qayta ishlashning kimyoviy usullari ishlab chiqilgan bo‘lib, plastinalarning ±0,4÷0,6% aniqlikda tekis-parallellik darajasiga erishilgan;
"kirish" va "chiqish" yuzalarida kichik energiya yoʼqotishlari tufayli zaryadlangan zarralarning past intensivlikdagi kichik energiya oqimini qayd etish imkonini beruvchi detektorlarning "kirish" va "chiqish" yuzalari “o‘lik” qatlamining minimal qalinligini taminlaydigan alyuminiy va oltinni purkilash texnologik rejimlari ishlab chiqilgan;
o‘rganilgan va ishlab chiqilgan ilmiy-texnikaviy va texnologik xususiyatlar asosida uch turdagi kremniy asosidagi sezgir katta yuzali va qalinligi (100-120mkm) bo‘lgan; yuza-barerli, Al-αGe—pSi-Au geterostrukturali va kremniy-litiyli Al-αSi—p-i-n-Au ionlashtiruvchi nurlanish detektorlari ishlab chiqilgan;
ilk marotaba havo, suv va tuproqdagi radonning hajmiy faolligini o‘lchash va energiyasi (3,5-8 MeV) bo‘lgan alfa zarralarini ro‘yxatga olish uchun ishlab chiqilgan sezgir katta yuzali, yarimo‘tkazgichli detektor asosida, kerakli elektron komponentlar va natijalarni yigʼish, qayta ishlash uchun kompyuter dasturi bilan jihozlangan milliy qurilma (radonometr) ishlab chiqilgan;
ilk marotaba respublika hududida tuproq havosidagi radonning hajmiy faolligini o‘lchash, ishlab chiqarilgan milliy radonometr yordamida amalga oshirildi, radonning hajmiy faolligining oshishi tektonik jarayonlarning faollashuvi davrida o‘rganilayotgan hududda er qobigʼining deformatsiya jarayonlari bilan bogʼliqligi ko‘rsatilgan.
 IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yuqori sezgirlikli ionlashtiruvchi nurlanishni qayd etuvchi katta yuzali kremniy detektorlarini tadqiq qilish natijasida, radonometrni tayyorlash va ishlab chiqarishda:
“Havo, suv va tuproqdagi radonning hajmiy faolligini o‘lchash uchun qurilma” (FAP 02142, 2022y) O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modeliga patent olingan. Qurilmada ishlatiladigan detektor “o‘lik qatlam”ining minimal qalinligiga ega bo‘lib, bu qurilmaning sezgirligini oshiradi va zaryadlangan zarrachalarning past intensivlikdagi kichik energiya oqimini qayd etish va qurilmaning konstruksiyasi real vaqtda 2π -geometriyada o‘lchovlarni amalga oshirish imkonini bergan;
“Havo, suv va tuproqdagi radonning hajmiy faolligini o‘lchash uchun zaryadlangan zarrachalarning yarimo‘tkazgichli detektorlari asosida radiometrlarni yaratish va ishlab chiqarish” xo‘jalik shartnomasi bajarilgan (Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) bilan 01.04.2019 yildagi 01-05-02/1-son). Ilk bor ishlab chiqilgan katta yuzali detektorlar asosida sertifikatlangan milliy radonometr (sertifikat №001, “O‘zstandart”) yordamida NKMK hududida xodimlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy va ekologik vazifalarni bajarish imkonini bergan;
"Radiometrlarni yaratish va ishlab chiqarish: havo, suv va tuproqdagi radonning hajmli faolligini o‘lchash uchun radonometr, materiallarda alfa nurlanishining past faolligini o‘lchash uchun alfametr, materiallardagi gamma nurlanishining past faolligini o‘lchash uchun gammametr" xo‘jalik shartnomasi bajarilgan (Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) bilan 2021-yil 13-apreldagi YuR №63-2144-son). Diametri Ø=110 mm va qalinligi 100-120 mkm bo‘lan yuqori sezgirlikli detektorlar asosida radonometrlar ishlab chiqildi: ikki komplekt “Radonometr” va bir komplekt “Gammametr”. Ishlab chiqilgan radonometrlar tomonidan radonning hajmiy faolligini o‘lchash natijalari xorijiy sertifikatlangan radiometrda o‘lchangan natijalarga mosligi aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish