Allanov Xolik Keldiyorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonning janubiy mintaqasida ingichka tolali g‘o‘za navlarini parvarishlash agrotexnologiyasining ilmiy asoslari”, 06.01.02 – Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/Qx.242.
Ilmiy maslahatchi: Avliyakulov Mirzoolim Avazovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSs.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Nurmatov Shermat, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Matyakubov Baxtiyor Shamuratovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Avlakulov Meyli, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonning janubiy mintaqasi Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining sug‘oriladigan o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida ingichka tolali g‘o‘za navlaridan yuqori va sifatli paxta hosili etishtirish agrotexnologiyalarini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonning janubiy mintaqasi Surxondaryo viloyatining o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida, paxta etishtiriladigan asosiy maydonlarda ekilib kelinayotgan barcha mahalliy «Termiz-202», «Surxon-14», «Surxon-103», «ST-1651» va xorijiy «Iolotan-14» ingichka tolali g‘o‘za navlari hamda Qashqadaryo viloyatining sahro mintaqasida mahalliy «Surxon-104» va xorijiy «Iolotan-14» g‘o‘za navlarining maqbul sug‘orish tartiblari, oziqlantirish me’yorlari va ko‘chat qalinliklari ilmiy asosda ishlab chiqilgan;
Surxondaryo viloyatining o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlarida ingichka tolali Ia tipga mansub Surxon-103 navini, II tipga mansub ST-1651navini ChDNSga nisbatan 70-75-65% sug‘orish oldi tuproq namligida sug‘orish va ko‘chat qalinligini 130-140 ming tup/ga qoldirish, Ia tipga mansub shoxlaydigan Iolotan-14 ingichka tolali g‘o‘za navini yuqoridagi sug‘orish tartibida sug‘orish va ko‘chat qalinligini kamroq ya’ni 110-120 ming tup/ga qoldirib parvarishlash maqbulligi aniqlangan;
Qashqadaryo viloyatining sahro mintaqasi o‘tloqilashib borayotgan taqirsimon tuproqlarida Ia tip uzun tolali mahalliy, shoxlanishi “0” tipga mansub «Surxon-104» g‘o‘za navini parvarishlashda ChDNSga nisbatan 70-75-65% sug‘orish oldi tuproq namligi, mineral o‘g‘itlar N-250, P-175, K-125 kg/ga qo‘llanilishi va ko‘chat qalinligi 130-140 ming tup/ga bo‘lishi, «Iolotan-14» g‘o‘za navi yuqoridagi sug‘orish tartibi va oziqlantirish me’yorlarida ko‘chat qalinligi 110-120 ming tup/ga qoldirib parvarishlanishi maqbul ekanligi aniqlangan;
global iqlim o‘zgarishi tufayli o‘ta yuqori harorat, garmsel ta’sirida issiq havo oqimi tufayli hosil elementlari to‘kilishi, beda qandalasining zarar keltirayotganligi, o‘simlikning o‘rta yarusida hosil batamom to‘kilib ketish hollari kuzatilayotganligi, 2024 yilda Respublika bo‘yicha 40 ming gektarda ingichka tolali navlar maydoni kengayishi va joylashtirish imkoniyatlarini inobatga olib, ushbu muammolarni bartaraf etishda Surxondaryo viloyatining janubiy cho‘l hududlarida joylashgan Termiz, Sherobod, Muzrabot, Angor, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq tumanlari va Qumqo‘rg‘on tumanining janubiy qismlariga hamda Qashqadaryo viloyatining cho‘l quyi hududlariga kiruvchi Kasbi, Mirishkor, Muborak tumanlari, Nishon va Koson tumanlarining bir qismiga ingichka tolali g‘o‘za navlarini joylashtirish mumkinligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Janubiy mintaqa o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida mahalliy va xorijiy ingichka tolali g‘o‘za navlaridan yuqori va sifatli paxta hosili etishtirish agrotexnologiyalarini ilmiy asoslash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Janubiy mintaqa fermer va klasterlari uchun «Surxondaryo viloyati sharoitida ingichka tolali Surxon-103, ST-1651, Termiz-202 va Iolotan-14 g‘o‘za navlaridan yuqori paxta hosili etishtirish agrotexnologiyalari bo‘yicha», «Qashqadaryo viloyatida ingichka tolali Surxon-104, Surxon-16, Termiz-202, Qashqadaryo-5 va Iolotan-14 g‘o‘za navlaridan yuqori paxta hosili etishtirish agrotexnologiyasi bo‘yicha» tavsiyanomalari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 29 avgustdagi 07/34-06/944-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanomalar bugungi kunda ingichka tolali g‘o‘za navlarini etishtirish bilan shug‘ullanadigan fermer va klasterlar uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
Surxondaryo viloyatining o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida mahalliy ingichka tolali Surxon-103, Termiz-202, Surxon-14, ST-1651 g‘o‘za navlarini maqbul parvarishlash agrotexnologiyasi Surxondaryo viloyatining Angor tumani “Mavlonov Suyun” fermer xo‘jaligida 31,04 gektar, “G‘afforov Abbos” fermer xo‘jaligida 11 gektar, “O‘sarov Ne’mat” fermer xo‘jaligida 7 gektar va horijiy Iolotan-14 g‘o‘za navi “Mavlonov Suyun” fermer xo‘jaligida 143 gektar, viloyat bo‘yicha jami 1274 gekar mtaydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 29 avgustdagi 07/34-06/944-son ma’lumotnomasi). Ushbu agrotexnologiya joriy etilishi hisobiga ingichka tolali g‘o‘za navlarining o‘sib rivojlanishi, hosil to‘plashi yaxshilanishi, gektariga 4-5 sentner qo‘shimcha hosil olishga hamda rentabellik darajasini 21,8-26,8 % ga oshishiga erishilgan;
Qashqadaryo viloyatining sug‘oriladigan taqirsimon tuproqlari sharoitida mahalliy ingichka tolali Surxon-104, xorijiy Iolotan-14 g‘o‘za navlarini maqbul parvarishlash agrotexnologiyasi Kasbi tumanidagi “Usta Mavlon o‘g‘li cho‘li” fermer xo‘jaligida 20 gektar maydonda, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo ilmiy tajriba stansiyasida 20 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 29 avgustdagi 07/34-06/944-son ma’lumotnomasi). Ushbu agrotexnologiya joriy etilishi hisobiga ingichka tolali g‘o‘za navlarining o‘sib rivojlanishi, hosil to‘plashi yaxshilanishi, gektariga 4-4,5 sentner qo‘shimcha hosil olishga hamda rentabellik darajasi 17,4-23,6 % ga oshishiga erishilgan.