Bekmuxamedova Munisa Xamitovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ohangaron vodiysi o‘rta qismida kimyoviy elementlarning tarqalishi va ularning aholi salomatligiga ta’siri», 11.00.05 - Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Gr230.
Ilmiy rahbar: Sharipov Shavkat Muxamajanovich, geografiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.Gr.01.06 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Nazarov Abdug‘offor Abdujabborovich, geografiya fanlari doktori (DSc), dotsent; Rafiqova Nodira A’zamovna, geografiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Ohangaron vodiysi o‘rta qismida kimyoviy elementlarning tarqalishi va to‘planishi xususiyatlarini, ularning aholi salomatligiga ta’sirini aniqlash hamda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ohangaron vodiysi o‘rta qismida kimyoviy elementlar tarqalishi va uning tabiiy geografik (relef qiyaligi, tog‘ jinslarining tarkibi, er usti suv oqimi va shamol yo‘nalishi) va antropogen (tog‘-konchilik obektlari va sanoat korxonalari) xususiyatlari aniqlangan;
Ohangaron vodiysi o‘rta qismining geokimyoviy sharoiti va kimyoviy elementlarning to‘planish miqdori (ruxsat etilgan chegaraviy miqdor) aniqlangan;
GAT texnologiyalari asosida Ohangaron vodiysi o‘rta qismida xavfli kimyoviy elementlar tarqalishi va to‘planishining o‘rta (1:200000) va yirik (1:50000) masshtabli kartalari yaratilgan;
Ohangaron vodiysi o‘rta qismida xavfli kimyoviy elementlarning ta’siri natijasida vujudga keladigan kasalliklarning turlari va ularning tarqalish areali aniqlangan hamda o‘rta masshtabli kartalari yaratilgan;
xavfli kimyoviy elementlarning tarqalishini va aholi salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ohangaron vodiysi o‘rta qismida kimyoviy elementlarning tarqalishi va ularning aholi salomatligiga ta’siri bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Ohangaron vodiysi o‘rta qismida (Chotqol-Qurama mintaqasida)  kimyoviy elementlar tarqalishining aniqlangan tabiiy geografik va antropogen xususiyatlari Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi institutida atrof-muhitda kimyoviy birikmalarning tarqalishini baholashda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 28 iyuldagi 08-2173-son ma’lumotnomasi). Natijada, kimyoviy birikmalar va moddalarning tarqalishini o‘rganish tadqiqotlarini ilmiy asoslash imkoniyatini bergan;
Olmaliq, Angren, Ohangaron, Nurobod shaharlari va ularning atrofidagi hududlarda kimyoviy elementlarning to‘planish miqdorini aniqlash natijalari Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi institutida sanoat korxonalaridan chiqariladigan kimyoviy birikmalarning monitoringini olib borishda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 28 iyuldagi 08-2173-son ma’lumotnomasi). Natijada, sanoat korxonalaridan chiqariladigan kimyoviy birikmalar va moddalar monitoringi ishlarini takomillashtirishga imkon yaratilgan;
Olmaliq, Angren, Ohangaron, Nurobod shaharlari va ularning atrofidagi hududlar bo‘yicha yaratilgan 1:200000 va 1:50000 masshtabdagi kimyoviy elementlarning tarqalishi va to‘planishi kartalari Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi institutida kimyoviy birikmalarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini aniqlashda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 28 iyuldagi 08-2173-son ma’lumotnomasi). Natijada, kimyoviy birikmalarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini tadqiq qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan radioekologik monitoring dala ishlarini samarali loyihalashtirish imkoniyatini bergan;
Olmaliq, Angren, Ohangaron, Nurobod shaharlari va atrofidagi hududlarda ekologik vaziyatini yaxshilash tadbirlarini geografik qonuniyatlarga asoslanib amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalari Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi institutida xavfli kimyoviy birikmalarning tarqalishi va ularning to‘planish miqdorini aniqlashda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 28 iyuldagi 08-2173-son ma’lumotnomasi). Natijada, radioaktiv ifloslanishning alohida manbalarini aniqlash va zararsizlantirish borasida radiatsion-ekologik ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirishda asos bo‘lib xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish