Jo‘raqulov Sherzod Niyatqobulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Tetragidroizoxinolin, xinazolon alkaloidlari, ularning hosilalari sintezi, modifikatsiyasi va biologik faolligi”, 02.00.03 – Organik kimyo, 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘ yxatga olingan raqam B2023.2.DSc/K158.
Ilmiy maslahatchilar: Elmuradov Burxon Juraevich, kimyo fanlari doktori, professor; Sagdullaev Shamansur Shaxsaidovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘simlik moddalari kimyosi institute, DSc. 02/30.01.2020.K/T.104.01.
Rasmiy opponentlar: Tashmuxamedov Mugrajitdin Salaxovich, kimyo fanlari doktori, professor; Xoliqov Tursunali Suyunovich, kimyo fanlari doktori, dotsent; Xodjaniyazov Xamid Utkirovich, kimyo fanlari doktori (DSc), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: izoxinolin va xinazolon alkaloidlari qatorida yangi geterotsiklik molekulalarni sintez qilishning maqbul usullarini ishlab chiqish, ularning maqsadli kimyoviy modifikatsiyalarini amalga oshirish, olingan natijalarni taqqoslash, sintez qilingan moddalarning fizik-kimyoviy va farmakologik xususiyatlarini o‘rganish, “tuzilish-biologik faollik” o‘zaro bog‘liqlikni aniqlash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Tetragidroizoxinolinlar, tritsiklik xinazolonlar va ularning hosilalarini maqsadli sintezi va kimyoviy modifikatsiyasi bo‘yicha tizimli tadqiqotlar olib borilgan, 134 ta yangi birikma sintez qilingan va ularning tuzilishi zamonaviy fizik-tadqiqot usullari yordamida tasdiqlangan;
ilk bor 3,4-dimetoksifeniletilaminning aromatik aldegidlar bilan reaksiyasi, aromatik halqadagi o‘rinbosarning tabiati va turiga, ishlatilgan kislota turi va miqdori, hamda muhit haroratiga qarab Shiff asoslari yoki maqsadli 1-aril-6,7-dimetoksitetragidroizoxinolinlar hosil bo‘lishi bilan borishi aniqlangan;
1-aril-6,7-dimetoksi-1,2,3,4-tetragidroizoxinolinlarning alkil bromidlar bilan turli erituvchilarda o‘zaro ta’siridan xemoselektiv tarzda N-alkil hosilalar hosil bo‘lishi aniqlangan; bunda, eng maqbul sharoit, reagentlar nisbati - 1:2, erituvchi DMFA, reaksiya davomiyligi 6-8 soat ekanligi isbotlangan;
1-aril-6,7-dimetoksi-1,2,3,4-tetragidroizoxinolinlarning allil bromid bilan reaksiyasi substratlarning tuzilishi, reagentlar nisbati va reaksion muhit haroratiga qarab yuqori sintetik potensialga ega izomer C-, N-, O-allil hosilalar hosil bo‘lishi bilan borishi aniqlangan;
ilk bor 1-ariltetragidroizoxinolinlarning formalin ishtirokida uratsil va 6-metiluratsil bilan Mannix reaksiyasi asosida yangi metilen ko‘prikli gibrid molekulalarning sintezi amalga oshirilgan; mahsulot unumiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar aniqlangan;
ilk bor 1-(H, metil, aril)tetragidroizoxinolinlarning digidrokversetin va kversetin bilan Mannix reaksiyasi asosida yangi alkaloid-flavonoid bimolekulyar birikmalar sintez qilingan, substratlar tuzilishi, reagentlar nisbati va qo‘shilish tartibiga qarab mono- va di-almashingan mahsulotlar yoki annelirlangan oksazin hosil bo‘lishi isbotlangan;
kversetinning 1-aril-1,2,3,4-tetragidroizoxinolinlar bilan aminometilash reaksiyalari digidrokversetindan farqli ravishda, faqat 8-mono-almashingan gibrid molekulalar hosil bo‘lishi aniqlangan; bu kversetinni 6-holati elektrofil almashinishda faol emasligini ko‘rsatadi;
3-gidroksimetilidendezoksivazisinon va 4-formilmakinazolinonni birlamchi aminlar bilan nukleofil almashinishidan Z- va (yoki) E-konfiguratsiyaga ega aminometiliden hosilalar olinishi isbotlangan; 4-formilmakinazolinonni barqaror enaminoaldegid shaklida bo‘lishi tufayli uning ikkilamchi aminlar bilan reaksiyaga kirishmasligi tajriba va hisoblash usullari yordamida tasdiqlangan;
4-formilmakinazolinonni natriy borgidrid bilan qaytarish reaksiyasi selektiv tarzda aldegid guruhi va endotsiklik qo‘sh bog‘ ishtirokida borib, 6-(gidroksimetil)-5,5a,6,7,8,9-geksagidro-11H-pirido[2,1-b]xinazolin-11-on hosil bo‘lishi bilan borishi, uning degidratatsiyasi va oksidlanish-qaytarilish reaksiyalari natijasida makinazolinonning gidroksimetil va metil hosilalarining ratsemik aralashmasi hosil bo‘lishi isbotlangan;
ilk bor kislotalarning tritsiklik xinazolonlarni aminometilidenli hosilalariga ta’siri o‘rganilgan; bunda kutilgan “xinazolinon-izoxinolin” bis-mahsulotlar o‘rniga, ekzotsiklik C=C bog‘ning uzilishi natijasida dezoksivazisinon va makinazolinon alkaloidlari, shuningdek aminometiliden fragmentining 3,4-digidroizoxinolingacha halqalanish mahsuloti hosil bo‘lishi isbotlangan;
birikmalarning tuzilishi va sitotoksik faolligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish natijasida 1-ariltetragidroizoxinolinlarning sitotoksik faolligi A halqasida ikkita metoksil guruhi, C halqasida C-1 holatda metilendioksifenil fragmenti va orto-holatida galogen atomining mavjud bo‘lishi HeLa hujayralariga qarshi sitotoksik faollik namoyon etishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tetragidroizoxinolinlar, tritsiklik xinazolonlar va ularning yangi hosilalari sintezi va kimyoviy modifikatsiyasi, birikmalarning tuzilishi va farmakologik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy-amaliy natijalar asosida:
atipik sedativ-anksiolitik vosita olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№ IAP 05489, 2017 y.). Natijada, tibbiyotda foydalanish uchun kam nojo‘ya ta’sir va keng farmakologik ta’sirga ega bo‘lgan samarali atipik sedativ vosita yaratish imkonini bergan;
selektiv sitotoksik faollikka ega dori vositasi olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№ IAP 05766, 2019 y.). Natijada, saratonga qarshi yangi dori vositasi yaratish uchun faol birikma sifatida tavsiya etilgan substansiya olish imkonini bergan;
atipik neyroleptik vosita olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№ IAP 06321, 2020 y.). Natijada, harakat faolligiga kam ta’sir qiladigan, kam nojo‘ya ta’sirga ega va tibbiyot amaliyotida foydalanish uchun kam zaharli vosita yaratish imkonini bergan;
mahalliy anestetik, analgetik va antiaritmik faollikka ega 1-(4(-dimetilaminofenil)-6,7-dimetoksi-1,2,3,4-tetragidroizoxinolin gidroxlorid olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№ IAP 06625, 2021 y.). Natijada, tibbiyot amaliyotida foydalanish uchun keng farmakologik ta’sirga ega bolgan kam zaharli birikma olish imkonini bergan;
kardioprotektor vositani olish uchun O‘zbekiston Respublikaci Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№ IAP06753, 2022 y.). Natijada, ishemik yurak kasalligi va yurak etishmovchiligini davolash uchun samarali vosita yaratish imkonini bergan;
8 ta yangi birikmaning RTT natijalari Kembridj Markaziy kristallografik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan (The Cambridge Structural Database, https: https://www.ccdc.cam, CCDC 2049242, 2047824, 2004621, 2039173, 2039174, 2126050, 2126051, 2126052). Natijada, bazaga kiritilgan yangi birikmalar ma’lumotlari o‘xshash geterotsiklik moddalarni sintez qilish va tavsiflashda foydalanilgan;
1-aril-1,2,3,4-tetragidroizoxinolinlar hosilalari va analoglarining sintezi va modifikatsiyasi bo‘yicha materiallar yangi hosilalarni sintez qilish, ularning tuzilishini aniqlash va ushbu sinf birikmalarini fizik-kimyoviy tahlil qilishda yuqori impakt faktorli (IF) xorijiy jurnallarda faydalanilgan (Current Bioactive Compounds, 2019, pp.71-82 (12), JCR, IF 1.045; Tetrahedron Letters, 2017, V.58, JCR, IF 2.081; Chemistry of Natural Compounds, 2017, V.53, Journal Citation Repors (JCR), IF 0.85; Catalyss, 2020, 10, JCR, IF 3.9; Chemical Papers, 2018, 72, JCR, IF 2.159; Journal of Environmental Chemical Engineering, 2023, V.11, JCR, IF 7.968). Natijalar tetragidroizoxinolinlar va digidrokversetinning yangi gibrid mahsulotlarini maqsadli sintezi, modifikatsiyasi va identifikatsiyalashga imkon bergan.