Radjapov Doniyor Baxtiyarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ijro qilish ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish”, 12.00.07 – “Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura” (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu953.
Ilmiy rahbar: Odinaev Adxam Sa’dulloevich, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Djuraev Ixtiyor Baxtiyorovich, yuridik fanlar doktori, professor; Abduxakimov Murodullo Togaevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sog‘liqni saqlash sohasidagi prokuror nazorati mazkur sohadagi qonunchilik talablariga rioya etilishi va bajarilishini tekshirishga, ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish, aniqlash, ularga chek qo‘yish va bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui ekanligi, bu sohada davlat nazorati tibbiy yordam ko‘rsatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasi sohalarida amalga oshirilishi asoslantirilgan;
aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, dori vositalari va tibbiy buyumlarning muomalasi yo‘nalishida prokuror nazoratini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Aholi sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi kodeksi loyihasiga “Davlat sanitariya nazorati” hamda “Dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasi sohasidagi davlat nazorati” kabi yangi moddalar kiritish taklifi asoslantirilgan;
sog‘liqni saqlash sohasidagi prokuror nazorati predmetiga tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar sog‘lig‘ini saqlashning davlat, xususiy va boshqa xil tizimlari mansabdor shaxslari tomonidan Konstitusiya va qonunlarga rioya qilish, shuningdek, ular tomonidan chiqarilgan hujjatlarning qonunlarga muvofiq kelishini nazarda tutish asoslab berilgan;
dori vositalari narxlarning sun’iy oshishini oldini olish va sohada qonuniylikni ta’minlash maqsadida referent mamlakatlarning dori vositalarini ishlab chiqarish hajmi va narxlari bo‘yicha ma’lumotlar orqali dori vositalarini daromadlar darajasi teng bo‘lgan davlatlar orasidan tanlash mezonlarini belgilashni huquqiy tartibga solish taklif qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ijro qilish ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat nazorati mazkur sohadagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga rioya etilishini va bajarilishini tekshirishga, shuningdek ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olishga, aniqlashga, ularga chek qo‘yishga va bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui ekanligi, sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat nazorati tibbiy yordam ko‘rsatish; aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi; dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasi sohalarida amalga oshirilishini nazarda tutish haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasining Aholi sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi kodeksini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 17 apreldagi 08-10175-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi sog‘liqni saqlash sohasidagi prokuror nazoratini amalga oshirishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirishga ko‘maklashgan;
aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, dori vositalari va tibbiy buyumlarning muomalasida davlat nazoratini belgilashga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining Aholi sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi kodeksini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining2023 yil 17 apreldagi 08-10175-son dalolatnomasi). Mazkur takliflarning qabul qilinishi sog‘liqni saqlash sohasida davlat sanitariya nazorati hamda dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasi sohasidagi prokuror nazoratiga doir normalarni shakllantirishga xizmat qilgan;
sog‘liqni saqlash sohasida qonun hujjatlari ijrosi ustidan prokuror nazorati predmetini aniqlashtirishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasining 6 va boshqa moddalarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022 yil 31 yanvardagi 27/2-21-23-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashga mas’ul bo‘lgan vazirlik, mahalliy davlat hokimiyati organlari viloyatlar, Toshkent shahar sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari, ularning shahar va tuman bo‘linmalari hamda tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar davlat sog‘liqni saqlash tizimiga va sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarida mansub shaxslar tomonidan Konstitusiya va qonunlarga rioya qilish, jismoniy (mansabdor shaxslar) va yuridik shaxslar tomonidan qonunlarning bajarilishi, nazorat organlari va mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi), shuningdek, ular tomonidan chiqarilgan hujjatlarning ijro etilishi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirishga ko‘maklashgan;
prokuratura organlarining fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonuni loyihasining 18-moddasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022 yil 31 yanvardagi 27/2-21-23-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi prokuratura organlarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qilishining huquqiy asoslarini mustahkamlashga ko‘maklashgan;
dori vositalarining referent narxlarini shakllantirish orqali narxlarni sun’iy oshishini oldini olish va sohada qonuniylikni ta’minlash maqsadida dori vositalarini daromadlari darajasi teng bo‘lgan referent davlatlar orasidan tanlash mezonlarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish taklifi Bosh prokuraturaning
2023 yil oktyabrdagi tahliliy ma’lumotnomasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023 yil 2 noyabrdagi 7-4075358/23-son ma’lumotnomasi). Natijada tahliliy ma’lumotnomaning huquqiy asosi ta’minlangan.