Shamuratova Gulnaz Muratbaevnaning
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Orolbo‘yi sug‘oriladigan tuproqlarning hozirgi holati va ularning unumdorligini oshirish agrobiotexnologiyalari (Nukus tumani tuproqlari misolida)”, 03.00.13 – Tuproqshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Qx1236
Ilmiy rahbar: Gafurova Laziza Akrvmovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, PhD.03/5.05.2023.B/Qx.01.17
Rasmiy opponentlar: Jumamuratov Ajimurat, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Turdaliev Avazbek, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Orolbo‘yi sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlarning hozirgi holatini aniqlash va ularning unumdorligini oshirish agrobiotexnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Orolbo‘yi sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlarning umumiy va nisbiy biologik faolligi hamda uning informativ ko‘rsatkichlari bo‘yicha ta’minlanganlik va faollik darajasi aniqlangan;
sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlar mikrooganizmlarining fiziologik guruhlari miqdori va tarqalish qonuniyatlari, tuproqlar agrokimyoviy, fizikaviy, kimyoviy xossalari va biologik faollik o‘rtasidagi korrelyativ bog‘liqliklari aniqlangan;
ilk bor hududning sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlar mikrobiotsenozining amilolitik va proteolitik qismi - organik moddalarini transformatsiyasi hamda degradatsiyaga uchragan tuproqlarning unumdorligini shakllantirish jarayonlaridagi o‘rni isbotlangan;
Orolbo‘yi sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlarning ekologik-biologik holati - tuproqning funksional va ko‘p omilli xarakteristikasi bo‘lib, tabiiy va antropogen omillarga qarab o‘zgarib turishi isbotlangan va tuproqlar degradatsiya darajasini aniqlashda diagnostik mezon sifatida xizmat qilishi isbotlangan;
hududning sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlarning xossa-xususiyatlari va biologik faolligining informativ ko‘rsatkichlari agrobiotexnologiyalar ta’sirida yaxshilanganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Orolbo‘yi sug‘oriladigan tuproqlarining hozirgi holati va ularning unumdorligini oshirish agrobiotexnologiyalari (Nukus tumani tuproqlari misolida) bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Orolbo‘yi hududida degradatsiyaga uchragan sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlarning unumdorligini oshirishga qaratilgan agrobiotexnologiyalar amaliyotga joriy qilingan. (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 15-iyundagi 01/02-2184-son ma’lumotnomasi). Natijada, hududning degradatsiyaga uchragan tuproqlarining xossa-xususiyatlarining yaxshilanishi aniqlangan: tuproq yuqori qatlamida nazoratga nisbatan suvga chidamli agregatlar miqdori 1,1-1,9%, gumus miqdori 0,01-0,02%, harakatchan fosforning 3,0-6,3 mg/kg va kaliy miqdori 35-50 mg/kg ga oshishiga erishilgan.
Sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlar sharoitida Nukus tumani Nukus massivi fermer xo‘jaliklarida qo‘llanilgan bio- va nanopreparatlarning turlari, maqbul me’yorlari va qo‘llash muddatlari amaliyotga joriy etilgan. (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 15-iyundagi 01/02-2184-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘llanilgan preparatlardan eng samaralisi Novagumin 1,2 l/ga va Mikroo‘stirgichni 2,4 l/ga me’yorda ishlov berish tavsiya etilgan.
Nukus tumani Nukus massivi «Jaqsibay Kenjebay» fermer xo‘jaligining 2 gektar, “Ilimpaz Orazbay” fermer xo‘jaligida 11 gektar va Don va sholi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida 12 gektar sholi maydonlarida joriy etilgan. (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 15-iyundagi 01/02-2184-son ma’lumotnomasi). Natijada, hududda qo‘llanib kelinayotgan an’anaviy sholi etishtirish usulga nisbatan, bio- va nanopreparatlar qo‘llanilgan agrobiotexnologiya variantlarida sholidan 2-5 ts/ga qo‘shimcha hosil olingan va rentabellik 22,0-40,0% foizgacha oshishiga erishilgan.