Kadirova Barno Turanboy qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Qiynoqqa qarshi kurashishga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish masalalari”, 12.00.07 -“Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura” (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Yu488.
Ilmiy rahbar: Karimov Xurshid Akramovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Axrorov Baxrom Jabbarovich, yuridik fanlar doktori, professor; Sultonov Oybek Sultonboevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi qiynoqqa qarshi kurashishga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi bilan bir qatorda tergovga qadar tekshiruv organi mansabdor shaxsi ham ishda qatnashayotgan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shartligi haqidagi taklif jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarining himoyasini kuchaytirishi, tergovga qadar tekshiruv organlarining bu boradagi majburiyatlarini prinsip darajasiga ko‘tarishi asoslantirilgan;
tergovga qadar tekshiruv organlari tomonidan jinoyat sodir etilgani to‘g‘risidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqish hamda hal qilishning tartibi, prokuror nazorati asosida tezkor-qidiruv faoliyati, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni olib borishning qonunchilikda belgilangan tartibi prokuror nazoratining predmeti sifatida qonunchilikda mustahkamlanishi asoslantirilgan;
qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga etkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash tartibini qonunchilikda mustahkamlanishi zarurati asoslangan;
ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolarni va jinoyat-huquqiy ta’sirning boshqa choralarini ijro etish chog‘ida, shuningdek, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquq va majburiyatlariga rioya etilishini nazorat qilish prokuror nazoratining predmeti sifatida belgilanishi asoslab berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qiynoqqa qarshi kurashishga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish masalalari mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va boshqa jazolarning oldini olish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Jinoyat-protsessual kodeksi loyihasining 7-moddasida (shaxsning daxlsizligi), shuningdek, “Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish” nomli 8-moddasini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022 yil 29 martdagi 27/2-53-22-son dalolatnomasi). Mazkur taklif shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan inson qadr - qimmatini hurmat qilishni ta’minlashga xizmat qilgan;
tergovga qadar tekshiruv organlari tomonidan jinoyat sodir etilgani to‘g‘risidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqish hamda hal qilishning tartibi, chiqarilgan qarorlarning qonuniyligini ta’minlash prokuror nazoratining predmeti ekanligi haqidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Jinoyat-protsessual kodeksi loyihasining 33-moddasini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022 yil 29 martdagi 27/2-53-22-son dalolatnomasi). Mazkur taklif tergovga qadar tekshiruv organlarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirishning huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga etkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 2022 yil 29 martdagi O‘RQ-761-son Qonuni 1-moddasiga Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatning jabrlanuvchilariga etkazilgan zararni qoplash doirasida ishlab chiqilgan takliflari amaldagi Fuqarolik kodeksining 991-moddasi birinchi qismi hamda 1021-moddasi uchinchi xatboshisiga kiritilishida foydalanilgan (Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2022 yil 27 dekabrdagi 01/1346-son dalolatnomasi). Mazkur taklif qiynoqqa qarshi kurashishga oid qonunchilikning ta’minlanishi hamda jabrlanuvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasi 8-bobining nomlanishiga “ma’muriy qamoq” va loyihaning 59-moddasiga “ma’muriy qamoq” so‘zlarini kiritilishida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023 yil 4 maydagi 27/2-129-23-son dalolatnomasi). Mazkur taklif qiynoqqa qarshi kurashishga oid qonunchilik ijrosini ta’minlash, shuningdek, ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar, mahkumlarning hamda jinoyat-huquqiy ta’sirning boshqa choralari qo‘llanilgan shaxslarning qonunda belgilangan huquq va majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qilgan.