Hasanova Lobar Yusuf qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Amidaza produsenti bo‘lgan bakteriya shtammini ajratib olish va tavsiflash», 03.00.04–Mikrobiologiya va virusologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/V777.
Ilmiy rahbar: Davranov Qaxramon Davranovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.V.38.01.
Rasmiy opponentlar: Shakirov Zair Saatovich, biologiya fanlari doktori, professor; Umarova Gulbaxor Bazarboevna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Bioorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: amidaza produsenti bo‘lgan bakteriya shtammini ajratib olish, tavsiflash va amidlar biotransformatsiyasi jarayonida qo‘llash sharoitlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonda Rhodococcus avlodiga mansub amidaza fermenti sintez qiluvchi mahalliy Rhodococcus sp.-3/4/3 bakteriya shtammi ajratib olingan hamda morfologik-kultural, fiziologik-biokimyoviy va molekulyar-genetik xususiyatlarini aniqlash asosida Rhodococcus ruber turiga mansubligi aniqlangan;
shtammning amidaza fermenti sintez qilishi, indusibellik mexanizmi asosida o‘tishi aniqlangan va bu fermentni formamidaza/atsetamidaza (FmdA_AmdA) metallofermentlar oilasiga mansub emasligi va induktor sifatida ozuqa muhitiga atsetamid qo‘shilganda, ferment faolligini 2 marotaba oshganligi (1,5-2,0 bir./mg) isbotlangan;
Rhodococcus ruber-3/4/3 shtammi sintez qiladigan amidaza fermentining nitrilgidrataza-amidaza fermentativ sistemasiga ega emasligi, faqat amidaza faolligidan iborat ekanligi asoslangan;
akrilamidni akril kislotasiga fermentativ konversiya qilishning optimal sharoitlari tanlangan: bunda reaksion muhit harorati 20-35 oS, biomassa miqdori 1,5-20,0 mg/ml, substrat konsentratsiyasi 0,5-3,0% va buferning rN ko‘rsatkichi 6,0-8,0 bo‘lgan sharoitlarda sinalib, reaksion muhitning harorati 30 oS, biomassa miqdori 6,0 mg/ml, akrilamid miqdori 0,5% va rN ko‘rsatkichi 7,0±0,5 bo‘lganda 100% konversiya darajasiga erishish mumkinligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Faol amidaza produsenti bo‘lgan mahalliy Rhodococcus ruber-3/4/3 shtammini ajratib olish va tavsiflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Navoiyazot” AJning oqava suvlarni tozalash inshooti loyqasi namunasidan faol amidaza produsenti Rhodococcus ruber–3/4/3 bakteriya shtammi ajratib olingan va uning 16S rRNK geni nukleotidlar ketma-ketligi aniqlanib, National Center for Biotechnology Information (NCBI) ma’lumotlar bazasida tegishli raqam bilan (OQ 676950.1) ro‘yxatdan o‘tkazilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 5 apreldagi 4/1255-708-son ma’lumotnomasi). Natijada, Rhodococcus ruber–3/4/3 shtammi biotexnologik usullar yordamida akrilamiddan akril kislotasini sintez qilishda istiqbolli shtamm sifatida foydalanish imkonini bergan;
Rhodococcus ruber 3/4/3 shtammidan MRB-2021-528 raqamli “Atrof muhitni tozalash uchun yangi biopreparatlarni yaratish maqsadida surfaktant hosil qiluvchi superprodusent – mikroorganizmlarning sanoat shtammlarini olish” amaliy loyihasida amidaza produsenti sifatida, akrilamidni akril kislotasiga konversiya darajasi aniqlash hamda biotransformatsiya qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 22 iyundagi 4/1255-1358-son ma’lumotnomasi). Natijada, Rhodococcus ruber – 3/4/3 shtammi yordamida akrilamiddan akril kislotasi olish biotexnologiyasini ishlab chiqish imkonini bergan.