Karimova Anora Baxtierovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Avtomobil yo‘llaridagi uzlyuksiz temirbeton ko‘prik va yo‘lo‘tkazgichlarning zilzilabardoshligi”, 05.09.02 – “Geotexnika” (Ko‘priklar, transport tonnellari va metropolitenlar) (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T3396.
Ilmiy rahbar: Shermuxamedov Ulugbek Zabixullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.15/31.08.2022.T.73.04 raqamli Ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Sharafitdin Sayfitdinovich, texnika fanlari doktori, professor; Axmedov Sherzod Baxodirovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: “O‘zog‘irsanoatloyiha” AJ instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi. Texnika yo‘nalishi. Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasi seysmik sharoitlarida haqiqiy zilzila yozuvlari asosida avtomobil yo‘llaridagi uzlyuksiz temirbeton ko‘prik va yo‘lo‘tkazgichlarning zilzilabardoshligini ta’minlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
– haqiqiy zilzilalarning instrumental yozuvlari bo‘yicha gruntda tarqalayotgan uch komponentli seysmik to‘lqinlar ta’sirini hisobga olgan holda uzlyuksiz temirbeton ko‘prik va yo‘lo‘tkazgichlar fazoviy konstruksiyalarining sonli hisoblash usuli takomillashtirilgan;
– chekli elementlar va chekli ayirmalar usullari asosida haqiqiy zilzila yozuvlarini qo‘llagan holda dinamik yuk ostidagi ko‘prik konstruktiv elementlarining bo‘ylama va vertikal siljishlari hamda maksimal normal kuchlanishlari matematik ifodalar yordamida aniqlangan va ilmiy asoslangan;
– spektral nazariya va zilzilalarning haqiqiy yozuvlari asosida avtomobil yo‘llaridagi uzlyuksiz temirbeton ko‘prik va yo‘lo‘tkazgichlar seysmohimoyaviy tayanch qismlarining parametrlarini tanlash va ularning tebranishlarini so‘ndirishga ta’sirini baholash usuli Midas Civil va ShARK dasturlaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan;
– O‘zbekiston Respublikasi seysmik sharoitlarini hisobga olgan holda to‘sinli-uzlukli va to‘sinli-uzlyuksiz statik sxemali ko‘prik va yo‘lo‘tkazgichlarning foydalanish davridagi xarajatlari texnik-iqtisodiy qiyoslanishi natijasida uzlyuksiz temirbeton ko‘priklarning samaradorligi va ishonchliligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Avtomobil yo‘llaridagi uzlyuksiz temirbeton ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlarning zilzilabardoshligini ta’minlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
“Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasining qurilish hududi (Samarqand shahridagi M39 avtomobil yo‘lining 1083-km) dagi monolit yo‘lo‘tkazgichni loyihalash va qurish jarayonida haqiqiy zilzila yozuvlari asosida seysmohimoyaviy tayanch qismlarning parametrlarini tanlash orqali uning seysmik mustahkamligi ta’minlangan hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish” tresti UK da joriy qilingan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2023 yil 17 yanvardagi 01/182-23-son ma’lumotnomasi). Natijada, haqiqiy zilzila yozuvlaridan foydalanib, avtomobil yo‘llaridagi uzlyuksiz temirbeton ko‘prik va yo‘lo‘tkazgichlarni seysmik mustahkamligini hisoblash hamda seysmohimoya vositalarining parametrlarini to‘g‘ri tanlash orqali nafaqat ko‘prikning ekspluatatsiya jarayonida ishonchliligini kafolatlash, balki yig‘ma ko‘priklarga qaraganda 10 va 20 yillik ekspluatatsiya harajatlarini mos ravishda 1.36 va 2.87 barobar kamaytirish imkonini bergan. To‘sinli-uzlukli va to‘sinli-uzlyuksiz statik sxemali yo‘lo‘tkazgichlar uchun 50 yil davomida prognoz qilingan ekspluatatsiya sarf-xarajatlari uzlyuksiz temirbeton variantida har yili 435 803 803 so‘m tejalishini ko‘rsatgan;
O‘zbekiston Respublikasi seysmik sharoitlarida uzlyuksiz temirbeton ko‘priklarning seysmohimoyaviy tayanch qism konstruksiyalari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish” tresti UKda joriy qilish uchun qabul qilingan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2023 yil 17 yanvardagi 01/182-23-son ma’lumotnomasi). Natijada, seysmohimoyaviy tayanch qismlari parametrlarini to‘g‘ri tanlash orqali konstruksiyaning kuchlanish-deformatsiyalanish holatini oldindan baholash hamda oraliq qurilmalarda energiyani yo‘qotilishi hisobiga kuchlanishlar chap oraliqdagiga nisbatan 1,5 va 4 barobar (tegishlicha, o‘rta oraliqda – 1.1614 MPa, o‘ng oraliqda – 0.41634 MPa) kamayishi tufayli yo‘lo‘tkazgichning seysmik mustahkamligi ta’minlangan.
Ko‘prik inshootlarining konstruktiv echimlari va ishlab chiqilgan usulni loyihalash amaliyotiga tatbiq etilishi natijasida 50 yil davomida foydalanish xarajatlarini 3,43 barobarga qisqartiradi. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining ko‘priksozlik sanoatini rivojlanishiga kumulyativ samara bergan.