Bozorov Hamid Xo‘shmurodovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek xalq ertaklarining lingvomadaniy tadqiqi”, 10.00.01 (O‘zbek tili).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Fil2715
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Umurqulov Zafar Bekpo‘latovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy Kengash raqami: Termiz davlat universiteti, PhD 03/31.03.2021.Fil.78.04.
Rasmiy opponentlar: Xudayberganova Durdona Sidiqovna, filologiya fanlari doktori, professor; Mirsanov Gʻaybulla Qulmurodovich, filologiya fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek xalq ertaklari tilining lingvomadaniy xususiyatlarini ochib erishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ertaklarda mavjud frazeologik birliklarning mavzu doirasi, lingvomadaniy xususiyatga ega maqollarning mavzuiy guruhlar bo‘yicha farqi, narsa-predmet, kiyim-bosh va mato, oziq-ovqat, to‘y va motam marosimlari bilan bog‘liq etnografizmlarning aksariyati boshqa xalqlar uchun ekzotizm sifatida qaralishi, xalq ertaklarida presedent nomlarga asos bo‘lgan onomastik birliklarning semantik va lingvomadaniy xususiyatlari aniqlangan;
ertaklardagi obrazlar nutqida mavjud salomlashish va murojaat odobi, ayollar, keksalar nutqining o‘ziga xos tomonlari, nutqiy etiket birliklarining yuzaga kelishida evfemizmlarning, madaniy nutqni shakllanishida nutq odobining o‘rni muhim ekanligi isbotlangan;
hayvon, qush, raqam, rang va o‘simliklarning o‘zbek xalq ertaklarida turli ramz vazifasini o‘tashi hamda ramziy ma’nolar har bir xalqning mentalitetiga bogʻliqligi ochib berilgan;
o‘zbek xalq ertaklarida mavjud ijtimoiy va etnomadaniy stereotiplar o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, bolajonligi, oilada farzand tarbiyasi, yigitlarining mardligi, qizlarining ibo-hayosi va nomusi kabi milliy-madaniy xususiyatlarni ifodalashi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek xalq ertaklarining lingvomadaniy tadqiq qilish jarayonida olingan ilmiy natijalari asosida:
hayvon, qush, raqam, rang, o‘simliklarning o‘zbek xalq ertaklarida turli ramz vazifasini o‘tashi hamda ramziy ma’nolar har bir xalqning mentaliteti bilan bogʻliqligiga doir ma’lumotlardan davlat ilmiy-texnik dasturi doirasidagi 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan PZ – 2020042022 “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” amaliy grant loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 28-apreldagi 04/1-829 son ma’lumotnomasi). Natijada turkiy xalqlar ogʻzaki ijodida o‘zbek xalq ertaklarining o‘rnini belgilash, bu orqali umumturkiy milliy-madaniy jihatlarni aniqlashda samara bergan;
ertaklarda mavjud frazeologik birliklarning mavzu doirasi, lingvomadaniy xususiyatga ega maqollarning mavzuiy guruhlar bo‘yicha farqi, narsa-predmet, kiyim-bosh va mato, oziq-ovqat, to‘y va motam marosimlari bilan bog‘liq etnografizmlarning aksariyati boshqa xalqlar uchun ekzotizm sifatida qaralishi, xalq ertaklarida presedent nomlarga asos bo‘lgan onomastik birliklarning milliy-madaniy xususiyatlari aniqlanganligiga oid xulosalardan davlat ilmiy-texnik dasturi doirasidagi 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan AM – FZ – 201908172 raqamli “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 28-apreldagi 04/1-830-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida o‘zbek xalq ertaklarining lingvomadaniy xususiyatlarini aniqlashga xizmat qilgan;
ertaklardagi obrazlar nutqida mavjud salomlashish va murojaat odobi, ayollar, keksalar nutqining o‘ziga xos tomonlari, nutqiy etiket birliklarining yuzaga kelishida evfemizmlarning hamda oilaviy munosabatlarda nutq odobining o‘rni katta ekanligi haqidagi ilmiy xulosalardan “Surxondaryo” telekanalining “Til – millat ko‘zgusi”, “Kun mavzusi”, “Ma’naviyat saboqlari”, “Dialog” ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (Surxondaryo teleradiokompaniyasining 2023-yil 18-martdagi 01-12/1-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashuviga, ilmiy dalillarga boy bo‘lishiga erishilgan.
 

Yangiliklarga obuna bo‘lish