Dustmamatova Nilufar Pirimkulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va rus tillarida lug‘aviy graduonimiya”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2546.
Ilmiy rahbar: Xolmanova Zulxumor Turdiuevna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01 (bir martalik ilmiy kengash).
Rasmiy opponentlar: Islomov Ikrom Xushboqovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Djumabaeva Jamila Sharipovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va rus tillaridagi lug‘aviy graduonimiyaning funksional-semantik xususiyatlarini yoritish, umumlingvistik qonuniyatlar asosidagi universaliyalar hamda lisoniy imkoniyatlar, til sohiblarining idroki, tafakkuri, milliy-madaniy konseptosferasi bilan bog‘liq farqli belgilarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
graduonimiyaning ortiq-kamlik darajasini ko‘rsatish jihatidan yondosh tushunchalardan farqlari asoslanib, lug‘aviy graduonimiyaning milliy-madaniy konseptosferani ifodalashdagi lisoniy imkoniyatlari ochib berilgan;
o‘zbek va rus tillaridagi lug‘aviy graduonimiyaning universal va farqli belgilari, daraja ko‘rinishlari, daraja hosil qilish vositalari, darajaning me’yorga munosabati, til sohibining idroki, ijtimoiy munosabat belgilari aniqlangan;
o‘zbek tilida frazeologik biriklarning, rus tilida grammatik shakllarning yuqori semantik daraja ifodalash imkoniyatlarini tahlil qilish orqali graduonimiyada shaxs omilining o‘rni, subektiv baho munosabati, til sohibining tafakkuri, mental xususiyatlari, etnik belgilarning aks etish darajasi aniqlangan;
sohalarga oid graduonimik qatorlarning o‘zbek va rus tili kommunikativ va emotsional-ekspressiv funksiyasini aks ettirishdagi o‘rni, narsa-buyum, voqea-hodisalardagi graduonimik belgilarning baholash prizmasidan o‘tishi, shaxs lisoniy ongida qaror topishi, idrok etilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va rus tillaridagi graduonimiya tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek va rus tillaridagi graduonimiyaning universal va farqli belgilari, daraja ko‘rinishlari, daraja hosil qilish vositalari, darajaning me’yorga munosabat ekanligi, til sohibining idroki, ijtimoiy munosabatlari tahlillari, darajalanishning turkologiyaga oid qadimgi manbalarda kuzatilishi, ilmiy adabiyotlardagi talqiniga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2019–2022-yillarda bajarilgan A-OT-2019-10 raqamli “O‘zbek tilida neyming: me’yoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 19-noyabrdagi 04/1-3194-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va rus tillaridagi graduonimiyaning kommunikativ, emotsional-ekspressiv, akkumulyativ xususiyatlarini ko‘rsatishga erishilgan;
o‘zbek tilshunosligiga yangi yo‘nalish sifatida kirib kelayotgan antroposentrik tilshunoslik, uning yo‘nalishlari, graduonimiyada shaxs omilining o‘rni, subektiv baho munosabati, til sohibining tafakkuri, dunyoqarashi, mental xususiyatlari, etnik belgilarining aks etishi haqidagi nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020–2022-yillarda bajarilgan AM-FZ-201908172 raqamli “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” nomli amaliy loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 4-fevraldagi 01/4-246-son ma’lumotnomasi). Natijada graduonimiyaning shakllanishi, o‘zbek va rus tillari tizimida tutgan o‘rni, graduonimiyaga yondashuvlarning xilma-xilligi, darajalanishning leksik-semantik, kognitiv xususiyatlari bo‘yicha tavsiyalar ishllab chiqilgan;
narsa-buyum, voqea-hodisalarning graduonimik belgiga egaligi, mazkur belgilarning baholash prizmasidan o‘tishi, shaxs lisoniy ongida qaror topishi, idrok etilishi haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan Sirdaryo viloyat teleradiokompaniyasining “Xayrli kun!” ko‘rsatuvi ssenariylarini yozishda foydalanilgan (O‘zMTRK Sirdaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2022-yil 9-noyabrdagi 482-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni nazariy va amaliy ma’lumotlar bilan boyitilgan.