Omonov Anvarbek Murodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Selungur g‘or makonining tosh industriyasi (texnik-tipologik tadqiqot)”, 07.00.06–Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Tar1150.
Ilmiy rahbar: Sayfullaev Baxtiyor Qurbonovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Milliy arxeologiya markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Milliy arxeologiya markazi, DSc.02/02.30.12.2019.Tar.45.01.
Rasmiy opponentlar: Asqarov Ahmadali Asqarovich, tarix fanlari doktori, professor, akademik; Xushvaqov Nabi Olimovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Selungur g‘or makonidan 1980-1990 yillar oralig‘ida O‘.I. Islomov va K.A. Kraxmallar tomonidan qazib olingan tosh buyumlarni zamonaviy texnik-tipologik usullar yordamida o‘rganish va ularning ob'ektiv madaniy-davriy xususiyatlarini, shuningdek yodgorlikning Evroosiyo paleolitida tutgan o‘rnini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Selungur g‘or makoni tosh sindirish texnologiyalarida tizimlilik, zarb maydonlar tayyorlashning yo‘qligi, yo‘nilg‘ilari chaqmoqlanish burchaklarining o‘ta ochiqligi va yodgorlikda toshga ishlov berishning primitiv anʼanalari hukm surganligi aniqlangan;
Selungur makoni tosh buyumlari orasidan O‘rta Osiyoda yangi chaqmoqlash texnologiyasi - toshlarni sandonga urib sindirish usullari mavjud bo‘lganligi isbotlangan;
Selungur makoni tosh industriyasida bifaslar, kliverlar, chopper-choppinglarning birgalikda uchrashi, qisman ishlov berilganligi va qo‘polligi bilan ashel madaniyati materiallaridan tubdan farq qilishi aniqlangan;
Selungur g‘or makoni tosh industriyasi Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo ilk paleoliti yodgorliklariga o‘xshashligi, kelib chiqishi hamda madaniy jihatdan mazkur hududlarning ilk paleolit davri madaniyatlari bilan bog‘liqligi hamda ushbu madaniyatlar tarqalishining eng g‘arbiy chegarasida joylashganligi va O‘rta Osiyoda o‘xshashi yo‘qligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Selungur g‘or makoni tosh industriyasi (texnik-tipologik tadqiqot)” mavzusidagi dissertatsiya bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
Selungur g‘or makoni tosh sindirish texnologiyalarida tizimlilik, zarb maydonlar tayyorlashning yo‘qligi, yo‘nilg‘ilari chaqmoqlanish burchaklarining o‘ta ochiqligi va yodgorlikda toshga ishlov berishning primitiv anʼanalari hukm surganligi hamda Selungur makoni tosh buyumlari orasidan O‘rta Osiyoda yangi chaqmoqlash texnologiyasi - toshlarni sandonga urib sindirish usullari mavjud bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan Madaniy meros agentligi tomonidan O‘zbekistonning qadimgi tosh davri tarixi respublika muzeylarining ekspozisiyalarini tashkil etish uchun muhim ma’lumot sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2023 yil 19 iyundagi 04-06/2032-son ma’lumotnomasi). Natijalar xalqimizning boy o‘tmish merosimiz tarixiga doir yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga xizmat qilgan;
Selungur makoni tosh industriyasida bifaslar, kliverlar, chopper-choppinglarning birgalikda uchrashi, qisman ishlov berilganligi va qo‘polligi bilan ashel madaniyati materiallaridan tubdan farq qilishi, shuningdek, yodgorlikni Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo ilk paleoliti madaniyatlari tarqalishining eng g‘arbiy chegarasida joylashganligiga doir ma’lumotlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi «O‘zbekiston tarixi» telekanalida efirga uzatilgan “Bir eksponat tarixi”, “Xalq mulki” va “Ibtido” ko‘rsatuvlari senariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2023 yil 4 iyuldagi 02-31-1041-son ma’lumotnomasi). Natijalar teletomoshabinlarga O‘rta Osiyoning qadimgi tosh davri tarixi, hamda ushbu hududda yashagan qadimgi odamlarning moddiy va madaniy hayotiga doir yangi ma’lumotlar bilan tanishishlariga xizmat qilgan.