Azimov Habubulloxon Yakubovichningning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Suriya inqirozining Turkiyadagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ta’siri», 23.00.02 – Siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar (siyosiy fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Ss162.
Ilmiy rahbar: Muhammadsidiqov Muhammadolim Muhammadroziq o‘g‘li, siyosiy fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/29.12.2022.Ss/Tar.21.02.
Rasmiy opponentlar: Yovqochev Shuhrat Akmalovich, siyosiy fanlar doktori, professor; Munavvarov Zohidullo Inomxodjaevich, siyosiy fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Suriya inqirozining Turkiya milliy xavfsizligi va undagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ta’sirini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Yaqin Sharq mintaqasining ijtimoiy-siyosiy holatini aks ettirishni nazarda tutuvchi Neomedievalizm, Shia hiloli va Baasizm singari paradigmalar Suriya Arab Respublikasining hududiy yaxlitligini parchalashga qaratilgani etno-diniy omillarga ko‘ra aniqlangan;
Suriyadagi “Damashq bahori” voqealari oqibatida vujudga kelgan kurdlar va qochqinlar muammosi Turkiya va Suriya o‘rtasida ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar munosabatlardagi nizo va ziddiyatlarning ortishiga va Turkiya tomonidan ilgari surilgan “Qo‘shnilar bilan nol muammo” tamoyilining tamomila o‘zgarishiga sabab bo‘lgani isbotlangan;
“Kurd koridori” loyihasi va u bilan bog‘liq ayirmachi guruhlarning Turkiyadagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga davlatlararo, millatlararo va dinlararo taʼsir etuvchi salbiy omil sifatida baholanishi Turkiyaning Suriya bilan chegarada “Firot qalqoni”, “Zaytun novdasi”, “Tinchlik bulog‘i” va “Panja qilich” nomli chora-tadbirlarni amalga oshirishiga asos bo‘lgani aniqlangan;
O‘zbekistonning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha muvozanatli va doimiy muloqot o‘rnatishga qaratilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasidan kelib chiqib, Yaqin Sharq mintaqasidagi turli millat va konfessiyalar vakillarining o‘zaro tinch-totuv hayot kechirishini taʼminlash bo‘yicha “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni amalga oshirishi zaruriyati asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Suriya inqirozining Turkiyadagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga taʼsiri bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida:
O‘zbekistonning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha muvozanatli va doimiy muloqot o‘rnatishga qaratilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasidan kelib chiqib, Yaqin Sharq mintaqasidagi turli millat va konfessiyalar vakillarining o‘zaro tinch-totuv hayot kechirishini taʼminlash bo‘yicha “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni amalga oshirishi zaruriyati borasidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining axborot-tahliliy hujjatlarini tayyorlashda Janubiy Osiyo, Yaqin, O‘rta Sharq va Afrika mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi tomonidan foydalanilgan. (Tashqi ishlar vazirligining 2023-yil 24-oktyabrdagi 18-130/41650-sonli dalolatnomasi). Natijada dissertatsiyada bildirilgan ilmiy xulosalar, taklif va tavsiyalar sohaga oid axborot-tahliliy bazani takomillashtirishga va amalda qo‘llashga xizmat qilgan;
Yaqin Sharq mintaqasining ijtimoiy-siyosiy holatini aks ettirishni nazarda tutuvchi Neomedievalizm, Shia hiloli va Baasizm singari paradigmalar Suriya Arab Respublikasining hududiy yaxlitligini etno-diniy omillarga ko‘ra parchalashni maqsad qilgani xususidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi kurslarining o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda foydalanilgan. (Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2023-yil 14-noyabrdagi 02-02/02/1/484-sonli dalolatnomasi). Natijada olingan nazariy xulosalar va ilmiy natijalar jamiyatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni taʼminlash va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini ifodalovchi monografiya, kitob, o‘quv qo‘llanma va risolalarni chop etishga xizmat qilgan;
Suriyadagi “Damashq bahori” voqealari oqibatida vujudga kelgan kurdlar va qochqinlar muammosi Turkiya va Suriya o‘rtasida ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar munosabatlardagi nizo va ziddiyatlarning ortishiga va Turkiya tomonidan ilgari surilgan “Qo‘shnilar bilan nol muammo” tamoyilining tamomila o‘zgarishiga sabab bo‘lgani borasidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlarini tashkil etishda foydalanilgan. (Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2023-yil 2-noyabrdagi 14-07-23-97-sonli dalolatnomasi). Natijada dissertatsiyada ilgari surilgan xulosalar, taklif va tavsiyalar Qo‘mitaning Turkiya Respublikasidagi vatandoshlar bilan do‘stona xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, ular bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilgan;
“Kurd koridori” loyihasi va u bilan bog‘liq ayirmachi guruhlarning Turkiyadagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga davlatlararo, millatlararo va dinlararo taʼsir etuvchi salbiy omil sifatida baholanishi Turkiyaning Suriya bilan chegarada “Firot qalqoni”, “Zaytun novdasi”, “Tinchlik bulog‘i” va “Panja qilich” nomli chora-tadbirlarni amalga oshirishiga asos bo‘lgani xususidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanali tomonidan berilgan 2023-yil 13-oktyabrdagi 02-35-1542-sonli dalolatnomasi). Natijada ushbu ko‘rsatuv Suriya inqirozining kelib chiqish sabablari va Turkiyaning ushbu inqirozni hal etishga qaratilgan strategiyasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik va aholiga ilmiy tarzda etkazishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish