Djumaniyazov Djavoxir Azatbaevichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Portal genezli qizilo‘ngach-oshqozon qon ketishlarda yashovchanlik darajasini baholash bilan endoskopik texnologiyalarni takomillashtirish», 14.00.27–Xirurgiya (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Tib408.

Ilmiy rahbar: Babadjanov Azam Xasanovich, tibbiyot fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.

Rasmiy opponentlar: Akilov Xabibulla Ataullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xakimov Murad Shavkatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Qozon davlat Tibbiyot akademiyasi qo‘shimcha kasbiy ta’lim davlat byudjet ta’lim muassasasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: qizilo‘ngach va oshqozon varikoz kengaygan venalaridan qon ketish bilan asoratlangan portal gipertenziyali jigar sirrozi bilan bemorlarda taktik-uslubiy jihatlarni takomillashtirish va davolash-profilaktika chora-tadbirlari kompleksini optimallashtirish asosida endoskopik davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarda qizilo‘ngach-oshqozondan qon ketishning umumklinik, instrumental hamda qizilo‘ngach-oshqozonning gistokimyoviy va morfometrik tekshiruvlarni o‘z ichiga oluvchi asosiy xavf omillari asoslangan;

qizilo‘ngach va oshqozon varikoz kengaygan venalaridan qon ketish profilaktikasi hamda davolashda endoskopik gemostazning turli usullarini qo‘llash ahamiyati aniqlangan va uning samaradorligi isbotlangan;

portosistem shuntlashdan avval va keyin endoskopik gemostaz qo‘llanishining maqsadga muvofiqligi va samaradorligi baholangan;

jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarda qizilo‘ngach va oshqozon varikoz kengaygan venalaridan endoskopik amaliyotlarning turli variantlarini qo‘llashning yangi taktik jihatlari tavsiya etilgan;

jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarda qizilo‘ngach va oshqozon venalarida varikoz kengayish natijasida qon ketish bilan asoratlangan bemorlarda endoskopik gemostazning turli variantlaridan so‘ng uzoq muddatdagi natijalar va kumulyativ yashab qolish darajasi baholangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Portal gipertenziyali jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarni davolash natijalarini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

«Portal genezli qizilo‘ngach-oshqozon qon ketishlarda davolash taktikasini tanlash» dasturi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 2 apreldagi 8n-d/67-son ma’lumotnomasi). Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarda qizilo‘ngach va oshqozon venalarining varikoz kengayishi natijasida qon ketishini to‘xtatish va davolash dasturining tatbiq etilishi yaqin muddatda qon ketish residivlari xavfini 16,4%dan 4,2%gacha kamaytirish va jigar etishmovchiligining zo‘riqish xavfini 21,6%dan 14,9%gacha kamaytirish imkonini bergan;

«Portal genezli qizilo‘ngach-oshqozon qon ketishlarda endoskopik texnologiyalar» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 2 apreldagi 8n-d/67-son ma’lumotnomasi). Tavsiyalarga binoan portal gipertenziyali jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarni davolash taktikasini optimallashtirish, operatsiyadan keyingi asoratlar sonini va qizilo‘ngachdan qon ketish residiv xavfini kamaytirish imkonini bergan;

portal gipertenziyali jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarni tashxislash va davolash sifatini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyati filiallariga (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 2 apreldagi 8n-d/67-son ma’lumotnomasi) tatbiq etilgan. Tadqiqotdan olingan natijalar portal gipertenziyali jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlarni tashxislash sifatini yaxshilash, qizilo‘ngachdan qon ketish residivlari xavfini 30,1%dan 19,5%gacha kamaytirish, kasalxonadagi o‘lim ko‘rsatkichini 20,3%dan 7,0%gacha pasaytirish va umuman olganda davolashning umumiy samaradorligini 77,2%dan 91,6%gacha yaxshilash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish