Murodov Xurshid Uktamovichning
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Parrandalar yuqumli laringotraxeit kasalligining patomorfologik diagnostikasi va qarshi kurash choralari”, 16.00.02 – Hayvonlar patologiyasi, onkologiyasi va morfologiyasi. Veterinar akusherligi va hayvonlar reproduksiyasi biotexnikasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/V.31
Ilmiy rahbar: Elmurodov Bozorboy Aktamovich, veterinariya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.06/29.10.2021.V.1369.01.
Rasmiy opponentlar: Dilmurodov Nasriddin Bobakulovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Djuraev Olimjon Axrorovich, veterinariya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi parrandalar infeksion laringotraxeitining patomorfologik diagnostikasi, unga qarshi kurash choralari ishlab chiqish hamda infeksion laringotraxeit va kolibakteriozining aralash tipdagi patomorfologiyasi, gematologik va biokimyoviy ko‘rsatkichlarini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikaning Qashqadaryo viloyati sharoitida parrandachilik fermer xo‘jaliklarida infeksion laringotraxeit kasalligining epizootik xususiyatlari, uning ayrim bakterial kasalliklar bilan o‘zaro ta’siri, faollashtiruvchi va epizootik jarayonning intensivligini ta’minlaydigan mexanizmlari aniqlangan;
issiq iqlim sharoitida infeksion laringotraxeitining rezervuari sifatida qon so‘ruvchi hashorotlar xizmat qilishi va mavsumiyligiga ko‘ra bahorda 35-50, kuzda 12-15 foizni tashkil qilishi aniqlangan;
parrandalarning infeksion laringotraxeitida organizmda o‘ziga xos gemodinamik va distrofik jarayonlar traxeya, o‘pka va bronxlarda kuchli rivojlanganligi aniqlangan;
infeksion laringotraxeitga qarshi emlangan parrandalar qonida leykotsitlar va eritrotsitlar sonining ko‘payib borishi, leykoformulaning nisbatan o‘zgarishi qayd etilgan bo‘lsa, tabiiy sharoitda laringotraxeit bilan zararlangan parrandalar qonida leykotsitlar sonining dastlabki kunlaridan me’yorga nisbatan 0,86 foizga oshganligi aniqlangan;
infeksion laringotraxeitga qarshi emlangan jo‘jalar qonining biokimyoviy tahliliga ko‘ra; alanin aminotransferaza (AlAT) fermenti klinik sog‘lom parrandalarga qaraganda 6,2 E/l va amilaza fermenti 141,0 E/l, mochevina 5,34±0,11 mmol/l, kreatinin 83,47±4,58 mkmol/l miqdorgacha oshganligi qayd qilindi. Bu holat gepatotsitlarning zararlanishi va fermentlar funksiyasining o‘zgarishi bilan bog‘liqligi aniqlangan;
parrandalarning infeksion laringotraxeit kasalligi diagnostikasi va unga qarshi kurashish chora tadbirlari bo‘yicha ilmiy asoslangan tizim ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Parrandalar yuqumli laringotraxeit kasalligining patomorfologik diagnostikasi va qarshi kurash choralari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
2018-2022 yillar davomida Qashqadaryo viloyatining issiq iqlim sharoitida parrandachilik fermer xo‘jaliklari va aholiga tegishli parrandalarda infeksion laringotraxeit kasalligining epizootologiyasi o‘rganilgan, tahlil qilingan va xulosa berilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 17 martdagi 02/23-114-son ma’lumotnomasi). Natijada parrandalarning infeksion laringotraxeit kasalligi Qarshi, Kasbi, Nishon, Koson va G‘uzor tumanlarida o‘rtacha 12,9 % tarqalganligi aniqlangan.
Parrandalarning infeksion laringotraxeitga qarshi “AVIVAK-ILT” vaksina bilan emlangan parrandalar qonining immunofoni Qashqadaryo viloyati tumanlari kesimida tekshirilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 17 martdagi 02/23-114-son ma’lumotnomasi). Natijada parrandalar qonida immunofon viloyat bo‘yicha 95% ekanligi aniqlangan.
Parrandalar infeksion laringotraxeiti alohida va kolibakterioz bilan aralash kechishida patologik to‘qima va qon namunalari bakteriologik, gistologik, gematologik va biokimyoviy tekshirishlar asosida patomorfologik diagnostikasi joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 17 martdagi 02/23-114-son ma’lumotnomasi). Natijada veterinariya va parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun parrandalarning infeksion laringotraxeit kasalligiga tezkor diagnoz qo‘yish uslubi tatbiq etilgan.
Ishlab chiqilgan «Parrandalarning infeksion laringotraxeit kasalligiga qarshi kurashish chora-tadbirlar Tizimi” Qashqadaryo viloyatining parrandachilik fermer xo‘jaliklari, xususiy tadbirkorlar va aholiga qarashli parrandalarga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 17 martdagi 02/23-114-son ma’lumotnomasi). Natijada parrandalar infeksion laringotraxeit kasalligiga qarshi samarali kurash va oldini olishga erishilgan.