Raximov Dilmurodjon G‘ulomjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi “Davlat fuqarolik xizmatini kadrlar bilan ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish”, 12.00.02 – Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Yu585.
Ilmiy rahbar: Xusanov Ozod Tillaboevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.02.
Rasmiy opponentlar: Yusupov Sardorbek Baxodirovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Saidgazieva Nilufar Sherzodovna, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatini kadrlar bilan ta’minlashning huquqiy asoslari va amaliyoti orqali uni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan asoslantirilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni ochiq, shaffof va adolatli tarzda tanlab olish va lavozim bo‘yicha o‘sib borish mexanizmlarini ta’minlash maqsadida adolatlilik, xolislik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini joriy etish zarurati asoslab berilgan;
davlat fuqarolik xizmatida meritokratiya tamoyili va “karera modeli” qoidalarini ta’minlash maqsadida davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni tanlab olishning ichki tanlov shaklida faqat davlat fuqarolik xizmatchilari, tashqi tanlov shaklida esa tegishli malaka talablariga javob beradigan barcha fuqarolar ishtirok etishi lozimligi asoslantirilgan;
kadrlarni qayta tayyorlash tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun qo‘shimcha kompetensiyalar egallanishini, kadrlar malakasini oshirish esa kasbiy kompetensiyalarning yangilab borilishini ta’minlashi va kadrlarning “karera modeli” doirasida o‘sib borishiga xizmat qilishi asoslantirilgan;
davlat xizmati sohasida gender tenglikni ta’minlash, rahbarlik lavozimlarda xotin-qizlar ulushini oshirish maqsadida mahalliy ijro hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotini kengaytirish lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Davlat fuqarolik xizmatini kadrlar bilan ta’minlashni takomillashtirishga oid tadqiqotdagi ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanildi:
davlat fuqarolik xizmatida adolatlilik, xolislik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini belgilashga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustdagi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘RQ-788-son Qonunining 5-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2022-yil 30-sentyabrdagi 04/10-10-168-son dalolatnomasi). Maxsus Qonunda ushbu prinsiplarning joriy qilinishi davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni ochiq tanlov asosida qabul qilish, ularni baholash va lavozim bo‘yicha harakatlanish mexanizmlarining takomillashuviga xizmat qilgan;
davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni tanlab olishning ichki tanlov shaklida faqat davlat fuqarolik xizmatchilarining, tashqi tanlov shaklida esa tegishli malaka talablariga javob beradigan barcha fuqarolarning ishtirok etishi huquqini belgilashga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustdagi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘RQ-788-son Qonunining 29-moddasini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2022-yil 30-sentyabrdagi 04/10-10-168-son dalolatnomasi). Natijada davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni ichki va tashqi tanlov asosida qabul qilishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilib, bu davlat fuqarolik xizmatida meritokratiya tamoyili va “karera modeli” qoidalarini ta’minlashga xizmat qilgan;
“kadrlarni qayta tayyorlash” va “kadrlar malakasini oshirish” tushunchalari xususiyatlarini farqlashga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentyabrdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘RQ-637-son Qonunining 13-moddasini ishlab chiqishda e’tiborga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2022-yil 24-apreldagi 1967-105-son dalolatnomasi). Ushbu taklif natijasida kadrlarni qayta tayyorlash tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun qo‘shimcha kompetensiyalarni egallanishini ta’minlashi, kadrlar malakasini oshirish esa kasbiy kompetensiyalarning yangilab borilishini ta’minlashi sifatida belgilanib, ushbu jarayonlarni samarali tashkil etishga xizmat qilgan;
mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotini kengaytirish lozimligiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-son qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 4-bob 2-ustuvor yo‘nalishining 6-xatboshishini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining 2022-yil 3-oktyabrdagi 25-12/2502-son dalolatnomasi). Natijada viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalarida hokim o‘rinbosarlari – oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari, tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalarida hokim o‘rinbosarlari – oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari lavozimlari joriy qilinib, bu davlat fuqarolik xizmatining rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlar ulushining ortishiga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ishlarda xotin-qizlarning faolligini oshirishga xizmat qilgan.