Rozimova Qunduz Yuldashevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Jinoyat uchun jazo tayinlashning nazariy va amaliy jihatlari”, 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Yu207.
Ilmiy maslahatchi: Abdurasulova Qumriniso Raimqulovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Suyunova Dilbar Joldasbaevna, yuridik fanlar doktori, professor; Toshpulatov Akrom Ikromovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Najimov Miratdiyin Shamshetdinovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi jinoyat uchun jazo tayinlashning nazariy va amaliy masalalari asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etishga, JK tegishli normalarini takomillashtirishga, jazo tayinlash amaliyotini yaxshilashga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha jazo tayinlanganda jazoning muddati yoki miqdori Jinoyat kodeksi Maxsus qismi tegishli moddasi (qismi)da nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi kerakligi asoslangan;
JK 50-moddasining oltinchi qismiga muvofiq ayollarga, shuningdek 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo muddati, shu jumladan, jinoyatlar majmui va bir necha hukm yuzasidan tayinlangan jazo Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasi (moddasi qismi) sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi, ayollarga, shuningdek 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasi (moddasi qismi) nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatidan ham kamroq yoki engilroq jazo JK 57-moddasi qo‘llanilgan holda tayinlanishi kerakligi asoslangan;
har xil turdagi asosiy jazolarni qo‘shganda ozodlikni cheklashning bir kuni axloq tuzatish ishlarining yoki xizmat bo‘yicha cheklashning uch kuniga to‘g‘ri kelishi asoslangan;
jarima tariqasidagi jazoni almashtirish tartibida (JK 44-moddasi uchinchi qismi) — hukm chiqarish paytida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda, uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga tayinlanishi asoslangan;
voyaga etmaganlarga nisbatan jazo tayinlayotganda JK 82 – 86-moddalari talablariga rioya qilinishi, bunda JK 57-moddasini qo‘llash talab etilmasligi, sudlanuvchiga u aybdor deb topilgan JK Maxsus qismining moddasida nazarda tutilmagan boshqa engilroq turdagi jazolarning tayinlanish hollari bundan mustasno ekanligi asoslangan;
jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun jazoning muddati yoki miqdori Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi kerakligi to‘g‘risidagi qoida - tinchlik va xavfsizlikka qarshi tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun, shuningdek o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish; o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirish; voyaga etmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, shuningdek, uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga etmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etish bilan; voyaga etmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalarni tashkil etish yoki saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar uchun qo‘llanilmasligi kerakligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Jinoyat uchun jazo tayinlashning nazariy va amaliy masalalarini tadqiq etish natijalari asosida:
aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha jazo tayinlash, ya’ni aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha tayinlanadigan jazoning muddati yoki miqdori Jinoyat Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasi (qismi)da nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi kerakligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekistοn Respublikasining 2021-yil 18-fevraldagi O‘RQ–675-sοnli “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qοnunining 1-mοddasida, Jinoyat kodeksining 57-2-moddasida o‘z aksini tοpgan (O‘zbekistοn Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 8-apreldagi 04/2-10-3735-sοn ma’lumοtnοmasi). Mazkur taklif ishni sudga qadar yuritishning soddalashtirilgan shakli bo‘lib, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo‘yish, ish samaradorligini oshirish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasining yaxshilanishiga xizmat qilgan;
JK 50-moddasining oltinchi qismiga muvofiq ayollarga, shuningdek 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo muddati, shu jumladan, jinoyatlar majmui va bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlanayotgan hollarda ham, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasi (moddasi qismi) sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi, ayollarga, shuningdek 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasi (moddasi qismi) nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatidan ham kamroq yoki boshqa engilroq jazo JK 57-moddasi qo‘llanilgan holda tayinlanishi yuzasidan taklif O‘zR Oliy sud Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli qarorining 28-bandida o‘z aksini tοpgan (O‘zbekistοn Respublikasi Oliy sudining 2023-yil 7-noyabrdagi 08/877-23-sοn ma’lumοtnοmasi). Mazkur taklif inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasining yaxshilanishiga xizmat qilgan;
har xil turdagi asosiy jazolarni qo‘shganda ozodlikni cheklashning bir kuni axloq tuzatish ishlarining yoki xizmat bo‘yicha cheklashning uch kuniga to‘g‘ri kelishi yuzasidan taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risidagi qarorining 51-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekistοn Respublikasi Oliy sudining 2023-yil 7-noyabrdagi 08/877-23-sοn ma’lumοtnοmasi). Mazkur taklif inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasining yaxshilanishiga xizmat qilgan;
jarima tariqasidagi jazoni almashtirish (JK 44-moddasi uchinchi qismi) – hukm chiqarish paytida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda, uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga tayinlanishi yuzasidan taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 27-bandi birinchi xatboshisining uchinchi kichik xatboshisida o‘z aksini topgan (O‘zbekistοn Respublikasi Oliy sudining 2023-yil 7-noyabrdagi 08/877-23-sοn ma’lumοtnοmasi). Mazkur taklif inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari muhofazasi kuchaytirilishiga xizmat qilgan;
voyaga etmaganlarga nisbatan jazo tayinlayotganda JK 82 – 86-moddalari talablariga rioya qilinadi, bunda JK 57-moddasini qo‘llash talab etilmaydi. Sudlanuvchiga u aybdor deb topilgan JK Maxsus qismi tegishli moddasida nazarda tutilmagan boshqa engilroq turdagi jazolarning tayinlanish hollari bundan mustasnoligi xususidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022 yil 14 maydagi 9-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000-yil 15-sentyabrdagi 21-sonli “Voyaga etmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining10-bandi uchinchi xatboshisida o‘z aksini topgan (O‘zbekistοn Respublikasi Oliy sudining 2023-yil 7-noyabrdagi 08/877-23-sοn ma’lumοtnοmasi). Mazkur taklif inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasining kuchaytirilishiga xizmat qilgan;
jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun jazoning muddati yoki miqdori Jinoyat kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi kerakligi to‘g‘risidagi qoida: tinchlik va xavfsizlikka qarshi tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun, shuningdek quyidagilar bilan: o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish; o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirish; voyaga etmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga etmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etish bilan; voyaga etmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalarni tashkil etish yoki saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar uchun qo‘llanilmasligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi O‘RQ–829-sonli Qonunida o‘z aksini tοpgan (O‘zbekistοn Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023-yil 25-aprel 27/2-120-23-son ma’lumοtnοmasi). Mazkur taklif voyaga etmaganlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishida ko‘proq insonparvarlik prinsipini amalda namoyon bo‘lishiga xizmat qilgan.