Qodirov Quvonch Bekmurodovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda penitensiar muassasalar faoliyati (1991–2022-yillar)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Tar226.
Ilmiy maslahatchi: Yunusova Xurshida Erkinovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ermetov Avaz Abdullaevich, tarix fanlari doktori, professor; Xaqnazarov Xudoyberdi Dilmurodovich, tarix fanlari doktori, dotsent; Ganiev Sherzod Alisherovich, yuridik fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent axborot texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda penitensiar muassasalar faoliyatining shakllanishi va rivojlanishi tarixi asosida mahkumlarni tarbiyalash, mehnat qilish va kasbiy ta’lim olish tizimini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mamlakatimiz mustaqillikga erishgach yillari penitensiar tizimdagi “sovet davri modeli”dan meros sifatida qolgan og‘ir shart-sharoitlar (yashash joylarining etishmasligi, uxlatmaslik, me’yordan kam ovqat berish, tibbiy xizmatning umuman ko‘rsatilmaganligi, muassasalarda jinoyatlar miqdorining oshib borishi, “qonundagi o‘g‘rilar” tomonidan ichki tartib o‘rnatilganligi, mahkumlar “qizil” va “qora” hudud toifalariga ajratilganligi, jargon so‘zlar ishlatilishi) sovet davrida “Ahloq tuzatish mehnat koloniyalari” deb atalgan muassasalarda saqlanib qolganligi, ularda majburiy mehnat ko‘p bo‘lganligi, inson qadri toptalishi yuqori bo‘lganligi aniqlangan;
mustaqillik yillariga kelib penitensiar muassasalar “Jazoni ijro etish muassasalari” deb nomlanib, asosiy e’tibor jazoni ijro etilishiga qaratilib, endilikda mahkumlar uchun yashash sharoiti yaxshilanganligi, oilasi bilan uzoq va qisqa uchrashuvlar, telefonda so‘zlashuvlar, posilka, yo‘qlov, banderollar olishlar soni ikki baravar oshganligi, elektron (Onlain) do‘konlar tashkil etilganligi, saylov va umumxalq referendumlarida ishtirok etish huquqi joriy etilganligi, pensiya olish huquqi kiritilganligi, ta’lim olish va kasb-hunar egallash, ish bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, talab darajasiga etkazilganligi aniqlangan;
mustaqillik yillari O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar bilan o‘rnatgan aloqalari (Mandela qoidalarini ratifikatsiya qilishi) natijasida Respublikadagi jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari soni, ularning yuridik manzillari, saqlanayotgan shaxslar soni, penitensiar muassasalarining ishlab chiqarish faoliyati, ular tomonidan nomenklatura bo‘yicha va pul bilan ifodalanadigan ishlab chiqarilayotgan tovar mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxfiylikdan chiqarilganligi ochib berilgan;
penitensiar muassasalarda sovet davridan farqli ravishda jazoni ijro etish muassasalari manzil-koloniyalar, umumiy, qattiq, maxsus, tarbiya koloniyalari, turmalar, ixtisoslashgan kasalxonalarga ajratilib, mahkumlarni ayollar uchun (bir joyda 21-son JIEK), erkaklar uchun umumiy tartibli, qattiq tartibli, maxsus (umrbod ozodlikdan mahrum etilganlar uchun) tartibli, turma, voyaga etmaganlar uchun tarbiya koloniyasi (24-son JIEK), kasal mahkumlarni saqlash uchun (20-son Buxoro, 23-son Toshkent shahar JIEK) muassasalari alohida-alohida differensiatsiya tartibida joylashtirilganligi aniqlangan;
penitensiar muassasalarda voyaga etmagan mahkumlarga ota – onalari bilan uchrashuvlarga nisbatan cheklovlar olib tashlanganligi, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishiga sharoit yaratilganligi, mahkuma ayollarni adolati me’zonlar asosida rag‘batlantirish choralarining ko‘rilishi natijasida voyaga etmagan farzandlari bilan birga yashash imkoni yaratilganligi, zarur hollarda qisqa muddatli uchrashuvlar, videouchrashuv va telefon so‘zlashuvlarga almashtirilganligi, hamda mahkumlarga psixologik yordam olishi, sog‘ligini tiklash maqsadida qo‘shimcha hududiy tibbiyot muassasalarida davolanishining belgilanganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda penitensiar muassasalar faoliyati (1991–2022-yillar) mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 5050-sonli qarorining Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi ilovasi asosida O‘zbekistonda jazolarni ijro etuvchi muassasalar faoliyati tarixi, dastlabki zindonlar, qamoqxonalar, axloq tuzatish mehnat koloniyalari, mahkumlar mehnati, ta’limi va ta’minoti haqidagi natijalardan «O‘zbekiston halqi xizmatida» nomli kitobning 12-bobida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2023 yil “30” avgustdagi 02/2200-son dalolatnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi O‘zR IIV Akademiyasida jazolarni ijro etish faoliyati mutaxassisligi yo‘nalishida tahsil olayotgan kursantlarning bilimlarini yanada kengaytirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgan davrda jazoni ijro etish muassasalari o‘z faoliyatini amalga oshirishda boshqa huquqni muhofaza qilish organlari sud, prokuratura, mudofaa, milliy gvardiya, probatsiya bilan hamkorligiga oid natijalardan “Yuridik tayyorgarlik” darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 14 avgustdagi guvohnomasi, Ro‘yxatga olish raqami: 418-240). Ushbu darslik oliy ta’lim muassasalari talabalari va akademik lisey o‘quvchilarining mamlakat tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash borasidagi tushunchalarga ega bo‘lish imkonini bergan;
O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lishi bilan jazoni ijro etish muassasalarida qiynoq, hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi Konvensiya talablarini shuningdek, BMTning mahbuslar bilan muomala qilish bo‘yicha minimal standart qoidalari (Mandela qoidalari)ni ratifikatsiya qilganligi haqidagi natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-46-sonli qaroriga ko‘ra Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Qiynoqqa qarshi kurashish: halqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslarini o‘qitishda foydalanilgan (Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2023 yil “30” avgustdagi 01/820-son dalolatnomasi). Ilmiy natija va xulosalarning qo‘llanishi jazoni ijro etish xodimlarining mahkumlar bilan muomala qilishda halqaro huquq qoidalarini o‘zlashtirishida amaliy yordam bergan;
BMT doirasida mahkumlarni to‘laqonli ta’lim olishlari uchun penitensiar muassasalar ma’muriyati tomonidan zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilishi lozimligi qayd etilganligi bois, O‘zbekiston Respublikasi penitensiar muassasalarida 6 ta umumta’lim maktablari va 4 ta kasb-hunar ta’limi markazlari faoliyatlari yo‘lga qo‘yilganligiga oid natijalardan “Jazoni ijro etish faoliyati” darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining 2023 yil 11 fevraldagi 18-sonli guvohnomasi, ro‘yxatga olish raqami: № 31). Ushbu darslik tergov, tezkor-qidiruv, huquqbuzarliklar profilaktikasi, ekspert-kriminalistika, tashkiliy-shtab hamda jazoni ijro etish faoliyati kursantlari uchun mahkumlarga ta’lim berish va tarbiyalashga doir bilimlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda “sovet davri modelidan” meros sifatida qolgan Ahloq tuzatish mehnat koloniyalari, jazoni ijro etish muassasalari deb o‘zgarganligi, respublikadagi penitensiar muassasalar soni, mahkumlarning yashash shart-sharoitlari xamda ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovar mahsulotlari to‘g‘risidagi natijalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvining ayrim sonlari ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2023 yil 10 apreldagi 06-50-982-son ma’lumotnomasi). Taqdim qilingan ma’lumotlar ko‘rsatuv sonlarining mazmunini to‘ldirish, ilmiy dalillar bilan boyitishga hamda tomoshabinlarning O‘zbekiston tarixiga oid bilimlarining kengayishiga xizmat qilgan.