Isakulov Faxriddin Baxronovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistondagi kaolinlar tarkibida uchraydigan temir va titan ionlarini aniqlash hamda ajratib olish usullarini ishlab chiqish», 02.00.02 - Analitik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/K430.
Ilmiy rahbar: Smanova Zulayho Asanalievna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: A.Abduraxmanov, kimyo fanlari doktori, professor; X.U.Usmanova, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistondagi kaolinlar tarkibida uchraydigan temir va titan ionlarini aniqlash hamda ajratib olish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Respublikamizdagi kaolinlar tarkibida temir (III) oksidli birikmalari γ- FeOOH individual fazasi ko‘rinishida mavjud bo‘lib, eritmaga osonlik bilan o‘tishi isbotlangan;
ilk bor kaolinlarni tozalashning gibrid-kimyoviy (gidrotermal va kislotali) usuli bilan kaolin tarkibidagi temir va titan birikmalarining miqdorini mavjud usullarga nisbatan ~1,5-2 martagacha kamaytirishga erishilgan;
Angren kaolini tarkibidagi Fe2O3 ni 2,190% dan 0,234% gacha, TiO2 ni esa 0,804% dan 0,424% gacha, Navoiy viloyati kaolinini Fe2O3 2,16% dan 0,278% gacha, TiO2 0,660% dan 0,140% gacha, Samarqaqnd viloyati kaolinini Fe2O3 1,510% dan 0,400% gacha, TiO2 0,410% dan 0,330% gacha, Xorazm viloyati kaolinida Fe2O3 1,320% dan 0,340% gacha, TiO2 0,320% dan 0,210% gacha kamaytirishga erishilgan;
temir (III) bilan 3-gidroksi-4-nitrozonaftalin-2-sulfokislota va titan (IV) bilan 2,6,7-trigidroksi-9-fenil-3(3H)-ksantenon reagentlarining kompleks hosil qilishida ayni reagentlar tarkibidagi funksional faol guruhlar gidroksil va nitrozo guruhi hisobiga kislotali muhitda borishi aniqlangan;
temir (III) bilan 3-gidroksi-4-nitrozonaftalin-2-sulfokislota va titan (IV) bilan 2,6,7-trigidroksi-9-fenil-3(3H)-ksantenon reagentlarining kompleks hosil qilishini optimal sharoitlari tanlangan va kompleks birikmalarning mol nisbatlari 1:1 ga teng ekanligi isbotlangan;
Angren, Navoiy, Samarqand va Xorazm kaolinlari tarkibidagi temir va titan birikmalarini ajratib olish sxemasi ishlab chiqilgan, tozalash va boyitish natijalariga ko‘ra, xomashyo namunalarining o‘rtacha oqlik darajasi 78% dan 95% gacha oshganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda uchraydigan kaolinlar tarkibidagi temir hamda titan ionlarini aniqlash va ajratib olish usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
immobillangan organik reagentlar yordamida kaolinlar tarkibidagi temir va titan ionlarini aniqlashning sorbsion-spektrofotometrik usuli «GRAND ART CERAMICS» mas’uliyati cheklangan jamiyati laboratoriyasida sinovdan o‘tkazilgan va amaliyotga joriy qilingan («GRAND ART CERAMICS» MChJ ning 2021 yil 1 iyuldagi ma’lumotnomasi). Natijada, kaolinlar tarkibidagi temir hamda titan ionlarini aniqlash va ularni xomashyo tarkibidan ajratib olish orqali temir birikmalarining ulushi 2,190 % dan 0,234 % gacha, titan birikmalari ulushini esa 0,660% dan 0,140 % gacha kamaytirishga erishilgan;
immobillangan organik reagentlar yordamida kaolinlar tarkibidagi temir va titan ionlarini sorbsion-spektrofotometrik aniqlash hamda kaolin xomashyosini temir va titan birikmalaridan tozalash usuli «PENG-SHENG» O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi («PENG-SHENG» O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasining 2021- yil 2- avgustdagi Z/158 - sonli ma’lumotnomasi) va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan (O‘zR Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 2023-yil 6-sentyabrdagi ma’lumotnomasi) laboratoriya sinovdan o‘tkazilgan. Natijada, kaolin xomashyosi tarkibidagi rang beruvchi temir hamda titan birikmalari gibrid-kimyoviy usulda ajratib olingan va eritmaga o‘tgan temir (III) hamda titan (IV) ionlarini aniqlashning tezkorligi, selektivligi bilan boshqa qo‘llaniladigan fizik-kimyoviy usullardan afzalligi aniqlangan. Shuningdek, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ MITL analitik kimyo laboratoriyasida mutaxasislar tomonidan o‘rganilganda («NKMK» AJ MITL bosh muhandisining 09.10.2023 y. dagi 25.01-01-11/1773 sonli dalolatnomasi) kaolinlar tarkibidagi Fe hamda Ti ionlarining aniqlangan natijalari DavSt 21286-82 standartida keltirilgan natijalarga mosligi aniqlandi va amaliyotga joriy etishga tavsiya etilgan.