Xalilov Sirojiddin Sherali o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Milliy turizm tarmog‘ining raqobat ustunliklarini rivojlantirish yo‘nalishlari va strategiyalarini takomillashtirish», 08.00.17 – Turizm va mehmonxona faoliyati.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Iqt401.
Ilmiy maslahatchi: Pardaev Mamayunus Qarshiboevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Safarov Baxodirxon Shaxriyorovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Ibragimov Nutfillo Salimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Astanakulov Olim Tashtemirovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi milliy turizm tarmog‘ining raqobat ustunliklarini rivojlantirish strategiyalarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uslubiy yondashuvga ko‘ra “milliy turizm tarmog‘ida raqobat muhiti va raqobat ustunliklari” tushunchalarining iqtisodiy mazmuni turistik korxonalarning maqbul narx o‘rnatish, tanlangan segment miqyosida taniqlilikni ta’minlashga yo‘naltirilgan manfaatlar to‘qnashuvi natijasida vujudga keladigan holat hamda biznes subektlari orasida keskin ajralib turuvchi raqobat xususiyatlari jamlanmasi nuqtai nazaridan takomillashtirilgan;
Surxondaryo viloyatida turizm yo‘nalishlarini hududiy raqobat ustunliklari asosida diversifikatsiyalash hamda qayta maqsadli integratsiyalash asosida “ekoturizm”, “agroturizm”, “gastronomik turizm” kabi istiqbolli turlarga ixtisoslashgan Boysun, Sherobod va Sariosiyo kichik tematik turistik zonalar yaratish taklifi asoslangan;
qishloq va etnografik turlar (an’anaviy turmush tarzi, hunarmandchilik, milliy taomlar tayyorlash texnologiyasi) doirasida sayyohlarni qabul qilish istagiga va imkoniyatiga ega bo‘lgan fermerlar uchun namunaviy “turistik mahalla” tipidagi uy-joy komplekslari qurish orqali milliy turizm tarmog‘i salohiyatidan foydalanishni kengaytirish taklifi asoslangan;
rekreatsion ko‘llar hududida ishbilarmonlik tadbirlarini (MICE tourism) o‘tkazishga mo‘ljallangan kongress-xoll, rekreatsiya va dam olish maskanlari, investorlarni jalb qilish imkonini kengaytiruvchi “Investor show room” hamda  turistlarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan axborot markazlarini (“Visitor center”) tashkil qilish taklifi asoslangan;
Surxondaryo viloyatida turizm sohasida hudud salohiyatini yuzaga chiqarishga yo‘naltirilgan “Oltin uchburchak” turistik sxemasini amalga oshirishning iqtisodiy mexanizmi tabaqalashgan imtiyozlar joriy qilish va ekskursiya dasturlari bazasini yaratishga mas’ul tuzilma sifatida turizm ekspertlaridan iborat muvofiqlashtiruvchi konsilium faoliyatini yo‘lga qo‘yish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Milliy turizm tarmog‘ining raqobat ustunliklarini rivojlantirish yo‘nalishlari va strategiyalarini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy takliflar hamda amaliy tavsiyalar asosida:
uslubiy yondashuvga ko‘ra “milliy turizm tarmog‘ida raqobat muhiti va raqobat ustunliklari” tushunchalarining iqtisodiy mazmunining turistik korxonalarda maqbul narx o‘rnatish, tanlangan segment miqyosida taniqlilikni ta’minlashga yo‘naltirilgan manfaatlar to‘qnashuvi natijasida vujudga keladigan holat hamda biznes subektlari orasida keskin ajralib turuvchi raqobat xususiyatlari jamlanmasi nuqtai nazaridan takomillashtirishga oid nazariy-uslubiy materiallardan oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun mo‘ljallangan “Turizmda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish” nomli darslikni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 18-avgustdagi 356-sonli buyrug‘i). Mazkur ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi natijasida oliy o‘quv yurti talabalarida “milliy turizm tarmog‘ida raqobat muhiti va raqobat ustunliklari” tushunchalarining iqtisodiy mazmuni bo‘yicha yanada kengroq nazariy bilim va ko‘nikmalar hosil qilish uchun uslubiy asos bo‘lgan;
Surxondaryo viloyatida turizm yo‘nalishlarini hududiy raqobat ustunliklari asosida diversifikatsiyalash hamda qayta maqsadli integratsiyalash asosida “ekoturizm”, “agroturizm”, “gastronomik turizm” kabi istiqbolli turlarga ixtisoslashgan Boysun, Sherobod va Sariosiyo kichik tematik turistik zonalar yaratish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-maydagi 332-son qarori asosida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi VII- bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021-yil 18-noyabrdagi 03-17-01/10649-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali mavsumiy omillar ta’sirini kamaytirish hamda turizm tarmog‘ini hududiy boshqarish samaradorligini oshirish imkoni yaratilgan;
qishloq va etnografik turlar (an’anaviy turmush tarzi, hunarmandchilik, milliy taomlar tayyorlash texnologiyasi) doirasida sayyohlarni qabul qilish istagiga va imkoniyatiga ega bo‘lgan fermerlar uchun namunaviy “turistik mahalla” tipidagi uy-joy komplekslari qurish orqali milliy turizm tarmog‘i salohiyatidan foydalanishni kengaytirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021-yil 18-noyabrdagi 03-17-01/10649-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida kiruvchi va ichki turistik oqimga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan muqobil tashkiliy tuzilmalar faoliyati takomillashgan;
rekreatsion ko‘llar hududida ishbilarmonlik tadbirlarini (MICE tourism) o‘tkazishga mo‘ljallangan kongress-xoll, rekreatsiya va dam olish maskanlari, investorlarni jalb qilish imkonini kengaytiruvchi “Investor show room” hamda  turistlarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan axborot markazlarini (“Visitor center”) tashkil qilish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-iyundagi 368-son “O‘zbekiston Respublikasida suvda dam olish va plyaj turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi va To‘dako‘l ko‘li rekreatsion ko‘llar hududida 2021-2025-yillarda turizmni rivojlantirish Konsepsiyasi birinchi bobi 1.6-bandini hamda beshinchi bobi 5.5-, 5.6-, 5.7-bandlarini ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021-yil 18-noyabrdagi 03-17-01/10649-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi rekreatsion ko‘llar hududini potensial turistlar guruhlari o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha marketing strategiyasini amalga oshirish mexanizmini takomillashtirishga xizmat qilgan;
Surxondaryo viloyatida turizm sohasida hudud salohiyatini yuzaga chiqarishga yo‘naltirilgan “Oltin uchburchak” turistik sxemasini amalga oshirishning iqtisodiy mexanizmini tabaqalashgan imtiyozlar joriy qilish va ekskursiya dasturlari bazasini yaratishga mas’ul tuzilma sifatida turizm ekspertlaridan iborat muvofiqlashtiruvchi konsilium faoliyatini yo‘lga qo‘yish asosida takomillashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-maydagi 332-son “Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Surxondaryo viloyatida “Oltin uchburchak” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021-yil 18-noyabrdagi 03-17-01/10649-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida milliy turizm tarmog‘ida hududlar ulushini mutanosib taqsimlash imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish