Xamrokulova Xulkar Baxodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kuzgi bug‘doy hosildorligiga ekish muddatlari va biologik faol moddalarning ta’siri”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx755.
Ilmiy rahbar: Sanakulov Akmal Lapasovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.2019.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Boboev Saidmurod Kimsanbaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand viloyati tipik bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doyning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ekish muddatlari va biologik faol moddalarning uyg‘unlashgan ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Samarqand viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi yumshoq bug‘doyning Jasmina navi uchun qulay ekish muddatlari (oktyabr` oyining ikkinchi yarmi) ilmiy asoslangan;
qulay ekish muddatlari va biologik faol moddalar (Gumimaks-dvoynaya sila, Uzgumi va Edagum SM) ta’sirida kuzgi bug‘doy maysalarining tuplanish koeffisenti (1,27-1,36) yuqori bo‘lishi, o‘simliklarning qishda siyraklanishi kam (11,1-21,8 %) bo‘lishi, ta’sir samaradorligi ekish muddati bo‘yicha 30.IX→30.X→15.X; preparatlar bo‘yicha Gumimaks-dvaynaya sila→Edagum SM→Uzgumi tartibida kamayishi aniqlangan;
qulay ekish muddatida xlorofil “a” miqdori bahorda 2,47-2,93 va 0,73-1,41 mg/g bo‘lishi, biologik faol moddalar (Uzgumi) ta’sirida barcha ekish muddatlarida pigmentlar miqdori ko‘payishi isbotlangan;
Jasmina navining barg yuzasi unib chiqishdan naychalashgacha (28,9-60,35 ming m2/ga) oshib borishi, boshoqlashdan mum pishishga (18,55-33,82 ming m2/ga) tomon kamayib borishi, fotosintez sof mahsuldorlik urug‘lar 15.X da ekilganda va Uzgumi preparati qo‘llanilganda yuqori bo‘lishi aniqlangan;
urug‘larga Uzgumi preparati bilan ishlov berilgan va tuplanishda bargga purkalganda o‘simlikda fiziologik-biokimyoviy jarayonlar jadallashib, hosil strukturasi elementlari qulay shakllanishi va hosildorlikka ta’siri Uzgumi (23,0%)→Edagum SM (21,2%)→Gumimaks-dvoynaya sila (14,9%) tartibida bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kuzgi bug‘doy hosildorligiga ekish muddatlari va biologik faol moddalarning ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun «Kuzgi bug‘doy etishtirishda biologik faol moddalardan foydalanish» bo‘yicha tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 2 fevral` 07/21-21-07/60-son ma’lumotnomasi). Tavsiya g‘allachilik fermer xo‘jaliklarida don etishtirishga xizmat qiladi;
Samarqand viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy etishtirishda urug‘larga biologik faol moddalar bilan ishlov berish hamda o‘simlikning tuplanish fazasida mazkur biostimulyatorlar bilan barg orqali oziqlantirishda purkash texnologiyasi 50,0 gektarga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 2 fevral` 07/21-21-07/60-son ma’lumotnomasi). Natijada 8,9-12,4 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan;
Samarqand viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy etishtirishda urug‘larni oktyabr` oyining ikkinchi o‘n kunligida ekish (ekishda urug‘largi biologik faol moddalar bilan ishlov berish) texnologiyasi Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani «Sanjar Moxichehra dalasi» fermer xo‘jaligida 18,0 gektar, Bulung‘ur tumani «Vaxob Turdaliev dalasi» fermer xo‘jaligida 18,0 gektar, «Adham G‘ofurov» fermer xo‘jaligida 14,0 gektar, Pastdarg‘om tumani «Botirxon bobo N.B.» fermer xo‘jaligida 12,0 gektar, Pastdarg‘om tumani «Ravshan Yodgor paxta dalasi» fermer xo‘jaligida 10,0 gektar, Pastdarg‘om tumani «Sarbon N.E.» fermer xo‘jaligida 15,0 gektar, viloyat bo‘yicha jami 87,0 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 2 fevral` 07/21-21-07/60-son ma’lumotnomasi). Natijada fermer xo‘jaliklarida g‘alladan 8,5-11,5 s/ga qo‘shimcha don hosili olishga erishilgan.