Ahmadjonov Ilhomjon Tohirjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ot shakllarini hosil qiluvchi affikslarning semantik-uslubiy tadqiqi”, 10.00.01 – O‘zbek tili  (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2PhD/Fil3255.
Ilmiy rahbar: Mamajonov Alijon, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Nabieva Dilora Abduhamidovna, filologiya fanlari doktori; Mirzaqulov Tursunali O‘taevich , filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi ot shakllarini hosil qiluvchi affikslarning semantik- uslubiy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
morfemalar so‘zlovchi tomonidan subektiv munosabatlarni ifodalashda muhim vositalardan sanalishi, nutq vaziyatidan kelib chiqib hurmat, erkalash, kesatiq, piching, nazarga ilmaslik kabi emotsional ma’nolarni ifodalovchi lisoniy birlik ekanligi dalillangan;
ot turkumiga mansub kategorial va nokategorial affikslarning so‘zlashuv, badiiy, publisistik, rasmiy hamda ilmiy uslubga xoslangan shakllari mavjudligi, bir affiksning kategorial va nokategorial ma’nolari bo‘lishi, ya’ni -lar shaklining son  ma’nosi kategorial ma’no, taxmin, hurmat, kesatiq, kuchaytirish kabi ma’nolarni ifodalashi nokategorial ma’no tomon siljishidan dalolat berishi isbotlangan;  
morfema – fonema, leksema, frazema kabi mustaqil til birligi insoniyat ongida ma’lum paradigmalarda morfemik tizim ko‘rinishida saqlanishi, har bir shaxs ulardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi, shuningdek, morfemalar nutqiy vaziyat, nutq subektlari yoshi va mahoratiga bog‘liq holda o‘ziga xos nutqiy xususiyatlarni namoyon etish imkoni mavjudligi asoslangan;
ot turkumidagi so‘z yasovchi affikslar o‘z ichida vazifa jihatidan bir xil bo‘lsa-da, semalarning turlicha bo‘lishi oqibatida omonimlikni hosil etishi, birgina affiksda shaxs, narsa, o‘rin, faoliyat-jarayon, mavhum ot yasash imkoniyati mavjudligi, morfemalarning sinonimlik va omonimlik holatlari semantikada muhim ahamiyat kasb etishi, kelishik shakllarining bir maydonda semantik tomondan birlashishi va har bir kelishik shaklining turli xil morfosemantik munosabatlarni ifodalay olishi dalillangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqotning nazariy takliflari, amaliy tavsiyalari va xulosalari quyidagi loyiha doirasida foydalanilgan. Morfemik birliklarning semantik-uslubiy jihatlarini tadqiq etish asosida:
ot turkumidagi so‘z yasovchi affikslar o‘z ichida vazifa jihatidan bir xil bo‘lsa-da, semalarning turlicha bo‘lishi oqibatida omonimlikni hosil etishi, birgina affiksda shaxs, narsa, o‘rin, faoliyat-jarayon, mavhum ot yasash imkoniyati mavjudligi, morfemalarning sinonimlik va omonimlik holatlari semantikada muhim ahamiyat kasb etishi, kelishik shakllarining bir maydonda semantik tomondan birlashishi va har bir kelishik shaklining turli xil morfosemantik munosabatlarni ifodalay olishiga doir tahlil va xulosalardan 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi mukammal o‘rgatish, bilish jarayonini qiyoslash orqali takomillashtirish, yoshlardagi ijodiy g‘oyalar, ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, lingvomadaniy dunyoqarashini takomillashtirish  chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari uchun ma’ruzalar tayyorlashda foydalanilgan (Yoshlar innovasiya markazining 2022-yil 8-avgustdagi 04-36-1260-son ma’lumotnomasi). Natijada chora-tadbirlar rejasi va targ‘ibot ma’ruzalari ilmiy asoslar va samarador tahliliy materiallar bilan boyitilgan;
    morfema – fonema, leksema, frazema kabi mustaqil til birligi insoniyat ongida ma’lum paradigmalarda morfemik tizim ko‘rinishida saqlanishi, har bir shaxs ulardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi, shuningdek, morfemalar nutqiy vaziyat, nutq subektlari yoshi va mahoratiga bog‘liq holda o‘ziga xos nutqiy xususiyatlarni namoyon etish imkoni mavjudligiga doir ilmiy xulosa va tavsiyalardan  “Matn tilshunosligi” darsligida keng foydalanilgan (Farg‘ona davlat universitetining 2023-yil 23-maydagi 01-2184-son ma’lumotnomasi). Natijada qiyoslash munosabatini ifodalovchi  sintaktik birliklar xususiyatlari bo‘yicha berilgan ilmiy ma’lumotlar darslikning ilmiy-nazariy jihatdan mukammallashishida muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
    ot turkumiga mansub kategorial va nokategorial affikslarning so‘zlashuv, badiiy, publisistik, rasmiy hamda ilmiy uslubga xoslangan shakllari mavjudligi, bir affiksning kategorial va nokategorial ma’nolari bo‘lishi, ya’ni -lar shaklining son  ma’nosi kategorial ma’no, taxmin, hurmat, kesatiq, kuchaytirish kabi ma’nolarni ifodalashi nokategorial ma’no tomon siljishidan dalolat berishiga oid ma’lumotlardan “Pragmalingvistika asoslari” darsligini tayyorlashda foydalanilgan (Farg‘ona davlat universitetining 2023-yil 23-maydagi 01-2183 son ma’lumotnomasi). Natijada darslik nazariy va amaliy jihatdan ma’lumotlar bilan boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish