Usmonova Mahliyo Sobirjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Nikohdan ajratishda voyaga etmagan bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish muammolari”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Yu542.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Sindarov Komil Oydinovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.37/27.02.2020.Yu.107.01.
Rasmiy opponentlar: Baratov Murodiljon Xomudjonovich, yuridik fanlar doktori, professor; Topildiev Baxromjon Raximjonovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi nikohdan ajratish jarayonida voyaga etmagan bolalarning huquq va manfaatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash, huquqiy tartibga solishga qaratilgan ilmiy asoslangan tavsiya va takliflarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ota-ona qaramog‘i mavjud bo‘lmagan holatlar, ya’ni ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi yoki cheklanganligi, bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi yoxud muomalaga layoqati cheklanganligi, bolani tarbiyalashdan yoki uning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlaganligi bilan bir qatorda nikohdan ajralish sababli ham paydo bo‘lishi asoslab berilgan; 
bolaning otasi yoki onasi yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan majburiyatlarini lozim darajada bajarmaslik, o‘z huquqlarini suiiste’mol qilish va boshqa sabablarga ko‘ra chet davlat hududida bolani nazoratsiz qoldirish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi asoslab berilgan;
ota-onaning voyaga etmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdorini belgilash, jumladan, har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori bolalarni boqish, tarbiyalash, ularning ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlash maqsadida qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerakligi asoslab berilgan;
aliment to‘layotgan ota-onaning boshqa voyaga etmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek aliment to‘layotgan ota (ona) nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkinligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan: 
ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ota-ona qaramog‘i mavjud bo‘lmagan holatlar, ya’ni ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi yoki cheklanganligi, bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi yoxud muomalaga layoqati cheklanganligi, bolani tarbiyalashdan yoki uning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlaganligi bilan bir qatorda nikohdan ajralish sababli ham paydo bo‘lishi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–829-son Qonuniga asosan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi o‘n to‘qqizinchi xatboshisiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2023-yil 9-avgustdagi 52-son dalolatnomasi). Ushbu normaning kiritilishi ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola tushunchasini yanada aniqlashtirish imkonini bergan;
bolaning otasi yoki onasi yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan majburiyatlarini lozim darajada bajarmaslik, o‘z huquqlarini suiiste’mol qilish va boshqa sabablarga ko‘ra chet davlat hududida bolani nazoratsiz qoldirish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi haqidagi taklif “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi 2023-yil 15-martdagi O‘RQ–823-son Qonuniga asosan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasini beshinchi qismiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2023-yil 9-avgustdagi 52-son dalolatnomasi). Ushbu normaning kiritilishi bolani nazoratsiz qoldirganlik uchun javobgarlik belgilanishiga xizmat qilgan;
ota-onaning voyaga etmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdorini belgilash, jumladan, har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori bolalarni boqish, tarbiyalash, ularning ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlash maqsadida qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–683-son Qonuni bilan Oila kodeksi 99-moddasining ikkinchi qismiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023-yil 20-noyabrdagi 27/2-362-23-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi ota-onaning voyaga etmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdorini qonunchilikda aniqlashtirishga xizmat qilgan;
aliment to‘layotgan ota-onaning boshqa voyaga etmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek aliment to‘layotgan ota (ona) nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkinligiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–770-son Qonuni bilan Oila kodeksi 
105-moddasining birinchi qismiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023-yil 20-noyabrdagi 27/2-362-23-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi aliment miqdorini kamaytirish yoki aliment to‘lashdan ozod qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish