Xurramov Xayitmurod Boboqul o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Oks sivilizatsiyasi tarixshunosligi (Germaniya olimlari tadqiqotlari misolida)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi, 07.00.08 — Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Tar1050.
Ilmiy rahbar: Shaydullaev Shapulat Bazarovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Baxtiyar Ergashevich, tarix fanlari doktori, professor; Eshov Baxodir Jo‘raevich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi Germaniya arxeologiyasida nemis olimlarining Markaziy Osiyoning janubiy hududlarida joylashgan bronza davri yodgorliklarida olib borgan tadqiqot yakunlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Germaniyalik M.Toyfer tomonidan taklif etilgan Sopolli madaniyatining xronologiyasi yetarlicha ilmiy asoslanmaganligi, bu borada E.Lenaning xronologik ketma-ketligi ishonchli dalillar asosida ochib berilganligi, Jarqo‘ton va Gonur yodgorliklari moddiy madaniyati misolida aholining Qadimgi Sharqning yuksak darajada rivojlangan madaniyat markazlari bilan yaqindan madaniy aloqada bo‘lganligi aniqlangan;
bronza davrida Markaziy Osiyo va Eron platosida yuksak moddiy madaniyatga asoslangan transmadaniy tizim vujudga kelganligi muhrlarda tasvirlangan ma’budalarda o‘z aksini topganligi, Yaqin Sharq diniy motivlari, xudo va ma’budalarining deyarli o‘zgarishlarga uchramasdan Eron orqali Oks sivilizatsiyasiga kirib kelganligi gliptikaga oid materiallar asosida dalillangan;
nemis olimlari ilgari surayotgan “Zarafshon qalay rudalari Janubiy Eron yoki Mesopotamiya metallsozlari uchun asosiy ruda manbai emas” degan g‘oya tanqid qilinib, Baqtriya – Marg‘iyona aholisi Zarafshon qalayi rudalarini Yaqin Sharqqa yetkazib beradigan, ruda savdosini yuritgan asosiy xalq ekanligi aniqlangan;
Oks sivilizatsiyasi inqiroziga na iqlim omillari va na dashtlik Andronova bosqini omillarini asos qilib ko‘rsatib bo‘lmasligi hamda sivilizatsiyaning yakuniy davrida yuz bergan ijtimoiy holatga asoslanib, inqirozga ichki ierarxik yemirilish sabab bo‘lganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Oks sivilizatsiyasi tarixshunosligi (Germaniya olimlari tadqiqotlari misolida) mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot ishi asosida:
Germaniyalik M.Toyfer tomonidan taklif etilgan Sopolli madaniyatining xronologiyasi yetarlicha ilmiy asoslanmaganligi, bu borada E.Lenaning xronologik ketma-ketligi ishonchli dalillar asosida ochib berilganligi, Jarqo‘ton va Gonur yodgorliklari moddiy madaniyati misolida aholining Qadimgi Sharqning yuksak darajada rivojlangan madaniyat markazlari bilan yaqindan madaniy aloqada bo‘lganligi aniqlanganligi hamda bronza davrida Markaziy Osiyo va Eron platosida yuksak moddiy madaniyatga asoslangan transmadaniy tizim vujudga kelganligi muhrlarda tasvirlangan ma’budalarda o‘z aksini topganligi, Yaqin Sharq diniy motivlari, xudo va ma’budalarining deyarli o‘zgarishlarga uchramasdan Eron orqali Oks sivilizatsiyasiga kirib kelganligi gliptikaga oid materiallar asosida dalillanganligiga oid takliflar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 23 dekabrdagi 01-32-2131-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallar keng jamoatchilik o‘rtasida Markaziy Osiyoning Sopolli, Dashli, Namozgoh va Bishkent – Vaxsh madaniyatlarini birlashtiruvchi Oks sivilizatsiyasining shakllanishida migratsiyaning o‘rni, taraqqiyot bosqichlari hamda inqirozga yuz tutishi sabablarini kengroq tushunishga asos bo‘lgan;
nemis olimlari ilgari surayotgan “Zarafshon qalay rudalari Janubiy Eron yoki Mesopotamiya metallsozlari uchun asosiy ruda manbai emas” degan g‘oya tanqid qilinib, Baqtriya – Marg‘iyona aholisi Zarafshon qalayi rudalarini Yaqin Sharqqa yetkazib beradigan, ruda savdosini yuritgan asosiy xalq ekanligi aniqlanganligi hamda Oks sivilizatsiyasi inqiroziga na iqlim omillari va na dashtlik Andronova bosqini omillarini asos qilib ko‘rsatib bo‘lmasligi hamda sivilizatsiyaning yakuniy davrida yuz bergan ijtimoiy holatga asoslanib, inqirozga ichki ierarxik yemirilish sabab bo‘lganligi dalillanganligi yuzasidan izlanishlar natijalari bilan bog‘liq ilmiy yangiliklar va ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2023 yil 20 apreldagi 01-10/1254-son ma’lumotnomasi). Bu esa, mamlakatimiz aholisi, xususan, yoshlar ongida bronza davrida mavjud bo‘lgan Oks sivilizatsiyasining ilk davrida aholi qurg‘oqchilikka duch kelganligini, so‘nggi bosqichlarda esa nisbatan barqaror iqlim davri bo‘lganligi, sivilizatsiya inqiroziga ichki ierarxik yemirilish sabab bo‘lganligi xususida ilmiy dunyoqarash shakllanishiga asos bo‘lgan.