Usmonov Nodirjon Botiralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Cho‘l mintaqasi qumli tuproqlari sharoitida g‘o‘za bilan eryong‘oqni hamkor ekish samaradorligi”, 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Qx400.
Ilmiy rahbar: Abduraximov Akramjon Samievich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.05/30.10.2020.Qx.126.01.
Rasmiy opponentlar: Xoshimov Ibrohim Nabievich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ro‘ziev Ikrom Ergashevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi katta maydonni egallagan, biroq unumdorligi juda pastligi bois o‘ta kam rentabelli bo‘lgan cho‘l qumli tuproqlari sharoitida g‘o‘za bilan eryong‘oqni hamkor parvarishlashning tuproq unumdorligini saqlash va oshirib borish, ekinlardan mo‘l hosil etishtirish imkonini beruvchi, resurstejamkor, iqtisodiy jihatdan yuqori samarador agrotexnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona viloyatining degradatsiyaga uchragan, unumdorligi juda past bo‘lgan cho‘l qumli tuproqlari sharoitida g‘o‘zani eryong‘oq bilan hamkor ekish agrotexnologiyasi yordamida ekinlarni ratsional joylashtirish orqali ularni o‘sishi va rivojlanishi aniqlangan;
tuproqning xajm og‘irligi g‘o‘za eryong‘oq bilan ketma-ketlikda hamma qatorga ekilganida, nazorat variantiga nisbatan 0,01 g/sm³ ga, g‘o‘za eryong‘oq bilan navbatlashgan holda alohida qatorlarga ekilganida 0,05 g/sm³ ga kamayishiga, g‘ovaklik darajasi esa 1–ekish usulida nazorat variantiga nisbatan 0,4% ga, 2–ekish usulida esa 1,5% ga ortishi aniqlangan;
 g‘o‘za va eryong‘oq ekinlarini hamkor ekish orqali ularni qalin barg satxi yordamida qum zarrachalarini to‘sib qolishi hisobiga, g‘o‘za nihollarini shamol eroziyasi ta`siridan  kuchli zararlanish nazorat variantiga (32,2%) nisbatan 26,8–30,9% ga qadar kamayishi hamda ildiz qurtidan zararlanishi  7,5–8,6% dan 3,1–4,6% ga qadar, trips hasharoti bilan zararlanishi 8,9–10,3% dan 3,8–5,2% ga qadar, ko‘sak qurti bilan zararlanishi 6,9–7,8% dan 6,2–6,0% ga qadar kamayib borishi isbotlangan;
 g‘o‘zani eryong‘oq bilan hamkor ekish ekinlar hosildorligiga ijobiy ta’sir etib, g‘o‘za sof holda 140 ming tup/ga ko‘chat qalinligida ekilgan nazorat variantlarida g‘o‘za hosildorligi 22,5 s/ga ni tashkil etgan bo‘lsa, g‘o‘za eryong‘oq bilan ketma-ketlikda hamma qatorga ekib parvarishlanganida g‘o‘zadan 0,5 gektardan 13,1 s (gektar hisobiga 26,2 s) hamda eryong‘oqdan 10,2 s (gektar hisobiga 20,4 s), g‘o‘za eryong‘oq bilan navbatlashgan holda alohida qatorlarga ekilganida esa g‘o‘zadan 13,9 s (gektar hisobiga 27,8 s) hamda eryong‘oqdan 12,5 s (gektar hisobiga 25,0 s) hosil olishga erishilganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona viloyatining degradatsiyaga uchragan, unumdorligi juda past bo‘lgan cho‘l qumli tuproqlari sharoitida g‘o‘za bilan eryong‘oqni hamkor ekish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
paxtachilikka ixtisoslashgan fermer ho‘jaliklari va klasterlar uchun “G‘o‘za bilan soya va eryong‘oqni birgalikda ekish” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 21.09.2022 yildagi №07/22–04/6754–son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyanoma fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za va eryong‘oqni hamkor ekishda muhim amaliy ko‘rsatma sifatida xizmat qilmoqda;
ilmiy ishlanma 2021 yili Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi unumdorligi juda past bo‘lgan qumli tuproqlar sharoitida faoliyat yurituvchi “Far Shokir ota” fermer xo‘jaligida 14 ga, “Soxibkor” fermer xo‘jaligida 17 ga va “Dilxush–Xamid zamini” fermer xo‘jaligida 12 ga, jami 43 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 21.09.2022 yildagi №07/22–04/6754–son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘zadan 21,4–24,5 s/ga hamda eryong‘oqdan 20,3–22,6 s/ga hosil etishtirilishiga va sof foyda miqdorini 3315–3737 ming so‘m/ga va rentabellik darajasini 34,8–39,7% ga qadar ortishiga erishilgan.
cho‘l qumli tuproqlari sharoitida g‘o‘za bilan eryong‘oqni hamkor ekishda, hamkor ekin navini g‘o‘za navining biologiyasi va agrotexnologiyasidan kelib chiqqan holda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 21.09.2022 yildagi №07/22–04/6754–son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘za va eryong‘oq ekinlarini ketma-ketlikda hamma qatorga 210 ming tup/ga hisobida 60x16–1 sxemada, navbatlashgan holda alohida qatorlarga ekish usulida esa 280 ming tup/ga hisobida 120x6–1 sxemada joylashtirish va o‘g‘itlashni N250 P175 K125 kg/ga me’yorlarda amalga oshirish orqali yuqori samaradorlikka erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish