Meliboev Bahodir Fayzullaevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona botig‘i va Toshkentoldi hududlarida tarqalgan paleogen yotqiziqlarining litologik-fatsial xususiyatlari va foydali qazilmalari», 04.00.01 – Umumiy va mintaqaviy geologiya (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/GM141.
Ilmiy rahbar: Sultonov Po‘latjon Salimovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Geologiya va geofizika instituti, DSc.24/30.10.2020.GM.125.01. 
Rasmiy opponentlar: Shoymurotov To‘ychi Xalikulovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Karabaev Mamatxan Sadirovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: paleogen davri yotqiziqlarining litologik-fatsial xususiyatlarini yangi ma’lumotlar asosida majmualash, noma’dan foydali qazilma konlarini bashoratlash va ularning istiqbolli hududlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tabiiy ochilmalar va burg‘i quduqlaridan olingan yangi geologik, hamda geofizik ma’lumotlar asosida litologik tarkibi, fatsial xususiyatlari, qalinligi va yotish elementlari bilan farq qiluvchi 6 turdagi tayanch kesmalari aniqlangan; 
ilk bor Farg‘ona botig‘i va Toshkentoldi hududlari uchun  GAT texnologiyalarini qo‘llagan holda paleogen davri rivojlanishining har bir bosqichi uchun 1:200 000 miqyosli 8 ta litologik-fatsial xaritalar tuzilgan;
paleogen davrining har bir stratigrafik birligi (qatlami) uchun tuzilgan litologik-fatsial xaritalarda tog‘-etagi yoyilmalari, suv osti deltasi, urinma to‘lqinlar, sayoz qo‘ltiq, markaziy tinish fatsial kamarlari aniqlangan;
bir qator noma’dan foydali qazilmalarning ma’lum fatsial kamarlarda shakllanganligi isbotlangan; 
noma’dan foydali qazilmalarni bashorat qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fatsial kamar va zonalar ajratilgan hamda ularning istiqbolli maydonlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Farg‘ona botig‘i va Toshkentoldi hududlarida tarqalgan paleogen davri yotqiziqlarining litologik-fatsial xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yangi geologik-geofizik ma’lumotlar asosida tuzilgan litogrammalar va litologik-fatsial profillar “Regionalgeologiya” DUK amaliyotiga joriy etilgan (Davlat geologiya qo‘mitasining 2022 yil 5 dekabrdagi 01/45-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qidirilayotgan xom ashyoning aniq stratigrafik sathini, litologik tarkibi va qalinligini aniqlashga xizmat qilgan;
GAT texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan 1:200 000 miqyosli vakillik litologik-fatsial xaritalari “Regionalgeologiya” DUKning geologiya-qidiruv amaliyotiga joriy qilingan (Davlat geologiya qo‘mitasining 2022 yil 5 dekabrdagi 01/45-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, paleogen davriga oid noma’dan foydali qazilmalarning istiqbolli hududlarining chegaralarini aniq belgilash va o‘rganilayotgan hududlarda geologik qidiruv ishlarini samarali olib borish imkonini bergan;
tuzilgan litologik-fatsial xaritalar “Regionalgeologiya” DUK amaliyotiga joriy etilgan (Davlat geologiya qo‘mitasining 2022 yil 5 dekabrdagi 01/45-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ular Fargʻona viloyatining O‘zbekiston tumani Gʻuzan togʻlaridagi Achisu hududida sement xom ashyosi uchun yaroqli ohaktoshlar bo‘yicha geologik qidiruv ishlarini olib borishga asos bo‘lgan;
Turkiston qatlamlari ajratilgan litologik-fatsial xaritalarda tarqalgan istiqbolli maydonlarning konturlari “Regionalgeologiya” DUK amaliyotiga joriy qilingan (Davlat geologiya qo‘mitasining 2022 yil 5 dekabrdagi 01/45-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ular Namangan viloyati Chust tumanidagi G‘ovasoy hududida paleogen davri Turkiston qatlamlari bilan bog‘liq noma’dan foydali qazilmalarni baholash uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish