Radjapova Umida Baxramovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
“Lahjatu-l-lug‘ot” asari o‘zbek tarixiy leksikasi tadqiqida muhim manba”, 10.00.01 – “O‘zbek tili” (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil1262.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: O‘razboev Abdulla Durdiboevich, filologiya fanlari doktori.    
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.55.02.
Rasmiy opponentlar: Sayidov Yoqub Siddiqovich, filologiya fanlari doktori, professor; Kurboniyazov Gulmurza Alambergenovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “Lahjatu-l-lug‘ot”ni turkiy lug‘atnavislikning noyob namunasi sifatida undagi so‘z boyligi, mavzu ko‘lami va uning tarixiy leksikasi tadqiqidagi o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Lahjatu-l-lug‘ot” XVІІІ asr turkiy lug‘atnavislikning noyob namunasi ekanligi uning muallifi va asar yaratilgan muhit hamda lug‘at yaratilishiga manba bo‘lgan noyob asarlar asosida ochib berilgan;
“Lahjatu-l-lug‘ot”da berilgan qarindoshlik leksikasi, somatizmlar, harbiy leksika, kosmonimlar va falakiyot leksikasi, diniy leksika kabi mavzuiy guruhlar tadqiqi asnosida ushbu lug‘atning tilimiz so‘z boyligi, mavzu ko‘lami, umuman, tarixiy leksika tadqiqidagi ahamiyati ochib berilgan;
o‘zbek tarixiy matnlari lingvopoetikasi tadqiqida “Lahjatu-l-lug‘ot”ning o‘ziga xos manba ekanligi antonim, sinonim, omonim, uyadosh so‘zlarning badiiylik yaratishdagi imkoniyatlari va tazod, tamsil, tarse’, ishtiqoq, tanosub, tavze’, tashbeh, tashobih ul-atrof kabi Sharq falsafasining murakkab atamalari hamda kamdan kam o‘quvchilar anglaydigan istilohlarga asoslanuvchi badiiy san’atlarni izohlash orqali isbotlangan;
turkiy tarixiy matnlar – mumtoz yodnomalarni aniq o‘qish, to‘g‘ri tabdil qilish ularning uzual va konnatativ ma’nolarini asosli talqin qilinishida ahamiyatli ekanligi, shu orqali ayrim noqisliklarning oldini olish mumkinligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. As’ad afandining “Lahjatu-l-lug‘ot” asari leksikografik xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Lahjatu-l-lug‘ot”ning so‘z boyligi va mavzu ko‘lami tahlili xulosalaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-martdagi “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi 238-sonli qarorining 3ᵇ-bandining ijrosi sifatida 2019-yilda nashr qilingan Ogahiy asarlari to‘plamining 2- va 3-jildlarini nashr qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2022-yil 20-maydagi 01-03G‘695-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur jildlardan o‘rin olgan tarixiy asarlarning oldingi nashrlarida kuzatilgan xatoliklar bartaraf etilgan, ayrim so‘zlar ma’no va izohiga oydinlik kiritilib, nashr sifati oshishiga erishilgan;
“Lahjatu-l-lug‘ot”ning o‘zbek tili tarixi matnlari tabdilidagi ahamiyati yuzasidan chiqarilgan xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-martdagi “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi 238-sonli qarorining 3ᵇ-bandining ijrosi sifatida 2019-yilda nashr qilingan Ogahiy asarlari to‘plamining 6- va 9-jildlarini nashr qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2022-yil 20-maydagi 01-03/696-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur jildlardan o‘rin olgan “Gulshani davlat” tarixiy asari, “Guliston” (Sa’diyning shu nomli tarixiy asari tarjimasi), “Haft paykar” (Nizomiyning shu nomli asari nasriy tarjimasi) asarlari nashr saviyasi ortib, “Gulashi davlat”ning birinchi marta to‘liq tabdil qilinishi hamda qayd etilgan ikkita tarjima asarning ilgarigi nashrlaridagi kamchiliklari tuzatilishiga erishilgan;
o‘zbek tarixiy matnlari lingvopoetikasi tadqiqida “Lahjatu-l-lug‘ot”ning o‘ziga xos manba ekanligi antonim, sinonim, omonim, uyadosh so‘zlarning badiiylik yaratishdagi imkoniyatlari va tazod, tamsil, tarse’, ishtiqoq, tanosub, tavze’, tashbeh, tashobih ul-atrof kabi Sharq falsafasining murakkab atamalari hamda kamdan kam o‘quvchilar anglaydigan istilohlarga asoslanuvchi badiiy san’atlarni izohlash orqali isbotlanganligi xususidagi takliflar Xorazm teleradiokompaniyasining “Assalom, Xorazm”, “Tilimizni o‘rganamiz” ko‘rsatuvlarida o‘zbek tilining lug‘at tarkibi, ayniqsa, uning tarixiy taraqqiyoti va mazmun-mohiyatini shakllantirishda foydalanilgan (Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining 2022-yil 15-sentyabrdagi 1080-son maʼlumotnomasi). Natijada adabiy-badiiy, maʼnaviy-maʼrifiy dasturlarda tarixiy leksikaning ahamiyati va o‘ziga xosliklari kengroq ochib berilgan;
lug‘at matnining lotin alifbosi asosidagi yozuvda yaratilgan elektron shakli va transliteratsiya qilingan nusxasidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi madaniy meros agentligi Ichan-Qal’a davlat muzeyi qo‘riqxonasi tomonidan muzeylar fondida saqlanayotgan eksponatlar ilmiy pasportini yozishda, shuningdek, fondda saqlanayotgan qo‘lyozma manbalar mazmunini bayon qilishda keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi madaniy meros agentligi Ichan-Qal’a davlat muzeyi qo‘riqxonasining 2023-yil 19-apreldagi 01-01/211-son maʼlumotnomasi). Natijada gid-yo‘lboshchilari o‘zbek tili tarixiy leksikasi bilan bog‘liq jihatlarni sayyohlarga esda qolarli darajada oson etkazish va anglatish usullaridan foydalanishiga erishilgan.
   

Yangiliklarga obuna bo‘lish