Aripov Alisher Abdumalikovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yoshlar ma’naviy xavfsizligini ta’minlashda bagʻrikenglik fenomenini yuksaltirishning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlari”, 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Fal1681.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02.
Ilmiy rahbar: Saidqosimov Akbar Isaxonovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Yaxshilikov Jo‘raboy Yaxshilikovich, falsafa fanlari doktori, professor; Majitov Maxmud Abdimumin o‘g‘li, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ijtimoiy hayotda yoshlar ma’naviy xavfsizligini ta’minlashda bag‘rikenglik fenomeni bilan bog‘liq jarayonlarning konstruktiv xususiyatlarini ijtimoiy-falsafiy jihatdan asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yoshlar bag‘rikengligi fenomenining jamiyatda ma’naviy xavfsizlikni ta’minlashdagi sotsial zaruriyati, ijtimoiy-ma’naviy barqarorlikni ta’minlashdagi integrativ, generativ va regulyativ ta’siri ijtimoiy taraqqiyotning ustuvor omili ekanligi asoslab berilgan;
yoshlar ma’naviy xavfsizligini ta’minlashda bag‘rikenglik fenomenining ijtimoiy hayot bilan bog‘liq qonuniyatlari (o‘zaro aloqadorlik, vorisiylik, takrorlanish, notekislik), jamiyat ma’naviy tarqqiyoti bilan aloqador tamoyillari (yuksak madaniyat, milliy yuksalish, ijtimoiy strategiya) va fanlararo xususiyatlari (psixologik, politologik, sotsiologik) dalillangan;
globallashuv sharoitida yoshlarda bag‘rikenglik tuygʻusini shakllantirishiga ta’sir etuvchi axloqiy deviatsiya, degradatsiya, begonalashuv kabi destruktiv omillar dinamikasi mikro (hududiy) va makro (jamiyat) darajalarda transformatsiyalanishi falsafiy asoslangan;
ma’naviy havfsizlikni ta’minlashda yoshlar ongiga halollik, adolat, sabr, qanoat, diyonat, xayrixohlik, riyozat, vijdon, haqiqat, muhabbat va sadoqat singari axloqiy tamoyillarni intensiv ravishda shakllantirishning ijtimoiy mexanizmlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yoshlar ma’naviy xavfsizligini ta’minlashda bag‘rikenglik fenomenini yuksaltirish ijtimoiy-falsafiy mexanizmlarini tadqiq etish asosida:
yoshlar bag‘rikengligi fenomenining jamiyatda ma’naviy xavfsizlikni ta’minlashdagi sotsial zaruriyati, ijtimoiy-ma’naviy barqarorlikni ta’minlashdagi integrativ, generativ va regulyativ ta’siri ijtimoiy taraqqiyotning ustuvor omili ekanligiga oid xulosalardan va taklif-tavsiyalardan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturining 4.4. Mahalla tizimini yanada takomillashtirish, uning tashkiliy va iqtisodiy asoslarini mustahkamlash sohasida: “Mahallaning fuqarolar, ayniqsa yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashda, shuningdek, ijtimoiy sohadagi ishlarining samaradorligini oshirish” kabi vazifalarini amalga oshirishda hamda partiya tashabbusi bilan respublika bolalar va o‘smirlar nashrlari “Tong yulduzi”, “Klass”, “Bolalar sporti” gazetalari, “Gʻuncha” va Gulxan” jurnallari hamkorligida mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Yozgi ta’til - “Milliy tiklanish” bilan!” loyihasi doirasidagi milliy insholar tanlovi Nizomini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2022-yil 15-dekabrdagi 02/02-260-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, ularning ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy-huquqiy bilimlarini boyitish, o‘z Vatani, oilasi, do‘st-u birodarlariga bo‘lgan muhabbat, bag‘rikenglik, milliy qadriyat va an’analarga hurmat tuyg‘usini oshirish, jamiyatdagi o‘zgarishlarga nisbatan mustaqil fikr va fuqarolik pozisiyasini shakllantirish, ularning yozma nutqini rivojlantirish hamda yoshlarning yozgi ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazishlariga muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
yoshlar ma’naviy xavfsizligini ta’minlashda bag‘rikenglik fenomenining ijtimoiy hayot bilan bog‘liq qonuniyatlari (o‘zaro aloqadorlik, vorisiylik, takrorlanish, notekislik), jamiyat ma’naviy tarqqiyoti bilan aloqador tamoyillari (yuksak madaniyat, milliy yuksalish, ijtimoiy strategiya) va fanlararo xususiyatlari (psixologik, politologik, sotsiologik) ilmiy dalillangan xulosa va taklif-tavsiyalardan Jizzax viloyati “Istiqbol” mintaqaviy tadqiqot markazining 57-11/78 raqamli “Joylarda ijtimoiy muammolarni hal etishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish” nomli grant loyihasining 11-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Jizzax viloyati “Istiqbol” mintaqaviy tadqiqot markazining 2022-yil 15-noyabrdagi 17-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlar ma’naviy xavfsizligini ta’minlashda bag‘rikenglik tuyg‘usini yuksaltirish va bu borada mavjud muammolarni hal etish hamda innovatsion dasturlarni ishlab chiqishda tegishli yondoshuvlarni takomillashtirishga qaratilgan amaliy taklif-tavsiyalar ishlab chiqish masalalarida muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
globallashuv sharoitida yoshlarda bag‘rikenglik tuygʻusini shakllantirishiga ta’sir etuvchi axloqiy deviatsiya, degradatsiya, begonalashuv kabi destruktiv omillar dinamikasi mikro (hududiy) va makro (jamiyat) darajalarda transformatsiyalanishiga oid ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022-yilda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining IX yo‘nalishida belgilangan “Geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish” 40-bandi “Mamlakatimizdagi keng qamrovli islohotlar mazmunini aholining turli qatlamlariga tushuntirish va mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, diniy aqidaparastlik va ekstremizmning buzg‘unchi g‘oyalaridan ogoh etishga qaratilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Islom aqidaparastlikni qoralaydi”, “Yoshlar ekstremizmga qarshi”, “Ma’naviyat odam va olam xaloskori”, “Missionerlik: mohiyat, maqsadlar, oqibatlar va oldini olish yo‘llari”, “Islom terrorizmga qarshi” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2023-yil 27-yanvardagi 02-22/67-son ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiyada ilgari surilgan takliflar, tavsiya va xulosalar mamlakatimizda yoshlar ma’naviy xavfsizligini ta’minlash orqali milliy hamda diniy bag‘rikenglik fenomenini yuksaltirishga xizmat qilgan;
ma’naviy havfsizlikni ta’minlashda yoshlar ongiga halollik, adolat, sabr, qanoat, diyonat, xayrixohlik, riyozat, vijdon, haqiqat, muhabbat va sadoqat singari axloqiy tamoyillarni intensiv ravishda shakllantirishning ijtimoiy mexanizmlariga oid ilmiy-nazariy taklif-tavsiyalardan Jizzax viloyat teleradiokompaniyasining 2022-yil efirga uzatilgan “Inson qadri” va “Yoshlar yetakchisining kundaligi” kabi teledasturlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Jizzax viloyati teleradiokompaniyasining 2022-yil 31-dekabrdagi 10-12/1183-son ma’lumotnomasi). Natijada, OAVlarining an’anaviy roli va ularning jamiyat ko‘zgusi sifatidagi asosiy vazifasi, xususan, yoshlarni ma’naviy xavfsizligini ta’minlash va ularda insonparvarlik va bag‘rikenglik tuyg‘ularini kamol toptirishda muhim omil sifatidagi faolligi va yoshlarni ma’naviy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan.