Boliev Behzod Raxmatilloevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Kompleks tadbirkorlik lisenziyasi (franshizing)ni fuqarolik-huquqiy tartibga solish”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Yu587.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Imomov Nurillo Fayzullaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Yakubov Axtam Nusratilloevich, yuridik fanlar doktori; Xazratqulov Odilbek Tursunovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kompleks tadbirkorlik lisenziyasi (franshizing) shartnomasini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish uchun asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kompleks tadbirkorlik lisenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning soddalashtirilgan elektron tartibi joriy etilishi lozimligi asoslantirilgan;
franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish davlat xizmatlari markazlari tomonidan avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshirilishi hamda ushbu qoidaga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy hisoblanmasligiga sabab bo‘lishi asoslab berilgan;
qo‘shimcha franchayzing shartnomasi uning tuzilishiga asos bo‘lgan franchayzing shartnomasidan uzoq muddatga tuzilishi mumkin emasligi asoslangan;
lisenziat lisenziarni o‘zining ishlab chiqarish joyiga qo‘yish, unga zarur hujjatlarni taqdim qilish va foydalanilayotgan mutlaq huquqlarning to‘g‘ri ishlatilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotning olinishiga ko‘maklashishi lozimligi asoslantirilgan;
namunaviy shartnomalarni qonunosti hujjatlar bilan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinishi lozimligi, bunda esa qonun bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taraflar uchun majburiy bo‘lgan namunaviy shartnomalar tasdiqlanishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno bo‘lishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
kompleks tadbirkorlik lisenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini raqamlashtirish orqali elektron shaklga o‘tkazishga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-iyundagi “Kompleks tadbirkorlik lisenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 346-son qarorining 1-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik departamentining 2023-yil 14-sentyabrdagi 5-son dalolatnomasi). Ushbu taklif kompleks tadbirkorlik lisenziyasi (franshizing) shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning soddalashtirilgan elektron tartibi joriy etilishiga xizmat qilgan;
franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish davlat xizmatlari markazlari tomonidan avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshirilishi hamda ushbu qoidaga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy hisoblanmasligiga sabab bo‘lishiga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-iyundagi 346-son qarori bilan tasdiqlangan Kompleks tadbirkorlik lisenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentining 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik departamentining 2023-yil 14-sentyabrdagi 5-son dalolatnomasi). Ushbu taklif franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi takomillashtirilishiga xizmat qilgan;
qo‘shimcha franchayzing shartnomasi uning tuzilishiga asos bo‘lgan franchayzing shartnomasining amal qilishidan uzoqroq muddatga tuzilishi mumkin emasligiga oid taklifdan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasining 981-moddasi ikkinchi qismini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2023-yil 9-avgustdagi 7-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklif qo‘shimcha franshizingning amal qilish muddatini aniqlashtirishga xizmat qilgan;
lisenziarni o‘zining ishlab chiqarish joyiga qo‘yish, unga zarur hujjatlarni taqdim qilish va foydalanilayotgan mutlaq huquqlarning to‘g‘ri ishlatilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotning olinishiga ko‘maklashish lisenziatning majburiyati hisoblanishiga oid taklifdan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasining 984-moddasi birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2023-yil 9-avgustdagi 7-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklif franshizing shartnomasida lisenziatning majburiyatlari doirasini belgilashga xizmat qilgan;
namunaviy shartnomalarni qonunosti hujjatlar bilan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinishi lozimligi, bunda esa qonun bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taraflar uchun majburiy bo‘lgan namunaviy shartnomalar tasdiqlanishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno bo‘lishiga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentyabrdagi “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6313-son Farmonining 4-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021-yil 13-dekabrdagi 12-18-37-son dalolatnomasi). Ushbu taklif shartnomalarning namunaviy shartiga rioya etilishi va u bilan bog‘liq istisnolarni aniqlashtirishga xizmat qilgan.