Nikonov Ivan Georgievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sudyalar hamjamiyati organlarining sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashdagi roli», 12.00.07. – Sud hokimiyati. Prokuror nazorati, Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu908.
Ilmiy rahbar: Abduqodirov Sherzod Yokubjonovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Tuxtasheva Umida Abdilovna, yuridik fanlar doktori, professor; Sultonov Oybek Sultonboevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sudyalar hamjamiyati organlarini tashkil etish va ular faoliyatini yo‘lga qo‘yishning huquqiy va nazariy asoslarini takomillashtirish, ularga mamlakatimizda sud hokimiyati chinakam mustaqilligini ta’minlash uchun zarur vakolatlarni berishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarishini sudyalar hamjamiyati organlari huquqiy tabiati mazmun-mohiyatini ochib beruvchi tamoyil sifatida qonunchilik darajasida belgilash hamda ushbu tamoyilni amaliyotda keng joriy etish zarurligi asoslab berilgan;
sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini ro‘yobga chiqarish maqsadida sudyalar hamjamiyati organlarini shakllantirish va ularning faoliyatida ishtirok etish bo‘yicha sudyalarning huquqini qonun darajasida mustahkamlash zarurligi asoslab berilgan;
Sudyalar qurultoyi kabi sudyalar hamjamiyati organi faoliyatini qonun darajasida tartibga solish va unga Sudyalar oliy malaka hay’ati tarkibini saylash vakolatini berish zarurligi asoslantirilgan;
sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatiga aralashuvlarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tarkibidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarini chiqarib tashlash zarurati asoslantirilgan;
sudyalar hamjamiyati organlarining mustahkam huquqiy asoslarini shakllantirish, shu jumladan ularning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq barcha asosiy masalalarni o‘z ichiga oluvchi “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi Qonunni ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sudyalar hamjamiyati organlarining sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashdagi roliga oid tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy etish lozimligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi 15-maqsadida o‘z aksini topgan (Sudyalar oliy kengashi 2023 yil 10 maydagi 233-23-son dalolatnomasi). Ushbu taklif qabul qilinishi O‘zbekistonda davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik subektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish bo‘yicha maqsadlarga erishishga xizmat qilgan;
Sudyalarning sudyalar hamjamiyati organlarini shakllantirish va ularning faoliyatida ishtirok etish borasidagi huquqlarini qonun darajasida mustahkamlash to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 28 iyuldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘RQ–703-sonli Qonunining 61-moddasida inobatga olingan (Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2023 yil 2 maydagi 04/2-10/1793-son dalolatnomasi). Ushbu taklif sudyalar hamjamiyati organlarini shakllantirishda sudyalarning rolini kuchaytirish orqali sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilgan;
Sudyalar qurultoyi kabi sudyalar hamjamiyati organi faoliyatini qonun darajasida tartibga solish va unga Sudyalar oliy malaka hay’ati tarkibini saylash vakolatini berish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 28 iyuldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘RQ–703-sonli Qonunining 80-moddasida inobatga olingan (Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2023 yil 2 maydagi 04/2-10/1793-son dalolatnomasi). Mazkur taklif qabul qilinishi sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish va sudyalar hamjamiyati organlarining sud tizimini boshqarishdagi rolini yanada oshirishga xizmat qilgan;
Sudyalar oliy kengashi tarkibidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarini chiqarib tashlash haqidagi taklif 2021 yil 20 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 1-moddasini ishlab chiqishda inobatga olingan (Sudyalar oliy kengashining 2021 yil 9 oktyabrdagi 570-21-son dalolatnomasi). Ushbu taklif qabul qilinishi xalqaro standartlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi faoliyatining mustaqilligini ta’minlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan uning faoliyatiga aralashish uchun shart-sharoitlarni yaratuvchi omillarni bartaraf etishga xizmat qilgan;
Sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslarini belgilash hamda Sudyalar oliy kengashi tarkibining bir qismini sudyalar tomonidan saylash tartibini joriy etish zarurati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–11-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2023–2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasining 3.4-bobida inobatga olingan (Oliy sudning 2023 yil 25 yanvardagi 08/42-23-son dalolatnomasi). Ushbu taklif joriy qilinishi sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining mustahkam huquqiy asoslarini yaratish, shu jumladan “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirish hamda sudyalar hamjamiyati organlarini shakllantirishda sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini kuchaytirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish