Raxmatov Olimjon Orifjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Keng qamrovli mola-tekislagichga dala yuzasida mayin qatlam hosil qiladigan moslama ishlab chiqish va parametrlarini asoslash», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/T1747.
Ilmiy rahbar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa (muassasalar) nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: Imomkulov Qutbiddin Boqijonovich, texnika fanlari doktori, professor; Xalilov Mirkomil Mirzatolibovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi keng qamrovli mola-tekislagichga dala yuzasida mayin tuproq qatlamini hosil qiladigan moslama ishlab chiqish va parametrlarini asoslash yo‘li bilan erlarni ekishga tayyorlashda ish sifati va unumini oshirish, yonilg‘i va boshqa xarajatlar sarfini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dala yuzasida mayin tuproq qatlamini hosil qiladigan moslama bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichning konstruktiv sxemasi uning zichlagichi va moslama orasiga tuproq bo‘laklari va o‘simlik qoldiqlari tiqilmasligini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan;
moslama tishlarining ko‘ndalang kesimi, eni, uzunligi, pastki o‘tkirlangan uchining uzunligi, har bir tishga beriladigan tik yuklanish, tishlar izlarining kengligi, tishlar orasidagi bo‘ylama masofa moslama tomonidan talab darajasidagi ish sifati ta’minlanishi hisobga olingan holda asoslangan;
moslama bosim prujinasining taranglik kuchi uning tishlari belgilangan chuqurlikka botib ishlashi shartidan kelib chiqib asoslangan;
moslamaga beriladigan tik yuklanish va tishlar orasidagi ko‘ndalang va bo‘ylama masofalarning maqbul qiymatlari hamda agregat harakat tezligi uning agrotexnik va energetik ko‘rsatkichlarini baholovchi regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. «Keng qamrovli mola-tekislagichga dala yuzasida mayin qatlam hosil qiladigan moslama ishlab chiqish va parametrlarini asoslash» bo‘yicha olingan natijalar asosida:
moslama bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichga Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan («Mola-tekislagich», FAP 01638 – 18.05.2021 y.). Natijada ish sifati yuqori hamda energiya-resurstejamkor moslama bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichning konstruktiv sxemasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
moslama bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun uning loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan («BMKB-Agromash» AJ ning 2022-yil 30-noyabrdagi №01-238 son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega bo‘lgan moslama bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichni sanoat usulida ishlab chiqarish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan moslama bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichning tajriba nusxasi Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi Juraev Odiljon Juraboevich va Sardor Xayrullo Xamkor fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Juraev Odiljon Juraboevich fermer xo‘jaligining 2022 yil 8 aprel hamda Sardor Xayrullo Xamkor fermer xo‘jaligining 2022 yil 10 apreldagi dalolatnomalari). Natijada erlarni ekishga tayyorlashda tuproqning uvalanish darajasi (o‘lchami 25 mm bo‘lgan fraksiyalar miqdori) 84,7-87,9 foiz oralig‘ida, moslamaning ishlov berish chuqurligi mos ravishda 4,2-4,6 cm oralig‘ida, asosiy hamda ekspluatatsion vaqtdagi ish unumi mos ravishda soatiga 4,88-6,32 hamda 3,51-4,55 gektar oralig‘ida bo‘ldi. Yonilg‘i sarfi gektariga 3,99-4,36 kg oralig‘ida bo‘ldi.