Bekmurodova Gullola Amirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Sut kislotali bakteriyalarning antioksidant va antidiabetik xususiyatlari», 03.00.04 – Mikrobiologiya va virusologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/B862.
Ilmiy rahbar: Miralimova Shaxlo Mirjamalovna, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mikrobiologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.V.38.01.
Rasmiy opponentlar: Abduxalilova Gulnora Kudratullaevna, tibbiyot fanlari doktori; Pulatova Ozodaxon Mansurovna, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: antidiabetik parhez qo‘shimchasini ishlab chiqarish uchun mahalliy sut kislotali bakteriya shtammlarning antioksidant va gipoglikemik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor dorivor o‘simliklardan Apilactobacillus kunkeei turiga mansub mahalliy sut kislota bakteriyasi ajratib olindi va uning antioksidant va antimikrob xususiyatlari tavciflangan, bu uning inson uchun probiotik sifatida foydalanish imkoniyatlarini ochib bergan;
antioksidant faollikka ega dorivor o‘simliklardan ajratilgan sut kislotali bakteriyalarning fermentlangan oziq-ovqat, sut mahsulotlari va boshqa manbalardan ajratilgan izolyatlarga nisbatan yuqori antioksidant faolligi aniqlangan;
ilk bor sut kislotali bakteriyalari o‘stirish muhitida nafaqat V9 va V12 vitaminlari, balki RR va S vitaminlari miqdorini oshirishga qodir ekanligi aniqlangan;
sut kislotali bakteriyalarining glisin, sistein va glutamin aminokislotalarini ishlab chiqarish qobiliyati aniqlangan, bu ularni tabiiy antioksidant glutation ishlab chiqaruvchilari sifatida istiqbolli bo‘lishi asoslangan;
yaratilgan “Probiomiks-AWL” preparati nistatinga chidamli Candida albicans achitqisiga qarshi yuqori antogonistik faollikka ega ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Sut kislotali bakteriyalarning antioksidant va gipoglikemik xususiyatlari, ular asosida qandli diabetga qarshi vosita yaratish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
antioksidant va gipoglikemik xususiyatga ega probiotik biologik faol qo‘shimchasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan ixtiro patenti olingan (№ IAP 07270, 2022 y). Natijada, farmatsevtikada 2-toifa qandli diabetning oldini olish va yordamchi profilaktik vosita sifatida antioksidant va gipoglikemik xususiyatlariga ega probiotik biologik faol qo‘shimcha sifatida foydalanish imkonini bergan;
antidiabet ta’sirga ega A.kunkeei 1, L.plantarum TK1, L.plantarum KA3, E.faecium1 sut kislotali bakteriya shtammlari asosida yaratilgan «Probiomiks-AWL» biologik faol qo‘shimchasini ishlab chiqarish uchun Texnik shartlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan tasdiqlangan (Ts 29516138-002:2021). Natijada, «Probiomiks-AWL» BFQsi “AllWellLab” MChJ bazasida ishlab chiqarish imkonini bergan;
tarkibida sut kislotali bakteriyalarining mahalliy shtammlarini o‘z ichiga olgan diabetga qarshi «Probiomiks-AWL» BFQ ni seriyali ishlab chiqarish uchun muvofiqlik sertifikati olingan (№ Z.SMT/01.0011.74318886). Natijada, O‘zbekiston bozoriga qandli diabetni oldini olish va profilaktikasi uchun mahalliy mikroorganizmlar asosidagi diabetga qarshi oziq – ovqat biologik faol qo‘shimchasini tadbiq qilish imkonini bergan;
tabiiy mahalliy manbalardan ajratilgan A.kunkeei1, L. plantarum TK1,
L. plantarum KA3 va E. faecium1 sut kislotali bakteriyalari Mikrobiologiya instituti “Mikroorganizmlar to‘plami”ga noyob ob’ekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 02 noyabrdagi 4/1255-2422-son ma’lumotnomasi). Natijada, to‘plam diabetga qarshi bakteriya shtammlari bilan boyitildi va bu axborot-tahliliy elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini bergan;
sut kislotali L. plantarum TK1, L. plantarum KA3 va E. faecium1 shtammlar16S rPHK nukleotid ketma-ketligi aniqlanib National Center for Biotechology Information (NCBI) ma’lumotlar bazasida Lactiplantibacillus plantarum TK1 (OR168727), Lactiplantibacillus plantarum KA3 (OR168934), Enterococcus faecium 1 (OR168982.1) raqamlar ostida ro‘yxatdan o‘tkazilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 02 noyabrdagi 4/1255-2422-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu shtammlarning nukleotidlar ketma-ketliklari ma’lumotlarini dunyoning turli mintaqalarida uchraydigan shtammlar bilan taqqoslash imkonini bergan.