Sattorova Zilola Ismoilovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Devonu lug‘ati-t-turk” asarining o‘zbek tilidagi nashrlari va ularning qiyosiy-matniy tadqiqi”, 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil1896.
Ilmiy rahbar: Omonov Qudratulla Sharipovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Islomov Zohidjon Mahmudovich, filologiya fanlari doktori, professor; Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili adabiyoti va folklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “Devonu lug‘ati-t-turk” asarining o‘zbek tilidagi nashrlarini o‘zaro qiyosiy-matniy baholash, matniy tafovutlarni aniqlash, qo‘lyozma bilan chog‘ishtirish hamda nashrlarning qo‘lyozma xususiyatlarini aks ettirishini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Abdurauf Fitratning “Eng eski turk adabiyoti namunalari” majmuasida “Devonu lug‘ati-t-turk”dan olingan sheʼriy parchalar nashri uchun asarning bosma nusxasi asos bo‘lganiga qaramasdan sheʼriy matnlarning qo‘lyozmaga mos shakli to‘g‘ri tiklangani dalillangan;
S.Mutallibov nashrida oltita so‘z-maqola hamda qator diniy tushuncha va kalimalar tushirib qoldirilgani, shuningdek, matnning o‘qilishi va talqini bilan bog‘liq xatolar keyingi tadqiqotlarda ham takrorlangani ochiqlangan;
“Devonu lug‘ati-t-turk”ning H.Boltaboev boshchiligida tayyorlangan nashri S.Mutallibov yondashuvlari asosida ekanligi, matnning tiklangan o‘rinlari A.Rustamovning ruscha nashriga asoslanilgani, Q.Sodiqov nashrida esa o‘zigacha bo‘lgan nashrlarda tushirib qoldirilgan qo‘lyozma buyurtmachisining so‘zboshisi hamda sakkizta so‘z-maqola tiklangani isbotlangan;
o‘zbek tilidagi nashrlarda aniqlangan 650 ga yaqin tafovutlar qo‘lyozma bilan solishtirilib tasniflangani, farqlarning asosiy qismi turkiy matn bilan bog‘liq ekanligi ko‘rsatilgan hamda qo‘lyozmada keltirilgan turkiy so‘zlar talqinida S.Mutallibov arabcha matnga, Q.Sodiqov esa turkiy matnga asoslanganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Devonu lug‘ati-t-turk” asarining o‘zbek tilidagi nashrlari va ularning qiyosiy-matniy tadqiqi” mavzusi yuzasidan olib borilgan ilmiy izlanishlar asosida:
“Devonu lug‘ati-t-turk” asarining qo‘lyozmasi, uning matniy xususiyatlari, asarning o‘zbek tilidagi nashrlari, turkologiyada asar talqinini mukammallashtirishga bo‘lgan urinishlar bilan bog‘liq tahlillardan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan IZ-2020102832 raqamli “Evropa fondlarida saqlanayotgan, O‘zbekistonda mavjud Turkiy qo‘lyozmalarning ma’lumotlar bazasini va “Evroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2023-yil 15- noyabrdagi 02-04/2217- son ma’lumotnomasi). Natijada “Devonu lug‘ati-t-turk”ning Turkiyada saqlanayotgan yagona nusxasi 1266-yilda damashqlik Muhammad ibn Abu Bakr Damashqiy tomonidan Mahmud Koshg‘ariyning o‘z qo‘li bilan yozgan nusxadan ko‘chirilganligi to‘g‘risidagi qarashlarni asoslashga xizmat qilgan;
“Devonu lug‘ati-t-turk” asarining o‘zbek tilidagi ilk nashrlari va keyingi yillardagi qayta nashrlarining qiyosiy-matniy tadqiqi, matniy farqlarning qo‘lyozmada qanday shaklda kelgani bilan bog‘liq xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligining 2023-yil birinchi yarim yillik ish rejasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligining 2023-yil 4-avgustdagi 1 13-21-2157-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot asosida tayyorlangan ish rejasi yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan hamda targ‘ibot va tashviqot ishlarida “Devonu lug‘ati-t-turk”ning o‘zbekcha nashrlari haqidagi tasavvurlarni boyitishda nazariy-metodologik manba vazifasini bajargan;
“Devonu lug‘ati-t-turk” asarining bugungacha o‘zbek tilida tayyorlangan nashrlari tadqiqiga oid tahlillardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Ozbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2023-yil, 28-noyabrdagi 06-28-1778-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda o‘zbek koshg‘ariyshunosligi bevosita Abdurauf Fitratdan boshlangani, ilk o‘zbekcha nashrlar asarning qo‘lyozmasidan emas, balki tahrir qilingan bosma nusxa asosida amalga oshirilgani va so‘nggi yillarda asar ikki marta qayta nashrga tayyorlangani, mazkur nashrlar o‘zaro va qo‘lyozma bilan solishtirilib matniy tafovutlar aniqlangani ilmiy asosda yoritilgan.