Shavkatova Dilnoza Shavkatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Oltingugurtni azotli organik birikmalar bilan modifikatsiyalash asosida oltingugurtli beton olish texnologiyasini yaratish», 02.00.14 - Organik moddalar va ular asosida materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/T3835.
Ilmiy rahbar: Turaev Xayit Xudaynazarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, DSc.03/31.01.2023.K/T.78.01.
Rasmiy opponentlar: Nurqulov Fayzulla Nurmuminovich, texnika fanlari doktori, professor; Xusenov Arslonnazar Shernazarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: azotli organik birikmalar bilan oltingugurtni modifikatsiyalash asosida mustahkam, korroziyabardosh oltingugurtli betonlarni ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tarkibida azot bo‘lgan organik birikmalar - melamin, 2,4-dinitrofenilgidrazin bilan neft va gaz sanoati chiqindisi bo‘lgan elementar oltingugurtni modifikatsiyalashning maqbul sharoitlari aniqlangan;
azotli organik birikmalar bilan modifikatsiyalangan oltingugurt  va to‘ldiruvchilar yordamida 10% li xlorid, sulfat, nitratli tuzlar eritmalari kabi agressiv korrozion muhitlarga kimyoviy barqarorlik koeffisienti 0,89-0,96 bo‘lgan oltingugurtli beton olingan;
olingan oltingugurtli betonning fizik, kimyoviy xossalari, korroziyaga, muzlashga, suv adsorbsiyasiga, tuzli va kislotali eritmalar kabi agressiv muhitlarga chidamliligi, fizik-mexanik xususiyatlari hamda mustahkamligi aniqlangan;
elementar oltingugurtni azotli organik birikmalar bilan modifikatsiyalash asosida yangi tarkibli oltingugurtli beton olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Elementar oltingugurt va azotli organik birikmalar asosida modifikatsiyalangan oltingugurtdan yangi tipdagi oltingugurtli beton olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
azotli organik birikmalar asosida modifikatsiyalangan oltingugurtli beton konstuksiyalar “Petromaruz Uzbekistan” xorijiy korxonasida amaliyotga joriy etilgan (“Petromaruz Uzbekistan” xorijiy korxonasining 2023-yil 26-sentyabrdagi ECO-CER-483-son ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqilgan modifikatsiyalangan oltingugurtli beton 10% li sulfat kislota va 10% li tuzlar eritmalarida agressiv muhitga nisbatan barqaror bo‘lgan beton olish imkonini bergan;
yangi tipdagi oltingugurtli bog‘lovchilar asosida hosil qilingan betonlar atmosfera va agressiv tashqi muhitlarga bardoshli oltingugurtli beton olish texnologiyasi “Petromaruz Uzbekistan” xorijiy korxonasida amaliyotga joriy etilgan (“Petromaruz Uzbekistan” xorijiy korxonasining 2023 yil 26 sentyabrdagi ECO-CER-483-son ma’lumotnomasi) Natijada, tarkibida 27% og‘irlikdagi modifikatsiyalangan polimer oltingugurt birikmalari, barxan qumi, qum, maydalangan tosh va oltingugurt aralashmasi asosida mustahkamligi 80 MPa bo‘lgan (M600 markasiga, V55 sinfiga to‘g‘ri keladigan) yangi turdagi oltingugurtli beton qurilish konstruksion materiallari olish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish