Axmedov Sunnat Muxitdinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qo‘ylar paramfistomatozining epizootologiyasi va patomorfologiyasi”, 16.00.02– Hayvonlar patologiyasi, onkologiyasi va morfologiyasi. Veterinar akusherligi va hayvonlar reproduksiyasi biotexnikasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/V91
Ilmiy rahbar: Kuliev Boxodir, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.06/30.12.2019.V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Niyozov Hakim Bakoevich, veterinariya fanlari doktori, professor; Eshkabilov Tura Juraevich, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand viloyatining ayrim tumanlarida qo‘ylar paramfistomatozining epizootologiyasi, mavsumiy uchrash darajasi, klinik belgilari va kasallik oqibatida organizmda kechadigan patologoanatomik va patologogistologik o‘zgarishlarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Samarqand viloyati sharoitida qo‘ylar paramfistomatozining epizootologiyasi va mavsumiy tarqalish dinamikasi aniqlangan;
qo‘ylar paramfistomatozi katta va to‘rqorin devorida, ichak shilliq qavatlarida atrofiya, nekroz, mukoid va fibrinoid distrofiya, giperplaziya, giperkeratoz, skleroz, qon quyilishlar bilan kechishi aniqlangan;
qo‘ylar paramfistomatozining o‘tkir va surunkali shakllarida shirdon va 12 barmoq ichak shilliq pardalarida epiteliy hujayralarining deskvomatsiyasi, limfoid, plazmatik hujayralar, gistiotsitlar hamda eozinofillar infil`tratsiyasi kuzatilishi ilmiy asoslangan;
qo‘ylar paramfistomatozining patologoanatomik va patogistologik o‘zgarishlarini aniqlash asosida kasallikni patomorfologik diagnostika qilish usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qo‘ylar paramfistomatozining epizootologiyasi va patomorfologiyasi bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
«Qo‘ylar paramfistomatozining tarqalishi, klinikasi va patomorfologik diagnostikasi bo‘yicha tavsiyalar» ishlab chiqilib veterinariya amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 18.09.2023 yildagi 02/23-396-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘ylar paramfistomatozining tarqalishi, klinikasi va mavsumiy uchrash darajasini aniqlash hamda kasallikni patomorfologik diagnostika qilish imkoniyati yaratilgan;
qo‘ylar paramfistomatozida organ va to‘qimalardagi patanatomik va patogistologik o‘zgarishlarni aniqlash asosida patomorfologik diagnostika usuli ishlab chiqilgan hamda olingan ilmiy natijalar «Veterinariya» yo‘nalishi talabalariga «Patologik anatomiya, gavda yorish va veterinariya sud ekspertizasi», «Parazitologiya va invazion kasalliklar» fanlarining tegishli bo‘limlarini o‘qitishda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 18.09.2023 yildagi 02/23-396-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘ylar paramfistomatozining tarqalishi va patomorfologiyasi bo‘yicha o‘quv ma’lumotlarini boyitish hamda talabalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga erishilgan.