Karimova Faridaxon Isakovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sharq adabiyotida debocha va uning poetikasi”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Fil15.
Ilmiy maslahatchi: Asadov Maqsud Husenovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raev Habibullo Abdusalomovich, filologiya fanlari doktori, professor; Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor; Jo‘raev Jaloliddin Olimjonovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Sharq adabiyotida yaratilgan, xususan, Hakim Sanoiy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy, Shermuhammad Munis, Muhammadrizo Ogahiy, Ahmadjon Tabibiy, Umarxon Amiriy, Mohlaroyim Nodira devonlaridagi debochalarni atroflicha o‘rganish, debochalarning shoirlar tarjimai holi va ijodiy merosi, adabiy-estetik qarashlarini yoritishda birlamchi manba sifatidagi ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Sharq adabiyotida debochaning yuzaga kelish tarixi va rivojlanish qonuniyatlari, mazmun-mohiyatining konseptual-dasturiy asosi, ifoda yo‘li, tasvir usuli, bayon shakliga xos kompozision xususiyatlari, badiiyati, adabiyotshunoslik fanining ob’ekti sifatidagi nazariy jihatlari asoslab berilgan;
debochanavislik tarixidagi adabiy an’ana va o‘ziga xosliklar tahlil qilinib, Hakim Sanoiy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Fuzuliy kabi mumtoz shoirlarning fors debochanavisligi taraqqiyotidagi xizmatlari qo‘lyozma va toshbosma manbalar asosida dalillangan;
o‘zbek mumtoz debochanavisligida Alisher Navoiy debochalarining alohida hodisa bo‘lgani, adabiyot tarixida tutgan o‘rni, ularning ulug‘ shoir dunyoqarashi, adabiy-estetik qarashlarini yoritishdagi ilmiy-badiiy qimmati, debochalar kompozisiyasini shakllantirishda shoirning parallelizm, aqd, tashbeh, tazod singari badiiy-tasviriy vositalarni qo‘llash mahorati asoslangan;
Alisher Navoiydan keyingi davr o‘zbek adabiyotida yaratilgan, xususan, Shermuhammad Munis, Muhammadrizo Ogahiy, Ahmadjon Tabibiy, Umarxon Amiriy, Mohlaroyim Nodira devonlaridagi debochalarning mumtoz adabiyotimizdagi ilmiy-nazariy hamda amaliy qimmati, ularda Navoiy debochalaridagi ijtimoiy, adabiy muhit tasviri, adabiyotshunoslikka doir nazariy qarashlar ifodasi, badiiy san’atlardan istifoda etish an’analarining ijodiy tarzda davom ettirilishi ochib berilgan;
Sharq adabiyotida debochalar va ularning vujudga kelishi, arab, fors-tojik va turkiy adabiyotdagi taraqqiyot tamoyillari, mazmun-mohiyati, mavzu ko‘lami, ma’no qamrovi, poetikasi monografik tarzda o‘rganilgan hamda debochalarning biografik manba sifatidagi muhim ahamiyati isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sharq adabiyotida debocha va uning poetikasi mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
Sharq adabiyotida debochaning yuzaga kelish tarixi va rivojlanish qonuniyatlari, mazmun-mohiyatining konseptual-dasturiy asosi, ifoda yo‘li, tasvir usuli, bayon shakliga xos kompozision xususiyatlari, badiiyati, adabiyotshunoslik fanining ob’ekti sifatidagi nazariy jihatlari asoslab berilgani bilan bog‘liq ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida bajarilgan (2012 - 2016) FA - F1-GO39 raqamli “Alisher Navoiy (2 jildlik) va Abdulla Qodiriy qomuslarini yaratish” fundamental loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2023-yil 24-avgustdagi 3/1255-1788-son ma’lumotnomasi). Natijada Alisher Navoiyning devonchilik an’analariga ijodiy munosabati, debochanavislik mahorati, debochada qo‘yilgan masalalarning shoir hayoti va ijodini o‘rganishga doir ilmiy-nazariy xulosalar loyihaning nazariy qimmatini oshirgan;
debochanavislik tarixidagi adabiy an’ana va o‘ziga xosliklar tahlil qilinib, Hakim Sanoiy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Fuzuliy kabi mumtoz shoirlarning fors debochanavisligi taraqqiyotidagi xizmatlari qo‘lyozma va toshbosma manbalar asosida dalillanganiga doir xulosalardan «PZ-20170926459 raqamli «Navoiyshunoslik tarixi» (XX – XXI asrlar) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 18-maydagi 01/10-980-son ma’lumotnomasi). Sharq adabiyotidagi debochanavislik an’anasi va Navoiyning mazkur an’ana rivojiga qo‘shgan hissasi, Navoiydan keyingi davrdagi devon debochalari va ularning mumtoz shoirlar hayoti va ijodini o‘rganishdagi ahamiyatiga doir yangi ilmiy qarashlar, nazariy ma’lumotlar va yangi manbalar bilan boyitilgan.
o‘zbek mumtoz debochanavisligida Alisher Navoiy debochalarining alohida hodisa bo‘lgani, adabiyot tarixida tutgan o‘rni, ularning ulug‘ shoir dunyoqarashi, adabiy-estetik qarashlarini yoritishdagi ilmiy-badiiy qimmati, debochalar kompozisiyasini shakllantirishda shoirning parallelizm, aqd, tashbeh, tazod singari badiiy-tasviriy vositalarni qo‘llash mahorati qiyosiy tahlil imkoniyatlaridan foydalanib ilmiy jihatdan asoslangani haqidagi fikr-mulohazalardan Namangan viloyati teleradiokompaniyasi telekanalida efirga uzatilgan turkum ko‘rsatuvlar ssenariylarini shakllantirishda foydalanilgan (Namangan viloyati teleradiokompaniyasining 2023-yil 26-iyundagi 02-04-222-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi dalil, fikr-mulohaza va nazariy xulosalar teleko‘rsatuvlarning sifati ortishiga, tomoshabinlarning Alisher Navoiy ijodiga bo‘lgan qiziqishi kuchayishiga, shoir asarlarining mazmun-mohiyati va badiiyatini chuqurroq idrok etishlariga xizmat qilgan;
Alisher Navoiydan keyingi davr o‘zbek adabiyotida yaratilgan, xususan, Shermuhammad Munis, Muhammadrizo Ogahiy, Ahmadjon Tabibiy, Umarxon Amiriy, Mohlaroyim Nodira devonlaridagi debochalarning mumtoz adabiyotimizdagi ilmiy-nazariy hamda amaliy qimmati, ularda Navoiy debochalaridagi ijtimoiy, adabiy muhit tasviri, adabiyotshunoslikka doir nazariy qarashlar ifodasi, badiiy san’atlardan istifoda etish an’analarining ijodiy tarzda davom ettirilishi ochib berilgani, Sharq adabiyotida debochalar va ularning vujudga kelishi, arab, fors-tojik va turkiy adabiyotdagi taraqqiyot tamoyillari, mazmun-mohiyati, mavzu ko‘lami, ma’no qamrovi, poetikasi monografik tarzda o‘rganilgan hamda debochalarning biografik manba sifatidagi muhim ahamiyati isbotlanganiga oid xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limining Alisher Navoiy hayoti va ijodi, asarlaridagi umuminsoniy g‘oyalar targ‘ibiga bag‘ishlangan navoiyxonlik tadbirlarida, uyushma qoshidagi “Muzaffar so‘z” to‘garagi mashg‘ulotlarida hamda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan adabiy uchrashuv, suhbat, kitob taqdimotlarida, shuningdek, “Adabiyot kunlari”, “Navoiyxonlik” singari adabiy-ma’rifiy tadbirlar loyihasini ishlab chiqish va tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limining 2023-yil 26-iyundagi 02-04-222-son ma’lumotnomasi). Natijada, viloyat aholisi, xususan, talabalar va mahallalar yoshlarining o‘zbek adabiyoti vakillari, xususan, Alisher Navoiy tarjimai holi, asarlarining mazmun-mohiyati, bugungi kundagi ahamiyati borasidagi tushuncha va tasavvurlari kengaygan.