Djumaniyazova Feruza Djumanazarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ilk o‘rta asrlarda Toxariston va Kobul vodiysida turkiy sulolalar», 07.00.03–Jahon tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Tar209.
Ilmiy rahbar: Ablat Xodjaev, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, DSc.27.06.2017.Tar.44.01.
Rasmiy opponentlar: Ahmedov Ashraf, tarix fanlari doktori, professor; Ataxodjaev Azimxo‘ja Muzafarovich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ilk o‘rta asrlarda Toxariston va Kobul vodiysida faoliyat ko‘rsatgan ikki sulola – Toxariston Yabg‘ulari va Kobul Teginshohlarining Markaziy Osiyodagi turkiy davlatchilik tarixida tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
II. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk o‘rta asrlarda Toxariston va Kobul vodiysida eftaliylar, sosoniylar va turklarning manfaatlari to‘qnashuvi oqibatida turklarning g‘alabasi natijasida turkiy sulolalarning hokimiyatga kelishi yozma ma’lumotlar asosida ochib berilgan;
Toxariston va Kobul vodiysida yuz bergan etnosiyosiy jarayonlarda turkiy etnosning faolligi keskin ortgani, ayniqsa Toxaristondagi turkiy urug‘lar o‘zbeklarning etnik tarixida ham o‘rin tutgani faktik material (yozma va arxeologik)lar asosida yoritilgan;
Toxariston yabg‘ulari davlati shakllanish tarixi, rivojlanishi va uning inqirozi hamda Toxariston tarkibiga kirgan ko‘plab kichik voha hukmdorliklari (Termiz, Chag‘oniyon, Shuman va Axarun, Qo‘bodiyon, Xuttal, Kumed, Badg‘is, G‘az, Kadagiston, G‘uzg‘on, Rub, Xust, Andarob, Qunduz) boshqaruvida turkiylarning siyosiy o‘rni va roli, shuningdek Yabg‘ularning arablarga qarshi kurashda yordam izlab O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘ida yetakchi siyosiy kuch sifatida tashqi diplomatik siyosat yuritgani aniqlangan;
Toxariston va Kobul vodiysi siyosiy boshqaruvida o‘nga yaqin turkiy unvon, jumladan Toxaristonda yabg‘u, xotun, shad, tegin, eltabar, tudun, tarxon, erkin, bek; Kobul vodiysida esa tegin, xotun, eltabar unvonlari hamda Toxaristonda tapug‘lig‘, bahodur, bo‘g‘ra, ishbara, sebuk, tardu, tun, qutlug‘ kabi qadimgi turkiy epitetlar hukmdor va amaldorlarning unvonlari bilan birga qo‘llanilgani yozma manbalar va numizmatik materiallar asosida aniqlangan;
Kobul Teginshohlari davlati, shakllanish tarixi va uning inqirozi hamda mazkur davlatning turkiy xalqlar davlatchilik tarixida tutgan siyosiy o‘rni ochib berilgan;
Kobul Teginshohlari sulolasi yuzasidan jahon tarixshunosligida mavjud bo‘lgan ayrim muammoli masalalar, xususan ularning tashkil topish sanasi (661 yilda emas, balki 640-yillarda ekani), etnik mansubligi (bevosita Toxariston Yabg‘ularining avlodi sifatida Ashinalarga borib taqalishi) haqidagi qarashlarga aniqliklar kiritilgan, G‘arbiy turklarning Hindikushning janubiga oshib o‘tmagani haqidagi fikrlarining asossiz ekani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ilk o‘rta asrlarda Toxariston va Kobul vodiysidagi turkiy sulolalar tarixi masalasini o‘rganish jarayonida erishilgan natijalar asosida:
ilk o‘rta asrlarda Toxariston Yabg‘uligi va Xitoy o‘rtasida olib borilgan elchilik aloqalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar I1-FA-G003 IZ-2015-0907175446 raqamli «O‘zbekistonda elchilik xizmati tarixidan lavhalar» (2016-2017) mavzuidagi loyiha doirasidagi monografiyada o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 2017 yil 28 dekabrdagi 3/1255-2702-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘ida arab istilosiga qarshi Toxariston Yabg‘ularining yetakchi kuch sifatidagi tashqi diplomatik siyosat olib borgani va ularning ilk o‘rta asrlardagi elchilik xizmati tarixini yoritishga xizmat qilgan;
ilk o‘rta asrlarda Toxariston (O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati)dagi etno-siyosiy jarayonlarda turkiylarning o‘rnini yoritib beruvchi tarixiy materiallar va unga tutash hudud – Kobul vodiysidagi Teginshohlar yoki Kobulshohlar deb atalgan turkiy sulola haqidagi ma’lumotlardan O‘zR FA Tarix institutining 2015-2017 yillarda bajarilgan FA-A1-GO25 PV-2014-0911000555 raqamli «O‘zbeklar: etnik tarix, madaniyat va an’analar» mavzuidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 2017 yil 28 dekabrdagi 3/1255-2702-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi o‘zbek xalqining etnik tarixini yangi ma’lumotlar bilan boyitishga xizmat qilgan;
«Buxoro merosi» ilmiy tadqiqot markazida bajarilgan 35-06-15 raqamli loyiha doirasida tashkil etilgan «Buxara–vsemirniy priznanniy gorod», «Velikiy shyolkoviy put`: vchera i segodnya» nomli ko‘rgazmalarni tayyorlashda topografik xaritalar, tarixiy toponimlar hamda numizmatik materiallarga oid ma’lumotlar bilan to‘ldirgan (Buxoro shahar «Buxoro merosi» ilmiy-tadqiqot markazining 2018 yil 1 maydagi 4-son ma’lumotnomasi). Bu madaniy meros sohasidagi bilimlarini oshirishga xizmat qilgan.